YOSH O‘QITUVCHINING KATTA YUTUQLARI

Туман янгиликлари

Inson o‘z hayoti davomida hamisha ezgu orzular og‘ushida yashaydi, ana shu orzular manziliga yetmoq uchun intiladi, izlanadi, gohida mashaqqatlar chekadi, sinovlarda toblanadi. Hayot sinovlari, mashaqqatlarini iroda kuchi bilan yengib o‘tish esa hammaning ham qo‘lidan kelavermaydi. Agar ta’bir joiz bo‘lsa, Sherzod Ashirov yosh bo‘lsa-da, o‘zini hayotning ana shunday sinovlariga shaylagan, mehnat qilishdan, o‘qib-izlanishdan aslo charchamaydigan, hatto mehnatsiz o‘tgan kunini  umr hisobiga qo‘shmaydigan bilimdon va mahoratli o‘qituvchilardan.

Sherzod juda yoshligidan, hali tengqurlari ko‘cha changitib, kun bo‘yi o‘yin bilan mashg‘ul bo‘lib yurishganida kitobga, o‘qishga ixlos qo‘ydi. Aqlni charxlovchi shaxmat o‘yinida oilada chempion, maktabda hammadan birinchi edi. Nukus davlat pedagogika instituti qoshidagi Amudaryo akademik litseyini aniq fanlar yo‘nalishi bo‘yicha tugatgan Sherzod Ashirov hech ikkilanmay hujjatlarini Qoraqalpoq davlat Universitetining matematika fakultetiga topshirdi. Sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tib, davlat granti asosida o‘qishga qabul qilingan Sherzodjon to‘rt yil davomida mamematika fanini chuqur o‘zlashtirdi.

O‘qish jarayonida o‘zining innovatsion loyihalari, teran fikri bilan ustozlari e’tiborini qozondi. Universitet magistraturasida qolish taklifini bildirishganida esa  ustozlariga o‘zi tug‘ilib-o‘sgan tumanda ishlash, yosh avlod ta’lim-tarbiyasi sohasiga  munosib hissa qo‘shish istagini bildirdi.

Universitetni tugatgan 2017 yildanoq ilk mehnat faoliyatini boshlagan Sherzod Ashirov o‘zi mehnat qilayotgan 16-sonli ixtisoslashgan davlat umumta’lim maktabi pedagogika jamoasining ishonchiga sazovor bo‘ldi.

Ta’lim sohasidagi ijobiy o‘zgarishlarni o‘z faoliyatiga tatbiq etishni rejalashtirgan yosh pedagog 2017-2018 o‘quv yilining ikkinchi yarmidan tumandagi 40-sonli umumta’lim maktabida matematika  fani o‘qituvchisi sifatida faoliyatini  davom ettirdi. O‘tgan qisqa fursat ichida o‘z shaxsiy fikriga, mutaxassisligi bo‘yicha yuqori bilim va  malakaga ega Sherzod Ashirov maktabda matematika fanini o‘qitish bo‘yicha  yetakchi mutaxassisga aylandi.

2017-2021 yillar davomida  maktab bitiruvchilari orasida aniq fanlar bo‘yicha  oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish ko‘rsatkichlari oshdi. Xususan, 2017-2018 o‘quv yilida Sherzod Ashirov tahsilini olgan bitiruvchilardan 14 nafari, 2018 yilda 27 nafari, 2019 yilda 36 nafar, 2020 yilda 48 nafar, 2021 yilda esa uning rahbarligidagi variativ sinfi bitiruvchilaridan 58 nafari oliy ta’lim muassasalari talabasi bo‘lishdi.

O‘quvchilari 2017 va 2020 yillar oralig‘ida “Bilimlar bellashuvi” va fanlar olimpiadasining tuman hamda respublika bosqichlari g‘olibligini qo‘lga kiritishdi. Sherzod Ashirovning o‘zi esa “Yil o‘qituvchisi – 2018” ko‘rik-tanlovida tumanda 1-o‘rin, Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichida 2-o‘rin sohibi bo‘ldi.

2019 yildan esa Sherzod Ashirov Respublika va tuman miqyosida “Xalqaro baholash dasturlari”ni o‘rgatuvchi TESTOLOG va TRENER  o‘qituvchi, sifatida ham faoliyat olib bormoqda. shuningdek, 2020 yilda o‘tkazilgan “Matematikadan o‘qituvchilar olimpiadasi”da Qoraqalpog‘iston Respublikasida 4-o‘rinni egallab, Respublika bosqichiga yo‘llanma oldi.

- Ko‘pchilik ota-onalar farzandlarini repetitorlik o‘quv markazlariga olib borishadi, - deydi Sherzod variativ sinfda dars o‘tish uslubi haqida so‘zlarkan. – Agar farzandim yaxshi bilim olsin, deyishsa, o‘quvchiga variativ o‘quv yo‘nalishi eng yaxshi tanlov. Chunki o‘quvchi variativ sinfda erkin, o‘zi xohlagan fanini qiziqib o‘rganadi va tez o‘zlashtiradi. Qolaversa, o‘zi ta’lim olayotgan maktabda, qadrdon sinfdoshlari davrasida ta’lim oladi, vaqtdan yutqazmaydi.

Yangi 2021-2022 o‘quv yilini ko‘tarinki kayfiyatda boshlagan yosh o‘qituvchi o‘z yutuqlari va tajribalari bilan ko‘plarga namuna, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test Markazining umumta’lim fanini bilish darajasi to‘g‘risidagi sertifikatiga ega Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi yagona matematika fani o‘qituvchisi. Variativ o‘quv rejasi asosida dars o‘tish bo‘yicha 1-toifaga ega Sherzod Ashirov ushbu sertifikat sohibi sifatida 2021-2022 o‘quv yilidan 100 foiz ustama olish huquqini qo‘lga kiritdi.

Endigina 27 yoshga qadam qo‘ygan Sherzod Ashirov oilada mehr-oqibatli farzand, oilaparvar umr yo‘ldoshi, Mustafo ismli shirintoy o‘g‘ilning sevimli dadasi. Rafiqasi Inobat Arslonova ham matematika va informatika fani o‘qituvchisi. U ham 40-sonli maktabda o‘quvchi-yoshlarga ta’lim-tarbiya berishdek sharafli ishda Sherzodga yelkadosh va fikrdosh.

Sherzod Ashirovni o‘z sohasida erishayotgan havasga munosib yutuqlari hamda 1 oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan chin dildan tabriklaymiz. Yuksak iqtidor sohibi bo‘lgan bu yosh o‘qituvchiga g‘ayrat va shijoat tilaymiz.

Robiya YO‘LDOSHЕVA.