Bugungi kunda mamlakatimizda ta’lim-tarbiya tizimining sifati va samaradorligini oshirish, bog‘cha tarbiyalanuvchilari, o‘quvchi va talaba yoshlarda zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni shakllantirish, ta’lim tizimlari hamda ilm-fan sohasi o‘rtasida yaqin hamkorlik va integratsiyani, ta’limning uzviyligi va uzluksizligini ta’minlash borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, ta’lim-tarbiya va ilm-fan sohalarini yanada takomillashtirish, jamiyatimizda o‘qituvchi va pedagog xodimlar, ilmiy va ijodkor ziyolilarga bo‘lgan hurmat-e’tiborni yanada oshirish, o‘quvchilarning kasbiy mahoratini rivojlantirish, tizimda xususiy sektor ishtirokini kengaytirish borasida samarali ishlar qilinmoqda.
Amudaryo tumani Xalq ta’limi bo‘limi bugungi kunda mamlakatimizda ta’lim-tarbiya sohasi rivojini yanada jadallashtirish yuzasidan olib borilayotgan chora-tadbirlar ijrosini ta’minlash borasida samarali faoliyat yuritmoqda.
Hozirda tuman Xalq ta’limi bo‘limiga qarashli jami 86 ta ta’lim muassasasi mavjud bolib, shundan 82 ta umumta’lim maktablari, 1 ta boshlang‘ich maktab, 2 tasi ixtisoslashtirilgan maktab, 1 ta “Barkamol avlod” maktabi faoliyat olib bormoqda. Ularda jami 4206 nafar o‘qituvchilar farzandlarimizga ta’lim-tarbiya berib kelmoqda.
O‘qituvchilarning 68,4 foizi ayol o‘qituvchilar bo‘lib, jami pedagog xodimlarning 123 nafari oliy toifali, 511 nafari birinchi toifali, 1114 nafari ikkinchi toifali, 1873 nafari mutaxassis o‘qituvchilardan iborat.
Joriy yilda umumta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash borasida samarali ishlar qilinmoqda. Investitsiya dasturiga binoan 35-sonli maktabda 4 mlrd. 667 mln. so‘mlik kapital rekonstruksiya va mukammal ta’mirlash ishlari, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlariga binoan 5 ta maktablarda 9 mlrd. 842 mln. so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari, mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan 28-sonli umumta’lim maktabida 609 mln. so‘mlik joriy ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Ayni paytda tumanimizda faoliyat yuritayotgan barcha umumta’lim maktablarida zamon talablariga mos ravishda ta’lim berish uchun barcha sharoitlar yetarli.
Tuman Xalq ta’limi bo‘limi tomonidan yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik yuzasidan samarali ishlar tashkil etildi. Yangi 2021-2022 o‘quv yili hamda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari bo‘yicha 65 ta ta’lim muassasalariga rejadagi 1675 tonna ko‘mir mahsulotlari to‘liq yetkazib berildi. Umumta’lim maktablari yangi o‘quv yiliga tayyor holatga keltirildi.
2020-2021 o‘quv yilida 30-sonli va 40-sonli umumta’lim maktablari Xalqaro tadqiqotlarga yo‘naltirilgan tayanch maktab qilib belgilanib, o‘quv yili boshida barcha maktablardan 2 nafardan trener-o‘qituvchilar tayyorlandi. Xalqaro tadqiqotlarga yo‘naltirilgan tayanch maktablarning ularga biriktirilgan maktablar bilan ishlash mexanizmi ishlab chiqildi hamda seminar-treninglar tashkil etildi.
Umumta’lim maktablarini 2020-2021-o‘quv yilida jami 2978 nafar o‘quvchi 11-sinfni bitirgan bo‘lib, 9 nafar bitiruvchilarimiz oltin, 8 nafar bitiruvchilarimiz kumush medal bilan muvaffaqiyatli tamomladilar. Sohada tashkil etayotgan samarali ishlar natijasida umumta’lim maktablarini tamomlagan yoshlarimizning oliy ta’limda o‘qishga qiziqishlari yildan yilga ortib bormoqda.
Joriy yilgi bitiruvchi o‘quvchilardan 2103 nafari oliy ta’lim muassasalariga hujjat topshirgan bo‘lsa, ularning 574 nafari kirish imtihonlarida yuqori natijalarni qo‘lga kiritib, oliy ta’limda o‘qish hamda talaba bo‘lish baxtiga muyassar bo‘lishdi.
Bunday natijaga erishishimizda, shubhasiz, ta’lim maskanlarida mashaqqatli mehnat qilayotgan ustoz va murabbiylarimizning hissasi beqiyos. Shu fursatdan foydalanib, mashaqqatli va sharafli kasb egalari - ustoz va murabbiylarni yaqinlashib kelayotgan 1 oktabr – kasb bayramlari bilan samimiy muborakbod etamiz!
Akmal Ismailov, tuman Xalq ta’limi bo‘limi mudiri.