KUNIGA 200 MING SO‘M DAROMAD QILADIGAN 14 YOSHLI HUNARMAND QIZ

Туман янгиликлари

Tumanimizdagi umumta’lim maktablarida 5 ta muhim tashabbus doirasidagi belgilangan vazifalarni amalga oshirish borasida manzilli ishlar amalga oshirilmoqda.

Bu borada Amudaryo tumanining Bo‘z solma mahallasi hududidagi 70-sonli umumta’lim maktabida amalga oshirilayotgan ishlar e’tiborga munosib. Ayniqsa, maktabning 9-sinf bitiruvchilari ishtirokida kasbga yo‘naltirish bo‘yicha tashkil etilayotgan targ‘ibot tadbirlari o‘zining ijobiy natijasini bermoqda.

Bunda mahallada istiqomat qiluvchi hunarmand-usta Rasul aka Xo‘jayevning hissasi katta. Tunukasozlik va kandakorlik yo‘nalishi bo‘yicha oilaviy tadbirkorligini yo‘lga qo‘ygan hunarmand-usta  nafaqat o‘z farzandlari, balki 70-sonli umumta’lim maktabining 9-sinf bitiruvchi yoshlariga ham hunarmandchilikning nozik sirlarini o‘rgatib kelmoqda.

Shunisi e’tiborga loyiqki, Rasul Xo‘jayevning hali 14 yosh bo‘lgan qizi Sevinchoy Xolboyeva allaqachon ota kasbini puxta o‘zlashtirib olgan. U kandakorlik asbob-anjomlarini mohirlik bilan ishlatib, o‘zi mustaqil ravishda qadimiy hunarmandchilik an’analari asosida mis qumg‘onlarni yasab, hatto jimjimador bezaklar bilan bezatib, ichki bozorga olib chiqmoqda. Shu bilan birga, tunukasozlik hunariga qiziquvchi maktabdoshlariga o‘zi egallagan hunar sirlarini qunt bilan o‘rgatmoqda.

Rasul akaning o‘g‘li Ruslanbek Xolboyev 7-sinfda, qizi Sevinchoy Xolboyeva esa 8-sinfda o‘qishadi. 13 yoshli Ruslanbek o‘qishdan bo‘sh paytlari otasiga yordam bersa, Sevinchoy ikki yildan beri mustaqil faoliyat olib boradi. Sevinchoy hozir 14 yoshda. Hunarmandchilikni otasidan 2 yilda to‘liq o‘rganib olgan Sevinchoyning aytishicha, sohaga qiziqish 6-7 yoshlarida boshlangan.

– Otamga 6 yoshimda shogirdlikka tushganman. Oxirgi ikki yilda sohani aniq o‘rganishga kirishdim. Boshida 2-3 oygacha shunchaki jarayonni kuzatib yurdim. Keyin nimadir yasashga o‘tdim. Ochig‘ini aytaman, uch-to‘rt urinishlardan keyingina ishim o‘xshashni boshladi. Ungacha ancha metall bo‘laklarini yaroqsiz qilib qo‘yganman, – deydi Sevinchoy Xolboyeva.

Yosh hunarmand qiz ikki yildan beri mustaqil faoliyat olib boradi. Sevinchoy hozirda 20 ga yaqin uy-ro‘zg‘or buyumlari va tunuka ishlab chiqarmoqda. U o‘ziga uy ichida alohida ustaxona ochib olgan. Otasi Rasul akaning aytishicha, qizi ishlayotgan paytda hech kim bezovta qilishi mumkin emas. Sevinchoy bir o‘zi, mustaqil ishlashni yaxshi ko‘radi.

Hunarmand qiz Sevinchoyning aytishicha, kunlik daromadi 100-150 ming so‘m atrofida. O‘qish bo‘lmagan kunlari bu raqam 200 ming so‘mgacha yetishi ham mumkin ekan. U ertalab soat 5:00da turishga odatlangan. Birinchi qiladigan ishi ustaxonasini ochib, tozalash bo‘ladi. Kun davomida uy ishlari va o‘qishdan ortib, soat tungi 24:00 gacha ishlashi ham mumkin.

Usta-hunarmand Rasul Xo‘jayevning xonadonidan bo‘zsolmalik yoshlarning aslo qadami uzilmaydi. Bo‘sh vaqtlarida hunar o‘rganishni xohlovchi ovul yoshlari, shu bilan birga 70-sonli maktab o‘quvchilari Diyorbek Tojiboyev, Saidjon O‘rozmetovlar Rasul Xo‘jayevning ustaxonasiga tez-tez kelishib, Rasul aka va uning umr yo‘ldoshi Oysulton opa Boymanova hamda ularning hunarmand qizi Sevinchoyning uy-ro‘zg‘or buyumlarini yasashlarini diqqat-e’tibor bilan kuzatishadi va zarur maslahatlar olishadi.

Xalqimiz tomonidan: “Hunarmandning rizqi baland”, “Hunarli inson xor bo‘lmas”, degan hikmatlar bejizga yaratilmagan.  Inson hayotda qo‘lidagi jamiki moddiyatlardan bir zumda ayrilishi mumkin. Lekin egallagan kasb-kori, ilm-u hunari uning ham umrini, ham qalbini bezaydi, rizq-u nasibasini butun qilib, hayotiga ko‘rkamlik baxsh etadi. Bo‘zsolmalik hunarmand-usta Rasul aka Xo‘jayev yoshlarga bu haqda gapirib, pand-nasihat qilishdan aslo charchamaydi. Chunki bir kishiga hunarini o‘rgatgan insonga Alloh o‘nta savob ato etadi, deydilar. Zero, savobli ishlar el-yurtga fayz, ko‘ngillarga xotirjamlik va shodlik bag‘ishlaydi.

Robiya YO‘LDOSHЕVA.