Amudaryo tumanidagi 76-sonli umumta’lim maktabining o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Farhod Shukurlayevning 2 nafar farzandi Prezident maktabida ta’lim olmoqda. Birinchi farzandi Ilyasbek Shukurullayev Prezident maktabi ochilgan 2019-2020 o‘quv yilida qabul kommissiyasi sinovlaridan muvaffaqiyatli natijalar bilan o‘tib, 6-sinfga qabul qilingan edi. Bugungi kunda Ilyasbek 8-sinfda ta’lim olmoqda.
Akasining izdoshi sifatida qizi Oydinoy Shukurullayeva ham 5-sinfni tugatib, 2021-2022 o‘quv yili qabul kommissiyasi sinovlaridan muvoffaqiyatli natijalar bilan o‘tib, Prezident maktabining 6-sinfiga qabul qilindi.
Farhod Shukurullayev farzandlarining bu muvoffaqiyatlarida 26-sonli maktab pedagogika jamoasi va fan o‘qituvchilarining hissasi katta ekanligini e’tirof etib, ulardan juda minnatdor ekanligini yashirmaydi. Hazil aralash: “Onasining mehnati ko‘p”, deb fahrlanib qo‘yadi.
Albatta, farzandlarining bu yutug‘ida 26-sonli umumtalim maktabi boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari Feruza Matqurbanova, Nasiba Kamolova, geografiya fani o‘qituvchisi hamda sinf rahbari Davron Qo‘shayev, matematika fani o‘qituvchisi Azizbek Boltabayev, ingliz tili fani o‘qituvchilari Fazilat Olimova va Sabohat Qo‘shayeva, Muhabbat Bobojanovalarning mehnatini alohida tilga oladi.
Ayniqsa, maxsus ravishda xalqaro dasturlar doirasida qo‘shimcha mashg‘ulotlar tashkil qilib, Ilyasbek va Oydinoyga alohida darslar olib borgan 76-sonli maktabning yosh matematika fani o‘qituvchisi Shahboz Qurbanboyev va ingliz tili fani o‘qituvchisi Munojot Davletovalarning fidoyiliklari tufayli bir oilaning ikki farzandi Prezident maktabi o‘quvchisi bo‘lishdi.
Bugungi kunda mamlakatimizda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash doirasida olib borilayotgan davlat siyosatining oiladagi roli juda muhimligini anglab yetgan onasi Nasiba Shukurlayeva farzandlarining ta’lim-tarbiyasi bilan muntazam shug‘ullanib kelgani uchun bolalar juda yoshligidan o‘zlari uchun eng to‘g‘ri yo‘l ilm olish ekanligini anglab yetishdi. Ota-ona sifatida farzandlariga zarur shart-sharoit yaratib berib, g‘amxo‘rlik qilgan Farhodjon bilan Nasibaxonning quvonchlari cheksiz.
Ravshan XOLMURODOV, tuman XTB ta’lim sifati monitoringi bosh-inspektor metodisti.