Ijtimoiy tarmoqlarda “Amudaryolik otaxon tumandagi rahbarlarning ko‘zbo‘yamachiliklarini ochib tashladi” sarlavhasi ostida tarqatilgan videolavha Amudaryo tumani hokimligi va tegishli sohalar mas’ullari tomonidan o‘rganib chiqildi.
Videomurojaatda tumandagi ichki xo‘jalik yo‘llari yaroqsiz holda ekanligi, aholi va qishloq xo‘jaligini suv bilan ta’minlashdagi muammolar, narx-navoni nazorat qilish, dam olish maskanlari, bolalar maydonchalarini barpo etish, aholini ko‘mir bilan ta’minlashdagi muammolar, tumanda g‘isht zavodlari yo‘qligi, transformatorlarning etishmasligi, notarial idorada navbatning ko‘pligi kabi masalalar yuzasidan shikoyat qilingan.
Shuni aytish kerakki, joriy yilning shu davriga qadar tumandagi 14 ta mahallalarda pudratchi tashkilotlar tomonidan qiymati 5 mlrd 869,1 mln. so‘mlik 3,142 km yo‘llarga asfalt qoplamasi va 33,75 km ichki yo‘llarga tosh yotqizish ishlari bajarilgan. Bu boradagi ishlar maxsus dasturlar asosida, boshqa mahallalarda ham amalga oshiriladi.
Aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash ishlari ham tegishli dasturlarga asosan uzluksiz davom ettirilmoqda. Birgina joriy yil boshidan buyon qiymati 10 mlrd 958,4 mln. so‘mlik 19,3 km ichimlik suvi tarmoqlari tortilgan. Qator suv inshootlari rekonstruksiya qilinib, 4 ta suvni chuchuklashtiruvchi yangi inshootlar qurilgan. Jumur ovul mahallasi aholisi ham kelgusi yillar dasturlari doirasida toza ichimlik suvi bilan ta’minlanishi ko‘zda tutilgan.
Tuman hududida 10 ta transformator punktini yangidan o‘rnatish, 35 ta transformator punktini ta’mirlash, 129 km elektr liniyasini ta’mirlash hamda 15 km elektr liniyasini yangidan tortish ishlari amalga oshirilgan. Jumur ovul mahallasidagi transformator punktlari ham ehtiyojdan kelib chiqqan holda yangisiga almashtiriladi.
Joriy yilgi kuz-qish mavsumi oldidan tumanning qishloq hududlaridagi aholiga 2 ming 428 tonna ko‘mir mahsuloti, xususan, Jumur ovul mahallasida yashovchi aholiga 61 tonna ko‘mir tarqatilgan. Ko‘mir mahsulotlari isitish davri davomida aholining ehtiyojiga qarab yetarli miqdorda yetkazib berilishi ma’lum qilinadi.
Tumanda turli dasturlar doirasida bolalar maydonchalari, sport maydonchalari qurilmoqda. Ayni paytda ovul va mahallarda zamonaviy tipdagi jami 19 ta bolalar maydonchalari mavjud bo‘lib, agar ovul yoki mahallalar hududida mini futbol maydonchalari yoki bolalar maydonchalarini qurishga talabgorlar bo‘lsa, yer maydonlarini tanlash va auksionga qo‘yish, bank krediti olishda amaliy yordam berilishi ma’lum qilinadi.
Videomurojaatda tumanda birorta ham g‘isht zavodi yo‘qligi, pishiq g‘isht boshqa tumanlardan olib kelinishi bayon qilingan. Shuni ma’lum qilamizki, tumanda jami 7 ta g‘isht zavodi faoliyat yuritib kelmoqda.
Vidomurojaatda bayon qilingan baliqchilik xo‘jaligida suv yo‘qligi masalasi o‘rganilganda, tadbirkorning o‘zi baliq ovlash mavsumi oldidan suvni yangilash maqsadida sun’iy hovuzlardagi suvni zovurlarga oqizayotganini ma’lum qildi.
Suv tanqisligi muammosi esa faqat bu mahallada emas, barcha hududlarda kuzatilayotgan bo‘lib, kelgusida ham suv tanqisligidan aziyat chekmaslik uchun quduqlar orqali yer osti suvlaridan foydalanish, tomchilab sug‘orish texnologiyalarini qo‘llash tavsiya qilinadi.
Notarial idoralarda navbatning ko‘pligi masalasi bo‘yicha shuni ma’lum qilamizki, ayni kunda tumanda 2 ta notarial idora faoliyat yuritmoqda. Notarial idoralarda navbat kutmaslik uchun notarius qabuliga onlayn yozilish xizmatidan foydalanish tavsiya qilinadi. Notarius xizmatlaridan foydalanuvchi aholiga qo‘shimcha sharoitlar yaratish choralari ko‘rilishi ma’lum qilinadi.
Tuman hokimligining Axborot xizmati.