Bugungi kunda mamlakatimizda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatini, ayniqsa, o‘rta va quyi bo‘g‘inda huquqiy jihatdan ta’minlash hamda ularga sifatli va professional yuridik xizmat ko‘rsatishga qaratilgan islohotlar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.
Prezidentimizning «2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini «Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida»gi Farmoniga muvofiq davlat organlari va tashkilotlariga markazlashgan yuridik xizmat ko‘rsatish tizimini joriy qilish yuzasidan tizimli ishlar olib borilmoqda. Shu maqsadda qabul qilingan Prezidentning “Davlat organlari va tashkilotlariga yuridik xizmat ko‘rsatish faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda.
Mazkur Qaror bilan 2021 yil 1 oktabrdan boshlab, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar Adliya boshqarmalari huzurida yuridik xizmat ko‘rsatish markazlarini respublikaning barcha tuman va shaharlarida tashkil etish belgilangan.
Joriy yilning 27 sentabr kuni Amudaryo tuman hokimligining majlislar zalida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining mas’ul xodimlari tomonidan davlat budjetidan moliyalashtiriladigan davlat organlari va tashkilotlarining tuman bo‘linmalari rahbarlari hamda mas’ul xodimlari ishtirokida o‘quv-seminari bo‘lib o‘tdi. Seminarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat organlari va tashkilotlariga yuridik xizmat ko‘rsatish faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori mazmun-mohiyati xususida so‘z yuritilib, “E-huquqshunos” elektron tizimi orqali hujjat almashinuv jarayoni ko‘rgazmali tarzda namoyish etildi.
O‘quv-seminarida ta’kidlanishicha, yuridik xizmat ko‘rsatiladigan davlat organlari va tashkilotlari faoliyatini huquqiy jihatdan ta’minlash, davlat tashkilotlariga sifatli va malakali yuridik yordam ko‘rsatish, davlat tashkilotlari xodimlarining huquqiy savodxonligi va huquqiy madaniyatini oshirish, davlat tashkilotlarining mulkiy hamda boshqa huquqlari va qonuniy manfaatlari o‘z vaqtida, har tomonlama va samarali himoya qilinishini ta’minlash, davlat tashkilotlari tomonidan qabul qilinayotgan hujjatlarning qonuniy hamda har tomonlama puxta va sifatli bo‘lishini ta’minlash joylarda tashkil etilayotgan yuridik xizmatlar ko‘rsatish markazlarinining asosiy yo‘nalishlari etib belgilangan.
Shuningdek, 2021 yil 1 oktabrdan boshlab davlat tashkilotlariga yuridik xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq barcha ma’lumot va jarayonlarni to‘liq elektron ravishda yig‘ish, qayta ishlash, tahlil qilish va amalga oshirish imkonini beruvchi “E-huquqshunos” elektron tizimini bosqichma-bosqich joriy etilishi belgilandi.
Qayd etilishicha, “E-huquqshunos” elektron tizimi qator asosiy imkoniyatlarga ega bo‘lib, elektron tizimga ichki buyruq, shartnomalar va boshqa yuridik tusdagi hujjatlarning namunalarini kiritish hamda mavjud hujjatlar loyihalari namunalaridan erkin foydalanish, elektron tizimdan foydalanuvchi tashkilotlar tomonidan shaxsiy kabinetga kirish, har qanday hujjat loyihasi va unga tahliliy materiallarni tayyorlash, qayta ishlash va xulosa olish uchun yuridik xizmatlar ko‘rsatish markazlariga yuborish, markazlarning mas’ul xodimlari tomonidan, tegishli xulosa tayyorlash, hujjatlarni elektron raqamli imzo bilan tasdiqlagan holda, elektron tizimga biriktirish hamda o‘zaro hujjat almashish kabi qator qulayliklar yaratiladi.
O‘quv-seminar davomida ishtirokchilar tomonidan berilgan savollarga batafsil javoblar berildi.
Nilufar Jumaniyozova, tuman Yuridik xizmatlar ko‘rsatish markazi boshlig‘i.