Ota-onamizday aziz, barcha ustozlarga bag‘ishlayman.
Yuragimda ajib hayajon,
Xotiralar dilkash shunchalar.
Chorlayverar bag‘riga hamon,
Bolaligim o‘tgan ko‘chalar.
Bu ko‘chalar aziz, mukarram,
Poyoni yo‘q quvonch makoni.
O‘zligimni aylab muhtaram,
Ulug‘lagan umrim arkoni.
Bu ko‘chalar maktabga eltgan,
Ilm sari chorlagan mayoq.
Qo‘llarimga ilk qalam tutgan
Va qalbimga solgan ishtiyoq.
Ustozlarning izlari qolgan
Ko‘chalardan boraman o‘tib.
Hayotimga yog‘dular solgan,
Ona maktab turganday kutib.
Ko‘z oldimdan bir-bir o‘tadi,
Meni “bolam!” degan chehralar.
Qadamlarim sinfga eltadi,
Yog‘dulardan olib bahralar.
Ustoz kirar sinfga. Vazmin.
Nigohida mehr suvrati.
Dars boshlanar, yuraklar azmi
Kelajakning yorug‘ siyrati.
“Matematik amallar –go‘zal,
She’riyat”, – der Yo‘ldosh muallim.
Kimyo fani azaliy, azal,
Eng bebaho hayotiy ta’lim:
Davriy tizim – sirli xazina,
Barcha unsur unda mujassam.
Formulalar asl ganjina,
Asl nazm ekan, anglasam...
Ana, sinf eshigin ochib,
Kirib kelar Sa’dulla ustoz.
Moziylarni bir-bir uyg‘otib,
Qalmuxanov va Yovmut ustoz.
Davom etar fizika darsi,
Hayotning chin qonunidir u.
Chorsham ustoz boshlagan bahsli,
Mavzularning davomidir bu.
Nyutondan va Gey-Lyussaklardan,
Arximeddan, garchi, o‘zmadik.
Dovon oshdik. Biz yuksaklardan
Nigohimiz aslo uzmadik...
Ana, Ustoz sinfga boqib,
O‘tgan darsni so‘raydi takror.
Adabiyot mag‘zini chaqib,
Bizni sinar Abdulla Qahhor.
Voajab! Qalb nurga to‘ladi,
Dilda mehr, ardoqlar bilan.
Sizni el, xalq izlab keladi,
Ustoz, deya so‘roqlar bilan!
Robiya YO‘LDOSHЕVA.