Muhtaram Prezidentimiz o‘z faoliyatining dastlabki kunlaridanoq yosh avlodni tarbiyalashning birinchi va asosiy bo‘g‘ini bo‘lgan Maktabgacha ta’lim sifatiga, samaradorligiga alohida e’tibor qaratdilar. Mamlakatimizda Maktabgacha ta’lim tizimini zamon talablari darajasiga ko‘tarish, bog‘cha yoshidagi bolalarni tarbiya maskanlariga to‘liq qamrab olish yuzasidan amaliy ishlar boshlab yuborildi.
Tuman Maktabgacha ta’lim bo‘limi tomonidan ham bu borada manzilli ishlar amalga oshirilmoqda.
Ayni paytda tumandagi maktabgacha ta’lim yoshidagi (3-7 yoshli) bolalar 16682 nafarni tashkil qiladi. MTBga qarashli 117 ta maktabgacha ta’lim tashkilotlarining 51 tasi davlat, 4 tasi davlat-xususiy sherikchiligi asosidagi nodavlat MTT, 62 tasi oilaviy maktabgacha ta’lim tashkilotlari hisoblanadi.
Mazkur maktabgacha ta’lim tashkilotlariga 11271 nafar bolalar qamrab olingan bo‘lib, ularda 803 nafar pedagog-xodimlar faoliyat yuritib kelmoqda. Shundan 349 nafari oliy ma’lumotli, 454 nafari o‘rta maxsus ma’lumotli bo‘lib, 725 nafari davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida, 78 nafari nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida faoliyat yuritishadi.
Maktabgacha ta’lim tashkilotlaridan 100 nafar pedagog-xodimlar attestatsiyadan muvaffaqiyatli o‘tib, 16 nafari ikkinchi malaka toifasiga ega bo‘lishdi.
MTTlarning moddiy-texnik bazasi ham mustahkamlanmoqda. Xususan, 51 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari kompyuter texnikasi bilan to‘liq ta’minlangan hamda yuqori tezlikdagi internet tarmog‘iga ulangan.
Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bolalarga ta’lim-tarbiya berish jarayonida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Qarorlari O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligining buyrug‘i, “Ilk qadam” davlat o‘quv dasturi va 6 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan bolalarni maktab ta’limiga tayyorlash bo‘yicha “Ilm yo‘li” variativ dasturi asosida amalga oshirilmoqda.
MTTlarda ta’lim va tarbiyaning samarali shakllari hamda usullarini o‘quv-tarbiya jarayoniga joriy etish maqsadida milliy madaniy-tarixiy qadriyatlarni aks ettiruvchi va bolalikdan kitob o‘qishga qiziqish uyg‘otuvchi o‘quv-metodik, didaktik materiallar, rivojlantiruvchi o‘yin va o‘yinchoqlar, badiiy adabiyotlar bilan ta’minlash maqsadida 42 xildagi jami 4200 to‘plamdan iborat didaktik kartochkalar, 400 ta to‘plam, kichik, o‘rta, katta va tayyorlov guruhlariga mo‘ljallangan mavzuli rejalashtirish ish jurnallari, maktabga chiqadigan 6-7 yoshlilar uchun 5900 dona ish daftarlari, 6 nomdagi 163 ta rus va o‘zbek tilidagi metodik va didaktik qo‘llanmalar, 21 nomdagi 1995 ta har xil plakatlar barcha MTTlarga yetkazib berildi.
Shuningdek, sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish maqsadida maktabgacha ta’lim tashkilotlari xodimlari, hatto 5-6 yoshli bolajonlar o‘rtasida ham sportning shashka, stol tennisi musobakalari tashkil etilib, tarbiyalanuvchilarning asfaltga va qog‘ozga rasm chizish ko‘rik-tanlovlari o‘tkazilib kelinmoqda. Bunday ko‘rik-tanlovlar orqali bolajonlar mustaqil fikrlovchi, o‘z orzusini amalga oshirishda intiluvchan bo‘lib voyaga yetadilar.
Saida Sodiqova,
tuman Maktabgacha ta’lim bo‘limi mudirasi.