Dunyoda shunday kasb egalari borki, ularsiz hayotimizni tasavvur qilish qiyin. O‘qituvchi va murabbiylar haqiqiy ma’noda hayotimiz charog‘bonlaridir. Biz kim bo‘lmaylik, qaysi sohada faoliyat olib bormaylik, barchamizga ustoz va muallimlar ta’lim-tarbiya berishgan.
Xalqimizda "Ustoz otangdek ulug‘", degan so‘z bor. Kimki bu hayotda biror yutuqqa erishsa, kasbidan e’zoz topsa, uning qalbida ustozlariga, birinchi o‘qituvchisiga bo‘lgan hurmat abadiy muhrlanadi.
Yurtimizda 1 oktabr sanasida ushbu sharafli va mashaqqatli kasb egalari yanada e’zozlanib, “O‘qituvchi va murabbiylar kuni” bayrami keng nishonlanadi. Joriy yilda ham butun mamlakatimiz bo‘ylab ushbu ayyom tantanali ravishda nishonlanib, joylarda bayram tadbirlari keng turda davom etmoqda.
30 sentabr kuni Amudaryo tumani Madaniyat bo‘limida ustoz va murabbiylarning kasb bayramlarini munosib nishonlash maqsadida bayram tadbiri tashkil etildi. Bayram tadbirida tumanimizda ta’lim-tarbiya tiziminini yanada rivojlantirishga o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shib kelayotgan, hamkasblariga namuna bo‘layotgan o‘qituvchi va murabbiylar ishtirok etdilar. Tadbirda so‘zga chiqqan tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev mamlakatimizda so‘nggi yillarda ta’lim-tarbiya tizimini yanada rivojlantirish, o‘qituvchi va murabbiylarning jamiyatdagi mavqeyini yanada oshirish borasida tizimli ishlar olib borilayotganligi, ularning samarali faoliyat yuritishlari uchun barcha imkoniyatlar hamda shart-sharoitlar yaratilayotganligini ta’kidlab, ustoz va murabbiylarni kasb bayramlari bilan samimiy tabrikladi.
Ta’kidlash kerakki, muhtaram Prezidentimiz o‘z lavozimiga kirishgan ilk kunlardanoq ta’lim sohasiga katta e’tibor qaratdi. Maktabgacha ta’lim tizimi tubdan isloh qilinib, sohada davlat-xususiy sherikchilik tizimi yo‘lga qo‘yildi, nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyati yo‘la qo‘yildi. Maktab ta’limi ham isloh qilinib, 11 yillik ta’lim tizimi bilan birgalikda Prezident, ijod va ixtisoslashgan maktablar tashkil qilindi. Shuningdek, pedagog kadrlar va xalq ta’limi xodimlarini tayyorlash va qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bayram tadbirida tumanda uzoq yillar davomida xalq ta’limi tizimida faoliyat yuritib kelgan, ko‘p yillik tajribaga ega bo‘lgan faxriy ustozlardan Roziya Qutlimuratova hamda yosh bo‘lishiga qaramasdan katta yutuqlarga erishayotgan o‘qituvchilardan Sherzod Ashirovlar so‘zga chiqib, hamkasblarini bayram bilan tabrikladilar.
Aytish kerakki, bugungi kunda tumanimizda ta’lim sohasi taraqqiyoti yo‘lida mashaqqatli mehnat qilib, yuqori natijalarga erishayotgan, o‘z kasbidan kamol topayotgan o‘qituvchi va murabbiylar safi tobora ortib bormoqda. Bayram tadbirida ana shunday fidoyi, jonkuyar, o‘z kasbiga mas’uliyat bilan yondashib, katta muvaffaqiyatlarga erishayotgan o‘qituvchi va murabbiylarga qator mukofotlar, tuman hokimligi nomidan tashakkurnoma hamda esdalik sovg‘alari tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev tomonidan tantanali ravishda topshirildi.
Xususan, 56-sonli maktabning matematika fani o‘qituvchisi Azimboy Safarboyev hamda 16-sonli maktabning ingliz tili fani o‘qituvchisi Mavluda Niyazovalarga O‘zbekiston Respublikasi “Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoni, 11 nafar o‘qituvchi va murabbiylarga Qoraqalpog‘iston Respublikasi “Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoni, sohada samarali faoliyat olib borayotgan 20 nafar ta’lim-tarbiya fidoyilari va qator o‘qituvchilarga tuman hokimining tashakkurnomasi hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.
Shundan so‘ng bayram tadbiri tuman Madaniyat bo‘limi tomonidan tayyorlangan konsert dasturiga ulandi. Xonandalar tomonidan kuylangan ajoyib kuy-qo‘shiqlar bayramga yanada ko‘tarinki ruh bag‘ishladi.
Tuman hokimligining Axborot xizmati.