28 sentabr kuni Amudaryo tumani 2-sektor hududidagi qator ovul va mahallalarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurori o‘rinbosari Oybek Shomuratov, tuman prokurori Javlon Muftullayevlar sayyor qabul o‘tkazdilar. Sayyor qabulda tumandagi korxona-tashkilotlar rahbarlari, 2-sektorga biriktirilgan ishchi guruh a’zolari, ovul va mahalla fuqarolar yig‘inlari mas’ullari, “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlar hamda aholi vakillari ishtirok etdilar.
O‘rta qal’a ovulida o‘tkazilgan sayyor qabulda aholi tomonidan yo‘llangan 9 ta turli mazmundagi murojaatlar qabul qilindi. Xususan, qabul jarayonida yurtdoshlarimiz tomonidan kurash sport turini rivojlantirish uchun imtiyozli kredit ajratilishida, uyi yoniga ichimlik suvi tarmog‘i tortish va shu hududda bolalar bog‘chasi tashkil etilishida, 64-maktab uchun qo‘shimcha bino qurish, maktab oldidagi yo‘lga piyodalar o‘tish yo‘lagi chizish va yo‘l belgilarining o‘rnatilishida, ichki yo‘llarni ta’mirlash va ichimlik suvi quvurini tortishda, mahalla hududida dorixona tashkil etilishida, elektr energiyasi ta’minotidagi kamchiliklarni bartaraf qilish uchun yangi transformator o‘rnatishda amaliy yordam berishni so‘rab murojaat qilishdi. Murojaatlardagi masalalar tegishli mas’ullar tomonidan o‘rganilib, hal qilishga amaliy yordam beriladigan bo‘ldi.
Shu kabi sayyor qabullar tumanimizdagi Bog‘, Arna bo‘yi, Farovon, Yangiobod mahallarida hamda Amir Temur ovulida ham o‘tkazildi. Xususan, Bog‘ mahallasida o‘tkazilgan aholi bilan ochiq muloqot jarayonida 7 nafar fuqarolar tomonidan murojaatlar yo‘llandi. Jumladan, fuqarolardan Bog‘ yop arna kanalining 2,5 km qismini qazishda, Qilichboy yo‘liga yo‘l belgilari va piyodalar o‘tish joyi belgisini o‘rnatishda, ichki yo‘llarni ta’mirlashda va yangi transformator o‘rnatishda, kredit ajratilishida, qishloq vrachlik punktini qayta tashkil etish va dorixona ochishda amaliy yordam so‘ralgan murojaatlar yo‘llandi. Ushbu murojaatlar ham tegishlicha o‘rganilib, hal etiladigan bo‘ldi.
Shuningdek, Arna bo‘yi mahallasida o‘tkazilgan sayyor qabul jarayonida aholi vakillarinining 15 ta murojaatlari qabul qilindi. Murojaatlardagi masalalar turli yo‘nlishlarda bo‘lib, mahallada yashovchi yurtdoshlarimiz mahalla hududida dorixona faoliyatini yo‘lga qo‘yishda, simyog‘ochlarni almashtirishda, ko‘chasiga elektr energiyasi liniyasi tortishda, O‘rta qal’a ovuliga olib chiqadigan yo‘lni ta’mirlashda, 27-sonli umumta’lim maktabga qadar piyodalar yo‘lakchasini qurishda hamda ushbu maktab oldidagi yo‘lga tosh to‘shash masalasida, ta’lim krediti olishda, 33-sonli bolalar bog‘chasiga ichimlik suvi ta’minotini o‘rnatishda, tadbirkorlik uchun yer maydoni ajratilishida, karate bilan shug‘ullanish uchun sport zali va tatami olishda, uyini ta’mirlashda, chorvachilik bilan shug‘ullanish uchun yer ajratilishida amaliy yordam so‘rab murojaat qilishdi.
Murojaatlardagi masalalarning ba’zilari qabul jarayonining o‘zida tegishli mas’ullarni biriktirgan holda hal etiladigan bo‘ldi. Ijrosi ma’lum vaqt talab etadigan murojaatlar o‘rganilib, ijobiy hal etishlari uchun mutasaddi tashkilotlarga topshiriqlar berildi.
Ulug‘bek Allaberganov, tuman prokurori yordamchisi.