Amudaryo tumanida 2022 yil hosili uchun 344 ta fermer xo‘jaliklari va qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan 6000 gektar maydonga kuzgi bug‘doy ekish rejalashtirilgan bo‘lib, ayni paytda 1-sektor hududidagi xo‘jaliklarda 1610 gektar, 2-sektor hududida 1720 gektar, 3-sektor bo‘yicha 1963 gektar, 4-sektor hududidagi xo‘jaliklarda esa 707 gektar maydonga kuzgi bug‘doy ekish ishlari olib borilmoqda.
Ekish ishlarini uyushqoqlik bilan o‘tkazish maqsadida 18 ta otryad tashkil qilinib, otryadlar rahbarligiga hududiy agronomlar biriktirildi.
Tumanning iqlim sharoiti va yerlarning meliorativ holatidan kelib chiqib, 2022 yil hosili uchun sifat ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgan navlar ekish rejalashtirilgan. Jumladan, 1720 gektar maydonga “Asr” navi, 1010 gektar maydonga “Zimnitsa” navi, 2568 gektar maydonga “Antonina” navi, 654 gektar maydonga “Vassa” navi, 48 gektar maydonga esa boshqa navlarni ekish ishlari sifatli olib borilmoqda.
Ekish mavsumida talab etiladigan urug‘lik miqdori oldindan hisob-kitob qilindi va joriy yilda gektariga o‘rtacha 250 kg.dan jami 1500 tonna urug‘lik taxt qilib qo‘yildi.
Ayni paytda tumanda 2 ta g‘allachilik klasterlari faoliyat yuritib kelmoqda. Xususan, “Qipchoq g`alla klaster” mas’uliyati cheklangan jamiyati tasarrufidagi 312 ta fermer xo‘jaliklarida 4969 gektar maydonda, “Amu Rich Xarvest” mas’uliyati cheklangan jamiyati tasarrufidagi 32 ta fermer xo‘jaliklarida 1031 gektar maydonda kuzgi bug‘doy ekish ishlari uyushqoqlik bilan olib borilmoqda.
Tumanimiz bo‘yicha kuniga 192,4 gektar, mavsum boshidan 3775 gektar maydonga sifat ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgan bug‘doy urug‘lari agrotexnika qoidalari asosida ekildi va maysalari bir tekis unib chiqdi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi tomonidan To‘lqin ovulidagi Azamat Matkarimov rahbarlik qilayotgan "Amu sohili" fermer xo‘jaligi dalalarida unib chiqqan kuzgi bug‘doy nihollarini azotli mineral o‘g‘itlari va biostimulyatorlar bilan bargdan oziqlantirish va sug‘orish bo‘yicha seminar o‘tkazildi. Ekish ishlari sifatli amalga oshirildi. Mazkur fermer xo‘jaligida ekish jarayonida surim bilan birga har bir gektar hisobiga 400 kg.dan fosforli o‘g‘it bilan hamda urug‘lik sarfi 170-180 kg. hisobidan seyalka bilan “Alekseyevich” navli g‘alla ekilgan.
Bugungi kunda bug‘doy nihollari ko‘zni yashnatadigan darajada unib chiqqan, g‘alla maydonlarining har 5 gektarida bittadan sharbat o‘ralari qazilgan hamda mahalliy o‘g‘itlar chiqarilib, bugungi kunda sharbat usulida sug‘orish ishlari amalga oshirilmoqda.
Bo‘lib o‘tgan seminardaO‘zbekiston Respublikasi Davlat O‘rmon xo‘jaligi Qo‘mitasi raisi Nizomiddin Bakirov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining o‘rinbosari Daryabay Qaypov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri Zoxidjon Ziyadullayev, Agroinspeksiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi boshlig‘i Anvar Yuldashev, Amudaryo tumani hokimi Sultonboy Yo‘ldashev, tuman hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari, tuman agroinspeksiyasi bo‘limi rahbarlari, O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi tuman bo‘limi mas’ullari va agronom-entomologlar, g‘allachilik yo‘nalishidagi klasterlari hamda “Ifoda” kompaniyasining tumandagi vakillari ishtirok etdilar.
Seminarda so‘zga chiqqanlar, kuzgi bug‘doy hosildorligi va don sifati o‘simlikning butun o‘suv davrida yetarli miqdordagi ozuqa elementlari bilan ta’minlanish darajasiga bog‘liq ekanligini ta’kidlab o‘tishdi. Qayd etilganidek, kuzgi bug‘doyni oziqlantirishda mineral o‘g‘itlar to‘g‘ri nisbatlarda qo‘llanilganda bug‘doydan yuqori va sifatli hosil olish mumkin.
Ko‘p yillik tajriba natijalaridan kelib chiqqan holda kuzgi bug‘doy 1 sentner don yetishtirish uchun tuproqdan o‘rtacha 3,7 kg. azot, 1,3 kg. fosfor va 2,3 kg. kaliyni o‘zlashtiradi. Bug‘doy rivojlanishining boshlang‘ich davrida azot bilan yetarli miqdorda ta’minlanmasa o‘simlik boshog‘ida faqatgina bitta gul rivojlanadi. Kuzgi bug‘doy rivojlanishining boshlarida o‘simlik azotni talab qiladi. Shuni hisobga olgan holda, kuzda azotli o‘g‘itlar yillik me’yorining 15 foizini berish orqali meva hosil qiluvchi organlari shakllanishiga, boshoqdagi don miqdoriga ijobiy ta’sir etadi. Nihollarning sovuqqa chidamliligini oshiradi.
Seminar davomida kuzgi bug‘doyni sug‘orish muddati va me’yori, shuningdek, o‘simlikni ildizidan tashqari, bargidan oziqlantirish usuli hususida ham batafsil ma’lumotlar berildi. Ya’ni, barg orqali oziqlantirish kuzgi bug‘doy yetishtirishda katta ahamiyatga ega ekanligi, sug‘oriladigan sharoitda kuzgi bug‘doyni azotli oziqlantirishda bu usulni qo‘llash yuqori samaradorlikka erishish imkonini berishi ta’kidlandi.
Shu bilan birga, kuzgi bug‘doyni 7 oktabrgacha ekib bo‘lish, unib chiqqan maydonlarga biostimulyatorlar bilan suspenziya qilish, fosforli va kaliyli o‘g‘itlar bilan oziqlantirish bo‘yicha keng tushunchalar berildi.
Robiya YO‘LDOSHЕVA.