Yangi O‘zbekistonda sport-sog‘lomlashtirish sohasi siyosat darajasiga ko‘tarildi, desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Ayni davrda yurtimizda sog‘lom turmush tarzi bo‘yicha boshlangan ishlar, ommaviy sportni targ‘ib etish chora-tadbirlari yangi bosqichda rivojlanmoqda.
Prezidentimizning bu boradagi Qaror va Farmonlari ijrosini ta’minlash bo‘yicha tuman Turizm va sport bo‘limi tomonidan tegishli idora-tashkilotlar hamkorligida turli xil tadbirlar yo‘lga qo‘yilgan.
Hozirgi kunda tumanda Bolalar-o‘smirlar sport maktabi va uning Olmazor, Do‘stlik, Chordara mahallalaridagi sport inshootlarida 18 ta sport turi bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkaziladi. Shulardan 12 tasi olimpiya sport turlari hisoblanadi. Mavjud 134 ta guruhlardagi 1386 nafar shug‘ullanuvchilarga 58 nafar mohir murabbiy-trenerlar sport sirlarini o‘rgatishadi. Maxsus sertifikatga ega ushbu trenerlarning 19 nafari 1-toifali, 29 nafari 2-toifali bo‘lib, sport ustaligiga nomzodlar 20 nafarga yetdi.
O‘tgan o‘quv yilida barcha sport turlaridan 35 ta sport musobaqalari o‘tkazilib, 720 nafar shug‘ullanuvchilar qatnashdi hamda O‘zbekiston chempionati va kuboklarida jami 60 ta, shundan 12 tasi oltin, 31 tasi kumush, 17 tasi bronza medallarni qo‘lga kiritdilar.
Turli musobaqalarda sport inshootlaridan samarali foydalanish, jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga, harakatli o‘yin turlarini ommalashtirishga hamda jamiyatimizda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga zamin yaratadi. Ertamiz egalarini sportga qiziqtirish, ularning salohiyati, intilishlarini yuzaga chiqarish va yetarli sharoit yaratish esa bizning eng asosiy vazifamiz.
G‘.Kurbanbayev,
tuman Turizm va sport bo‘limi boshlig‘i.