MЕHNATIDAN QADR TOPGAN FIDOYILAR

Туман янгиликлари

Hayot baland-past dovonlardan, olis-yaqin manzillardan iborat. Har bir inson hayotdan o‘rnini topish, dilidagi orzu-niyatini ro‘yobga chiqarish,  el-yurt ravnaqiga hissa qo‘shish uchun shu dovonlarni zabt etib, ko‘zlagan manzillariga yetishga harakat qiladi.

EL XIZMATIDAGI ARDOQLI NURONIY

Umrini el salomatligini muhofaza qilish, xastalarning dardiga shifo topishdek mas’uliyatli ishga bag‘ishlagan Sulton aka Tojiniyozov ham ana shunday insonlardan.  Bemorlar dardiga darmon bo‘lib “Sulton do‘xtir”, deya tanilgan bu shifokor 70 yoshdan oshsa hamki, hamon xalqimiz xizmatida. Izlanishlardan charchamay, har bir kasallik va uning shifo usullarini o‘rganadi, tajribalarini yosh shogirdlariga qayta-qayta o‘rgatishdan aslo erinmaydi.

Qipchoq ovulida, ishchi oilasida 1948 yilda tavallud topgan S.Tojiniyozov bolalikdan juda qiziquvchan edi. Padari buzrukvori Safarboy ota farzandlarining tarbiyasiga alohida e’tibor berdi. Ularning bilimli bo‘lib ulg‘ayishi uchun sharoit yaratishga harakat qildi. Opasi Gulsara tibbiyot sohasiga qiziqib, hamshiralik kasbini tanlaganida mustaqil hayot ostonasida turgan Sulton ham shu sohaga befarq emasligini angladi. Maktabni tugatib, Toshkent shahridagi Tibbiyot institutiga hujjat topshirdi va 1967 yilda talaba bo‘ldi. Institutni jarroh-urolog mutaxassisligi bo‘yicha tamomlab, respublika kasalxonasida internatura o‘tadi. Internatura muddati tugaganidan so‘ng, ilk ish faoliyatini tuman Tibbiyot birlashmasining jarrohlik bo‘limida shifokor bo‘lib ishlashdan boshladi. Sulton aka o‘tgan yillar mobaynida tuman shifoxonasida jarrohlik, urologiya bo‘limlari mudiri vazifasida ham ishladi.

Sulton aka rahmatlik umr yo‘ldoshi Maryam opa bilan 5 o‘g‘ilni tarbiyalab voyaga yetkazishdi. Katta o‘g‘il Bahrom otasi kabi shifokor bo‘ldi. Ayni paytda Toshkent shahridagi xalqaro xayriya tashkilotlaridan birida shifokor. Davron, G‘ayrat, Botirlar yakka tadbirkorlik bilan shug‘ullanadi. Ravshanbek esa “Shimolgazta’minot” unitar korxonasining “Amudaryotumangaz” filialida chilangar bo‘lib ishlayapti.

Sulton aka ishdan bo‘sh vaqtlarini xonadon oldidagi tomorqada o‘zi barpo etgan mo‘’jazgina bog‘da o‘tkazadi. Mevali daraxtlarni parvarishlaydi, ishkomlarga osilgan to‘r-qovoqlardagi bedanalar, to‘tiqushlar, kaptarlarini oziqlantiradi. Jonli tabiatni xush ko‘radigan shifokor uyda, akvariumda turli baliqlar ham boqadi.  

Sulton aka tajribali shifokor sifatida har bir bemorini sinchiklab tekshiruvdan o‘tkazadi. Muolajalarning ketma-ket qo‘llanilishini nazorat qiladi. Jarrohlik amaliyotini qo‘llashda ham o‘z hayotini ishonib topshirgan bemorning dardini yengillatishga harakat qiladi. Shu tufayli u el oldida ham, hamkasblari oldida ham hurmat, e’tibor qozondi. Ayniqsa, shogirdlari ulkan tajriba maktabiga ega ustozni juda qadrlashadi.

S.Tojiniyozovga 1992 yilda “Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan tibbiyot xodimi” unvoni, 2015 yilda “Mustaqillikning 25 yilligi” ko‘krak nishoni berildi. Mustaqilligimizning 30 yillik bayrami arafasida esa hamon elga xizmat qilib kelayotgan, yosh shifokorlarning sevimli ustozi, tajribali urolog-jarroh “Ardaqli nuraniy” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

U bilan o‘tkazgan suhbatimizda, mehnatlarining davlatimiz tomonidan bir necha bor e’tirof qilingani uni yanada ko‘proq mas’uliyat bilan ishlashga undashini, bundan keyin ham o‘zining ezgu ishlari bilan yoshlarga namuna bo‘lishga harakat qilishini faxr bilan e’tirof etdi.

 

O‘Z ISHINING USTASI

Ana shunday samimiy, dilkash va har doim yordamga shay insonlar atrofdagilar qalbidan tez o‘rin oladi. Oddiy ishchi, bo‘lganda ham o‘z ishining ustasi, turli mushkul vaziyatlarda yechim topib, doim yonidagilarning og‘irini yengil qilishga harakat qiladigan zamondoshlarimizdan biri – Omonboy aka Hojiboyev haqida ham shunday desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Ayni paytda “Qoraqalpoq suv ta’minoti” mas’uliyati cheklangan jamiyatining tuman filiali ustasi vazifasida ishlayotgan bu inson deyarli 30 yildan buyon xalq xizmatida.

O.Hojiboyev umumta’lim maktabini tugatganidan so‘ng, 1990-92 yillarda harbiy xizmatda bo‘ldi. Shundan so‘ng, u o‘zi yashaydigan Bosuv mahallasidagi xo‘jaliklardan birida besh yil davomida ishladi. Aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlab kelayotgan, suvni quvurlar orqali xonadonlarga bir maromda yetkazib berayotgan korxonalardan bo‘lgan “Tuyamo‘yin-Nukus” suv quvurlaridan foydalanish boshqarmasida esa 1997 yildan chilangar bo‘lib ish boshladi. Korxonadagi suv yetkazib beruvchi texnikalarni ta’mirlashda, quvurlardagi, suv yo‘llaridagi nosozliklarni bartaraf etishda jonbozlik ko‘rsatib ishlagan, o‘z bilganlarini o‘rgatib, boshqalarga ham ko‘mak berishdan aslo og‘rinmaydigan fidoyini keyinchalik usta vazifasiga tayinlashdi. Jonkuyar usta goh kunduzi, goh kechasi bo‘lsa ham suv inshootlaridagi nasoslar, qurilmalarni sozlab, bir maromda ishlashini ta’minlashga o‘zini mas’ul deb biladi.

Omonboy aka umr yo‘ldoshi Jongil opa bilan birgalikda uch o‘g‘il va bir qizni tarbiyalab voyaga yetkazishdi. Katta o‘g‘il G‘iyosjon ota izidan borib, ustachilikni o‘rgandi. Hozir u otasi bilan birga “Qoraqalpoq suv ta’minoti” mas’uliyati cheklangan jamiyatining tuman filialida chilangar bo‘lib ishlamoqda. Qolgan farzandlarini ham jamiyat koriga yaraydigan insonlar qilib voyaga yetkazib, elga qo‘shishmoqda.

Kamtarinlik, tirishqoqlik, fidoyilik kabi xislatlarni jamoa xo‘jaligida traktorchi bo‘lgan otasidan o‘rgangan Omonboy aka bolalikdan texnikalarga qiziqar edi. Traktor buzilgan paytda otasiga yordamlashib yurib, har bir ehtiyot qismning qanday vazifani bajarishini tushunib olar, kerakli uskunalarni adashmay keltirib berishga harakat qilardi. Shundanmi, o‘zi ham texnikalarni ishdan chiqarayotgan nosozliklarni aniqlashga juda qiziqadigan, topib, bartaraf  etmagunicha tinchimaydigan bo‘ldi. Ishda ham mana shu jonkuyarligidan, o‘z ishiga mas’uliyatliligidan hurmat qozondi.  Usta har bir shogirdiga bu hunarni astoydil o‘rgatar ekan, doim kamchiliksiz bajarishlarini talab etadi.

Mustaqilligimizning 30 yillik bayrami arafasida har bir kunini elga naf keltirish bilan o‘tkazayotgan Omonboy akaga “O‘atan pidayisi”  ko‘krak nishoni berildi. Mehnatlari qadr topganidan chin dildan quvongan usta uchun bu haqiqiy bayram sovg‘asi bo‘ldi.

AMU ELINI DUNYOGA TANITGAN SPORTCHI

Yana bir yurtdoshimiz, nafaqat Amu elining, balki butun O‘zbekistonning sevimli farzandiga aylangan sport ustasi – dzyudo kurashi bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi Sharofaddin Boltaboyev ham eng aziz, eng ulug‘  bayramimiz arafasida davlatimizning yuksak mukofotiga sazovor bo‘ldi. Yurtimiz sharafini jahon arenalarida turib, shonli himoya qilgan yosh sportchiga “Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sportchi” unvoni berildi.

Amudaryodan yetishib chiqqan mohir sportchi Sh.Boltaboyev 2015 yilda Quvaytda sportning dzyudo turi bo‘yicha bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionati 2-o‘rinni, shu yili Polsha davlatida sportning dzyudo turi bo‘yicha bo‘lib o‘tgan Yevropa kubogida 3-o‘rinlarni egallashga muvaffaq bo‘ldi. 2017 yil Toshkent shahrida sportning dzyudo turi bo‘yicha bo‘lib o‘tgan Toshkent Gran Pri musobaqalarida 3-o‘rin,  shu yili Chexiya davlatida sportning dzyudo turi bo‘yicha bo‘lib o‘tgan Yevropa kubogida 3-o‘rin g‘olibligini qo‘lga kiritdi.

2018 yil Chexiya davlatining Praga shahrida sportning dzyudo turi bo‘yicha bo‘lib o‘tgan Yevropa kubogida 3-o‘rinni egalladi. 2019 yil Dubay shahrida o‘tkazilgan Osiyo chempionatida 2-o‘rin, Arab amirligi Fujeyrah shahrida “Asian-Pacific Championships Seniors and Teams 2019” kattalar o‘rtasidagi Osiyo – Tinch okeani chempionatida 2-o‘rin, Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan Toshkent gran-prisi “Tashkent Grand Prix 2019” sport musobaqasida 1-o‘rinlar g‘olibi bo‘ldi.

Sharofaddin yutuqlarni qo‘lga kiritishda davom etib, 2020 yil Parij shahrida bo‘lib o‘tgan “Paris Grand Slam” sport musobaqasida 2-o‘rinni egalladi.

2021 yil fevral oyida Tel-Aviv shahrida bo‘lib o‘tgan “Tel-Aviv Grand Slam” sport musobaqasida 1-o‘rin, Toshkent shahrida o‘tkazilgan “Tashkent Grand Slam” musobaqasida 2-o‘rin g‘olibi deb topildi. Yosh sportchi 2021 yilda Yaponiyaning Tokio shahrida bo‘lib o‘tgan XXXII yozgi Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etish maqsadida yo‘llanmani qo‘lga kiritish uchun belgilangan ballni qo‘lga kiritib, ochkolar hisobini 4681 taga yetkazdi va 81 kg. vazn toifasida dunyo reytingida 7 pog‘onaga ko‘tarilishga erishib, Olimpiya o‘yinlarida qatnashishga muvaffaq bo‘ldi.

Faxrli sportchi, yurtdoshimiz  Sh.Boltaboyev dzyu-do sport turi bo‘yicha 2012-2021 yillarda bo‘lib o‘tgan barcha O‘zbekiston Chempionati va kuboklarida oltin, kumush medallarni  qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldi.

Sportning dzyudo bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoa a’zosi sifatida yurtimiz sharafini himoya qilib kelayotgan, O‘zbekiston nomini dunyoga tanitayotgan Sh.Boltaboyev  “Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sportchi” unvoniga har tomonlama munosibdir.

Jamiyat taraqqiyotiga qo‘shgan munosib hissalari, zahmatli mehnatlari evaziga davlatimizning turli mukofotlariga sazovor bo‘lgan yurtdoshlarimizni sa-mimiy muborakbod etamiz.

Ozoda Xudoyberganova.