“KЕKSALAR HAFTALIGI” DOIRASIDA XAYRIYA TADBIRLARI O‘TKAZILDI

Туман янгиликлари

Yurtimiz bo‘ylab, barcha hududlarda “Keksalarni e’zozlash, ularga hurmat-ehtirom ko‘rsatish – xalqimizga xos ezgu fazilat” degan g‘oya ostida “Keksalar haftaligi” doirasidagi tadbirlar o‘tkazilmoqda. Jo‘shqinlik va yuqori kayfiyatda boshlangan haftalik davomida nuroniylar ishtirokida uchrashuvlar, sport musobaqalari va turli targ‘ibot tadbirlari tashkil etilmoqda.

Amudaryo tumanida ham “Keksalar haftaligi” doirasidagi tadbirlar boshlab yuborildi. Tuman Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi hamda tegishli tashkilotlar hamkorligida o‘tkazilayotgan haftalik tadbirlarida elimiz keksalariga alohida e’tibor va ehtirom ko‘rsatilmoqda.

5 oktabr kuni navbatdagi uchrashuv tadbiri Bo‘ston mahallasi hududidagi 98-sonli saylov uchastkasida tashkil etildi. Tadbirda 8-son Bo‘ston saylov okrugi deputati, Xalq demokratik partiyasi tuman Kengashi raisi Maqsud Sa’dullayev bir guruh keksa-nuroniylar bilan uchrashib, yaqinda bo‘lib o‘tadigan Prezident saylovi, qonunchilikdagi o‘zgarishlar xususida so‘z yuritdi. Mahalla nuroniylari tomonidan berilgan savollarga ko‘ra tushuntirishlar berib, o‘zaro fikr almashishdi.

Undan tashqari, ushbu haftalikning “Keksa avlod vakillarining jamiyatdagi o‘rni va ijtimoiy faolligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi” Hukumat qaroriga ko‘ra tashkil etilganini,  har yili oktabr oyining ilk haftasida keksalarni e’zozlash, ularga hurmat-ehtirom ko‘rsatishga qaratilgan tadbirlarni tashkil etish an’anaga aylanganini aytib o‘tdi. Haftalik doirasida mehnat jamoalarida pensiyaga chiqish arafasida bo‘lgan mehnat faxriylari taqdirlash va nafaqaga kuzatish tadbirlari o‘tkazilayotgani, shuningek, tadbirlar davomida keksa avlod vakillarining respublika bo‘ylab tarixiy shahar va ziyoratgohlarga sayohati uyushtirilishi, keksalarning muammolarini manzilli o‘rganish va bartaraf etishga ham alohida e’tibor qaratish ko‘zda tutilgani to‘g‘risida ma’lumot berdi.

Shundan so‘ng, tuman Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari, “Nuroniylar” jamoatchilik kengashi raisi Bahodir Boltaboyev, “Nuroniylar” jamoatchilik kengashi raisi o‘rinbosari Bekman Allaberganov hamda Xalq demokratik partiyasi tuman Kengashi raisi Maqsud Sa’dullayevlar Bo‘ston mahallasida yashovchi nuroniy onaxonlar va otaxonlarning holidan xabar olishdi. Mahalla hududidagi yakka-yolg‘iz va o‘zgalar parvarishi muhtoj bo‘lgan Rahimboy ota Jumaniyozov hamda front orti mehnat faxriysi To‘lg‘on momo Nurimbetovalar xonadonlariga tashrif buyurib, oziq-ovqat mahsulotlari hamda esdalik sovg‘alarini topshirishdi.

Xayrli tadbirlar boshqa mahallalarda ham davom ettirilib, keksalar holidan xabar olindi. Tashkilotchilar Gulzor mahallasiga tashrif buyurib, hududda yashovchi nogironligi bo‘lgan keksa Sa’dulla ota Mamutov xonadonida bo‘lishdi va unga nogironlik aravachasi berishdi.

Do‘stlik mahallasi hududida ham xonadonlarga borilib, yakka yolg‘iz yashovchi va o‘zgalar parvarishiga muhtoj qariyalar bilan suhbatlashildi. Yakka o‘zi yashaydigan Rajab ota Rahimov, Jumaboy ota Xudoyorov, Kamol ota Yangaboyevlarga, shuningdek, Navoiy nomli mahalla hududidagi o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan Xudoybergan ota Norimovlarga moddiy ko‘mak sifatida pul mablag‘lari topshirildi.

Shu kuni Bog‘ mahallasida “Yangi O‘zbekistonni barpo etishda nuroniylarning o‘rni” mavzusida nuroniy va keksa avlod vakillari hamda yoshlar o‘rtasida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Suhbat davomida nuroniylar o‘zlarining hayotiy tajribalari haqida gapirib, bugungi tinch va osoyishta zamonning qadriga yetish, shu yurt ravnaqi uchun tinim bilmay mehnat qilish lozimligini ta’kidlashdi. Suhbat so‘nggida keksalar mamlakatimiz farovonligi va ravnaqi uchun duolar qildilar.

Kun oxirida “Keksalar haftaligi” doirasida bir guruh keksa avlod vakillari tuman markazidagi tarixiy Muzeyga sayohatga olib borildi va muzeydagi tarixiy yodgorliklar va eksponatlar bilan tanishtirildi.

Ozoda Xudoyberganova.