Yoshlarning huquqiy madaniyatini oshirishga qaratilgan tadbir o‘tkazildi

Туман янгиликлари

Amudaryo tumani adliya bo‘limi tumandagi davlat organlari va tashkilotlari bilan hamkorlikda aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, yangidan qabul qilinayotgan normativ huquqiy hujjatlarni keng aholi qatlamiga yetkazish, ularning huquqiy bilimlarini oshirish maqsadida targ‘ibot tadbirlari amalga oshirib kelmoqda.

Joriy yilning 29 sentabr kuni tuman adliya bo‘limi bosh maslahatchisi Jamshid Bekimbetov hamda “Madad” nodavlat-notijorat tashkiloti Amudaryo tumani huquqiy maslahat byurosi bosh mutaxassisi Nilufar Jumaniyazovalar tomonidan tumandagi 38-sonli umumta’lim maktabida yoshlarning huquqiy ongini oshirish, ularni yangidan qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlar mazmun-mohiyatini tushuntirish, diniy ekstremizim va terorizimga qarshi kurashish va mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yoshlarni tanishtirish maqsadida targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi.

Tadbir davomida yoshlarga O‘zbekiston Respublikasining “Ekstremizimga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi, “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonunlari, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Prezident farmon va qarorlari, diniy ekstremizm va terrorizmning jamiyat taraqqiyotiga tahdidi, unga qarshi kurashish yuzasidan keng qamrovli tushunchalar berildi.

Tadbirda diniy ekstremizm va terrorizm insonlarning ertangi kuniga bo‘lgan ishonchiga putur yetkazibgina qolmay, balki xalqaro maydondagi muammolarni, jumladan, turli e’tiqod  vakillari bo‘lgan xalqlar orasidagi o‘zaro ishonchga soya solib, jahon taraqqiyotining xalqaro iqtisodiy va madaniy hamkorlikning rivojiga  to‘siq bo‘layotganligi ta’kidlandi.

Tadbir ishtirokchilari mavzu yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javoblar oldilar. Tadbir so‘ngida yoshlarga korrupsiyaning jamiyat tarraqiyotiga salbiy oqibatlari videorolik orqali namoyish qilindi.

J.Bekimbetov, Amudaryo tumani adliya bo‘limi bosh maslahatchisi