Mamlakatimizda aholiga davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimi yanada takomillashtirilmoqda

Туман янгиликлари

Amudaryo tumani Davlat xizmatlari markazi aholiga sifatli va tezkor davlat xizmatlarini ko‘rsatib, samarali faoliyat yuritib kelmoqda. Markaz tomonidan joriy yil boshidan aholiga jami 59 mingdan ortiq davlat xizmatlari ko‘rsatilgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan ancha ko‘tarilgan.

Markazda tadbirkorlik subektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda tizimli ishlar olib borilayotgan bo‘lib, joriy yilning shu davriga qadar 600 nafardan ortiq yakka tartibdagi tadbirkorlar, 200 dan ortiq yuridik shaxslar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.

Aytish kerakki, joriy yilning sentabr oyida imzolangan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Arxiv ishi va ish yuritish sohasida davlat xizmatlari ko‘rsatishning ayrim ma’muriy reglamentlarini trasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori bilan davlat xizmatlari ro‘yxatiga yangi xizmatlar kiritilishi fuqarolarga keng qulayliklar yaratib, ularning qator muammolari hamda murojaatlariga bitta maskan - Davlat xizmatlari markazlari orqali yechim topishlariga zamin yaratdi.

Qayd etish joizki, tuman Davlat xizmatlari markazi tomonidan fuqarolarning elektron davlat xizmatlaridan foydalanish ko‘nikmalarini shakllantirish bo‘yicha ham qator samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Markaz xodimlari tomonidan elektron davlat xizmatlaridan foydalanish bo‘yicha bekletlar, qator qo‘llanmalar ishlab chiqilib, keng jamoatchilikka yetkazilmoqda. Bu boradagi tizimli chora-tadbirlar samarasi o‘laroq, fuqarolarning davlat xizmatlaridan elektron shaklda foydalanish ko‘rsatkichlari o‘tgan yilga nisbatan salkam ikki barobar oshgan.

Shu bilan birga tuman Davlat xizmatlari markazi xodimlari shahar markazidan olis hududlarga borib, fuqarolarga sayyor tarzda ham davlat xizmatlari ko‘rsatishni tashkil etib kelmoqdalar. Bu esa insonlarning og‘irini yengil, mushkulini oson qilib, qator qulayliklarni yaratmoqda.

Nazokat Alliyazova, tuman Davlat xizmatlari markazi bosh mutaxassisi.