Mamlakatimizda qishloq xo‘jaligining barcha sohalarini, shu jumladan, mevachilikni jadal rivojlantirish, tuproq unumdorligini, meva hosildorligini oshirish, mahsulot sifatini yaxshilash hamda ulardan qayta ishlash sanoatida tayyorlanadigan mahsulotlarni ko‘paytirishga, xalqimizning mevaga bo‘lgan talabini to‘la qondirishiga alohida e’tibor qaratilib, bu borada tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Sohadagi samarali ishlar natijasida mamlakatimizda bog‘dorchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklari soni yanada ortib, aholining mevaga bo‘lgan talabi va ehtiyojlari to‘liq qondirilmoqda. Shuningdek, mevalarning hosildorligini oshirish, mahsulot sifatini ko‘tarish hamda meva mahsulotini qayta ishlab, ularni chet mamlakatlarga eksport qilish borasida keng imkoniyatlar yaratilmoqda.
Bog‘bon fermerlar meva yetishtirishda uning hosildorligini keskin ko‘tarish, mahsulot sifatini yaxshilash, quruq meva tayyorlash hajmini oshirish, aholini hamda qayta ishlash sanoatini xomashyo bilan to‘liq ta’minlab, yuqori sifatli mahsulotni chetga chiqarishda tinimsiz mehnat qilmoqdalar.
Aytish kerakki, bog‘dorchilikni yuqori pog‘onaga ko‘tarishda fermerlarimiz ilm-fan yutuqlari va tavsiya etilgan texnologiyalarni o‘z vaqtida va yuqori agrotexnika darajasida amalga oshirishlari muhim ahamiyatga ega. Amudaryo tumani Qilichboy ovulida tashkil etilgan seminar ham bog‘dorchilikni yanada rivojlantirish maqsadiga yo‘naltirildi.
9 oktabr kuni tuman fermer, dehqon xo‘jaliklari hamda tomorqa yer egalari kengashi tashabbusi Qilichboy ovul fuqarolar yig‘ini binosida tashkil etilgan seminarda intensiv bog‘lar uchun ilg‘or texnologiyalar asosida mevali ko‘chatlar yetishtiruvchi “Mevali Prants” – O‘zbekiston hududidagi ilk o‘zbek-turk qo‘shma kompaniyasi ijrochi direktori Mansur Rahimov ishtirok etdi. Shuningdek, seminarda tumandagi namunali tomorqa yer egalari, mehnatkash dehqonlar, fermer xo‘jaliklari rahbarlari qatnashdilar.
Seminarda mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, aholining qishloq xo‘jaligi, ayniqsa, bog‘dorchilik mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini qondirish masalasiga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi. Bog‘larni ilmiy-agrotexnik tadbirlar asosida parvarishlash, yangilash, intensiv bog‘lar barpo etish, serhosil, ertapishar meva navlarini yaratish har tomonlama qo‘llab-quvvatlanib, keng imkoniyat va imtiyozlar yaratilayotganligi qayd etildi.
Shuningdek, bog‘dorchilik sohasida amalga oshirilayotgan ilg‘or texnologiyalar, yangi navlar, sohani yanada rivojlantirishning asosiy omillari haqida keng ko‘lamli ma’lumotlar berildi.
Ta’kidlanishicha, bog‘lardan mo‘l hosil olishda zarur bo‘lgan agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida yuqori darajada bajarilishi ustuvor ahamiyat kasb etadi. Tuproq-iqlim sharoitlarining qulayligi, meva turlari va ajoyib navlarining mavjudligi, ulardan yuqori, mo‘l va sifatli hosil olish imkoniyatini beradi.
Charos Arslonova.