Butun mamlakatimiz bo‘ylab joriy yilning 4-10 oktabr kunlari o‘tkazilgan “Keksalar haftaligi” doirasida qator tadbirlar tashkil etildi. Nuroniylarning holidan xabar olinib, ularni ma’naviy va jismoniy qo‘llab-quvvatlash, hurmat-ehtirom ko‘rsatish va e’zozlash bo‘yicha qator chora-tadbirlar amalga oshirildi. Ushbu haftalikni munosib o‘tkazish va yuqori saviyada tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilib, karantin qoidalariga rioya qilgan holda amalga oshirilishini ta’minlashga alohida e’tibor qaratildi.
Amudaryo tumanida ham “Keksalar haftaligi” doirasida har bir mahallada nuroniylar, shu jumladan, yakka-yolg‘iz keksalarni jalb etgan holda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, turli tanlovlar va xayriya tadbirlari o‘tkazildi. Jumladan, 9 oktabr kuni Uyshin mahallasi madaniyat uyida “Yangi O‘zbekistonni barpo etishda nuroniylarning o‘rni” hamda “Diydor shirin” mavzularida davra suhbatlari hamda hududdagi otaxonlar va onaxonlar uchun “Ehtirom, e’zoz, e’tibor” nomli bayram tadbiri tashkil etildi.
Tadbirida so‘zga chiqqan tuman Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari, “Nuroniylar” jamoatchilik kengashi raisi Bahodir Boltabayev, rais o‘rinbosari Bekman Allaberganovlar yoshi ulug‘ kishilarni ushbu haftalik munosabati o‘tkazilayotgan bayram bilan tabrikladilar hamda mazkur “Keksalar haftaligi”ning tashkil etilishi yurtimizda nuroniylar hamda keksalarni e’zozlashga, ularni ardoqlashga qaratilgan cheksiz hurmat hamda e’tiborning yorqin ifodasi ekanligini ta’kidladilar.
Bayram tadbirida xonandalar ijrosida kuylangan ajoyib kuy-qo‘shiqlar tadbirga yanada ko‘tarinki ruh bag‘ishladi. Tadbirda mahallada joylashgan umumta’lim maktablari o‘quvchilari faol ishtirok etib, 47-sonli maktab o‘quvchilari tomonidan namoyish etilgan sahna ko‘rinishlari, o‘qilgan she’r va g‘azallar mehmonlar ko‘nglida ajoyib taassurot qoldirdi.
Tadbir davomida tuman hokimi o‘rinbosari, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘i Alisher Yuldashev tomonidan nuroniy otaxon hamda onaxonlarga esdalik sovg‘alari ulashildi. Yuqori kayfiyatda o‘tgan bayram tadbiri so‘ngida nuroniylar tadbir tashkilotchilariga rahmat aytib duo qildilar.
Haftalik mobaynidagi shunday tadbirlardan biri 9 oktabr kuni tumandagi Choyko‘l ovulida ham bo‘lib o‘tdi. Ovulda joylashgan “Baxt” nomli to‘yxonada “Bir piyola choy ustida shirin suhbatlar”, “Diydor shirin” mavzularida davra suhbatlari, “Ehtirom, e’zoz, e’tibor” nomli bayram tadbiri tashkil etilib, bayram dasturxoni yozildi.
Tadbirda ishtirok etayotgan mutasaddilar ovuldagi nuroniy otaxon va onaxonlarni haftalik doirasida tashkil etilayotgan bayram munosabati bilan tabrikladilar, ularga uzoq umr, sihat-salomatlik va tinchlik-osoyishtalik tiladilar. Choyko‘l ovul fuqarolar yig‘ini raisi, faollari, hududdagi fermerlar hamda tadbirkorlar tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbirda 40 nafardan ortiq keksa avlod vakillari ishtirok etdilar. Tadbirda 22-sonli maktab o‘quvchilari tomonidan qiziqarli sahna ko‘rinishlari namoyish etilib, xonandalar ajoyib kuy-qo‘shiqlar ijro etdilar.
Tadbirdan so‘ng tuman Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Muqaddas Beknazarova hududda istiqomat qiluvchi 104 yoshni qarshi olgan onaxon Xadicha momo Bekanova holidan xabar oldi hamda momoni bayram bilan tabrikladi.
Suhbat chog‘ida Xadicha momo o‘zning shu yoshgacha bo‘lgan umri davomidagi yaxshi-yomon kunlari, boshidan o‘tkazgan kechinmalari bilan bo‘lishdi. So‘ngra mas’ullarga minnatdorchilik bildirib, duolar qildi.
Charos Arslonova.