Joriy yilning 12 oktabr sanasida Amudaryo tumani hokimligining majlislar zalida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n to‘qqizinchi yalpi majlisida ko‘rib chiqilgan qonunlarni targ‘ib qilish bo‘yicha yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatining Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish qo‘mitasi raisi o‘rinbosari, senator Batir Matmuratov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputatlari, Xalq deputatlari tuman Kengashi deputatlari, sektorlar rahbarlari, hokim o‘rinbosarlari, huquq-tartibot organlari mas’ullari, hokimlik mas’ul xodimlari, bo‘limlar, korxona-tashkilotlar rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n to‘qqizinchi yalpi majlisida ko‘rib chiqilgan qonunlarning mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida tumanimizga tashrif buyurgan senator Batir Matmuratov so‘zga chiqib, muhokama qilingan qonun loyihalari mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning huquqiy ta’minlanishini takomillashtirish, shuningdek, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini har tomonlama ta’minlashga qaratilganligini alohida ta’kidladi.
Shundan so‘ng tuman Davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i Aydos Seitov “To‘lovga qobiliyasizlik to‘g‘risida”gi Qonunning mazmun-mohiyati to‘g‘risida so‘z yuritib, ushbu Qonunning maqsadi yuridik shaxslar, fuqarolar, shu jumladan yakka tartibdagi tadbirkorlarning to‘lovga qobiliyasizligi sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat ekanligini qayd etib o‘tdi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida”gi qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi mazmun-mohiyati to‘g‘risida Yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonasi Amudaryo tumani filiali boshlig‘i Shokirjon Davlatov so‘z yuritdi. U o‘z so‘zida yerni xususiylashtirish bo‘yicha arizalarni inson omili ta’sir qilmaydigan tarzda topshirish va ko‘rib chiqish bo‘yicha avtomatlashtirilgan tizimni joriy etish, yakka tartibdagi tadbirkorlarga, tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyati uchun ularga berilgan yer uchastkalarini xususiylashtirish huquqini berish, kichik sanoat zonalari, xususiylashtirilishi mumkin bo‘lgan davlat ko‘chmas mulk ob’ektlari joylashgan yer uchastkalarini xususiylashtirish sohasidagi munosabatlarni tartibga solish bilan bog‘liq bir qator to‘ldirishlarni kiritish nazarda tutilganini ta’kidladi.
Shuningdek, tuman Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Ulug‘bek Xudayberganov “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni loyihasi xususida fikr-mulohazalarini bildirdi. Ta’kidlanishicha, mazkur qonun lohihasida ma’muriy huquqbuzarliklarning xavflilik darajasidan kelib chiqib, bir nechta jarimalar mikdori kamaytirilishi, ma’muriy jazolar miqdorining odillik tamoyillariga muvofiq ravishda kamaytirilishi, ayrim harakatlar uchun javobgarlik bekor qilinishi ko‘zda tutilayotgani xususida to‘xtaldi.
Qolaversa, yig‘ilishda “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartishlar kiritish haqida”gi hamda “Farzandlikka olish tartibining huquqiy asoslari takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun loyihalari mazmun-mohiyati xususida ham tegishli mas’ullarning fikr-mulohazalari tinglandi.
Xususan, Jinoiy ishlar bo‘yicha Amudaryo tuman sudi raisi Jasur O‘razbayev O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish, ya’ni xizmat vazifasini bajarayotgan hokimiyat vakilining qonuniy faoliyatiga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga faol qarshilik ko‘rsatish bilan bog‘liq jinoyatning jazo choralari kuchaytirilayotganini qayd etdi.
Shu bilan birga, tuman prokurori Javlonbek Muftullayev “Farzandlikka olish tartibining huquqiy asoslari takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun loyihasida og‘ir va o‘ta og‘ir turdagi jinoyatlarni sodir etgan shaxslarga farzandlikka olish taqiqlanishi, farzandlikka olish vaqtidan oldin 1 yil davomida doimiy daromadga ega bo‘lmagan yoki oylik ish haqi mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan oz bo‘lgan daromad oladigan, farzandlikka olishga monelik qiladigan kasalliklarga chalingan shaxslarning farzandlikka olishga bo‘lgan huquqlari cheklanayotgani xususida ma’lumot berdi.
Yig‘ilish yakunida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish qo‘mitasi raisi o‘rinbosari, senator Batir Matmuratov mazkur qonun loyihalari mamlakatimizda qonun ustuvorligini mustahkamlash, yurt taraqqiyoti yo‘lida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar samaradorligini oshirishga, fuqarolarning huquq va erkinliklarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi, shubhasiz ekananligini ta’kidladi.
Yig‘ilish yakunlanganidan so‘ng senator Batir Matmuratov tumandagi qator fermer xo‘jaliklarida “oq oltin” xirmonini to‘ldirishda tinimsiz mehnat qilayotgan paxtakorlar holidan xabar oldi. Xususan, To'lqin ovulidagi “Amat To‘rayev” fermer xo‘jaligi hamda O‘rta qal’a ovulidagi “Ermanov O'razboy” fermer xo‘jaligiga tashrif buyurib, paxta terayotgan terimchilarga yaratilayotgan shart-sharoitlar bilan tanishdi.
Tashrif chog‘ida terimchilarni majburiy mehnat asosida jalb qilinmaganligi holati, ularning issiq ovqat bilan ta’minlashi, terim pullarining o‘z vaqtida berilayotganligi holatlari o‘rganilib, paxtakorlar bilan dildan suhbat qurildi. Suhbat yakunida namuna bo‘layotgan, ilg‘or terimchilar esdalik sovg‘alari bilan rag‘batlantirildi.
Tuman hokimligining Axborot xizmati.