Bugungi kunda mamlakatimizda barcha sohalar qatori ta’lim sohasini rivojlantirishga ham alohida e’tibor berilayapti. Shu boisdan ham yurtimizda “Yangi O‘zbekiston – maktab ostonasidan, ta’lim-tarbiya tizimidan boshlanadi” degan g‘oya asosida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayapti. Bular maktab ta’limini tubdan yaxshilash va uning sifatini oshirish, muallimlarga munosib sharoit yaratish borasidagi ishlarda yaqqol ko‘rinib turibdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 29 apreldagi Farmoni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini 2019 yilda amalga oshirishning yo‘l xaritasida belgilangan bandlarini amalga oshirish maqsadida 2019 yilning 28 dekabrida Xalq ta’limi vazirining “Umumiy o‘rta ta’lim maktablarida variativ o‘quv rejalarni tajriba-sinovdan o‘tkazish to‘g‘risida”gi buyrug‘i qabul qilingan edi. Ushbu buyruq asosida mamlakatimizning bir qancha umumta’lim maktablarida variativ sinflar tashkil etildi.
Joriy yilning 8 oktabr kuni 56-sonli maktabda mazkur maktabda faoliyat yuritayotgan ilg‘or o‘qituvchilarining variativ o‘quv rejalari asosida o‘qitish borasidagi tajribalarini ommalashtirishga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi.
Aytish joizki, tumanimizdagi 56-sonli maktabning matematika fani o‘qituvchisi Azimboy Saparboyev tumanimizda birinchilardan bo‘lib variativ sinf tashkil etishning tashabbuskori bo‘ldi.
Bugungi kunda maktabda Azimboy Saparboyevning shogirdlaridan Xushnud Chorshamov va Nafosat Tilovboyevalar ham variativ sinflarda dars o‘tish jarayonlarini yanada takomillashtirish yo‘lida astoydil harakat qilmoqdalar.
Bu tashabbuskor o‘qituvchilarning o‘quvchilarga yangicha uslubda ta’lim berish borasidagi harakatlari tahsinga sazovor bo‘lmoqda. Ularning fidoyiliklari tufayli 2020-2021 o‘quv yili yakuniga ko‘ra umumiy o‘rta ta’lim maktablarida variativ o‘quv rejalar asosida tashkil etilgan sinflar o‘quvchilarining oliy o‘quv yurtlariga qabul qilinishi borasidagi reyting natijalariga ko‘ra 56-sonli maktab Qoraqalpog‘iston Respublikasida birinchi o‘rinni egalladi.
Maktabning matematika fani o‘qituvchisi Azimboy Saparboyev, fizika fani o‘qituvchisi Xushnud Chorshamov hamda ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi Nafosat Tilovboyevalarning o‘quv jarayonini tashkil etishda o‘quvchi manfaatlarini inobatga olish, o‘quv jarayonini kompetensiyaviy yondashuv asosida tashkil etish, o‘quv jarayonini o‘quvchilarning individual xohishlariga muvofiq variativ o‘quv rejalar asosida tashkil etish, o‘quvchilarning oliy ta’lim muassalariga kirishda imtihon topshiradigan fanlarni chuqur o‘rganishlariga sharoitlar yaratish borasidagi harakatlari yaxshi natijalarni berdi.
Bunga maktabda tashkil etilgan variativ sinflar bitiruvchilaridan 94 foizining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirganligi yaqqol misol bo‘la oladi.
Mazkur ilg‘or o‘qituvchilarning tajribalarini ommalashtirishga bag‘ishlab o‘tkazilgan seminarda tuman xalq ta’limi bo‘limi xodimlari va umumta’lim maktablari o‘qituvchilari ishtirok etdilar.
Seminar ishtirokchilari dastlab maktabda tashkil etilgan variativ sinflarda dars o‘tish jarayonlari bilan tanishdilar va matematika fani o‘qituvchisi Azimboy Saparboyev, ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi Nafosat Tilovboyeva hamda fizika fani o‘qituvchisi Xushnud Chorshamovlarning dars o‘tish uslublarini o‘rgandilar.
Shundan keyin seminarning ikkichi qismi boshlanib, uni tuman Xalq ta’limi bo‘limi ta’lim sifati monitoringi bosh inspektor-metodisti Rashan Xolmurodov kirish nutqi so‘zlab ochdi va olib bordi.
Seminarda 56-sonli umumta’lim maktabining matematika fani o‘qituvchisi, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi a’lochisi, “Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan xalq ta’limi xodimi” faxriy unvoni sohibi Azimboy Saparboyev va fizika fani o‘qituvchisi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi a’lochisi Xushnud Chorshamovlar so‘zga chiqishib, variativ sinflarda o‘qitish yuzasidan o‘zlarining ish tajribalari haqida gapirdilar.
Shundan keyin 21-sonli maktab direktori Tursunboy Do‘schonov va 50-sonli maktab direktori Alisher Eshniyozovlar so‘zga chiqishib, maktabda tashkil etilgan variativ sinflar va ularning o‘qituvchilari faoliyatiga katta baho berdilar, bu yerdagi ilg‘or tajribalarni tumandagi barcha o‘rta ta’lim muassasalariga keng yoyish bo‘yicha o‘z taklif va istaklarini bildirdilar.
Seminar yakunida maktab direktori, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi a’lochisi Arzigul Xudoyberganova so‘zga chiqib, maktab o‘qituvchilarining ish tajribalarini ommalashtirishga qaratayotgan e’tibori uchun tuman Xalq ta’limi bo‘limi rahbariyatiga o‘z minnatdochiligini bildirdi va maktab jamoasining variativ sinflar faoliyati bilan tanishishni, bu yerdagi o‘qituvchilarning ish tajribalarini o‘rganishni xohlovchilar uchun doimo yordamga tayyor ekanligini ma’lum qildi.
Shu bilan 56-sonli maktab o‘qituvchilarining variativ o‘quv rejalari asosida faoliyat ko‘rsatadigan sinflarni tashkil etish va o‘qitish borasidagi tajribalarini ommalashtirishga bag‘ishlagan seminar o‘z ishini yakunladi.
A.JUMANIYOZOV, maktabning ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchisi.