“KЕKSALAR HAFTALIGI” DOIRASIDA SPORT MUSOBAQALARI O‘TKAZILDI

Туман янгиликлари

Amudaryo tumanida “Keksalar haftaligi” doirasida 8 oktabr kuni tuman Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi, tuman Turizm va sport bo‘limi, tuman “Mahalla” hayriya jamoat fondi, Milliy gvardiya huzuridagi qo‘riqlash bo‘limi bilan hamkorlikda tuman miqyosida sport tadbirlari tashkil etildi. Tadbirda shaxmat-shashka bo‘yicha keksalar o‘rtasida, “Aql charxi” turniri, “Keksalar zavqi” sport musobaqalari doirasida sportning shaxmat, shashka, mini-futbol, stol tennisi va boshqa turlari bo‘yicha musobaqalar, “Salomatlik sari 5000 qadam” shiori ostida piyoda yurish tadbirlari tashkil qilindi. Tadbirda tumandagi 100 dan ziyod nuroniylar, faxriylar va keksa avlod vakillari faol ishtirok etdilar.

Amudaryo tuman Nuroniylar jamoatchilik Kengashi raisi o‘rinbosari Bekman Allaberganov tadbirni ochib berdi va keksa avlod vakillarining jamiyatdagi o‘rni g‘oyat muhimligini va hayotiy tajribalari yoshlarga o‘rnak bo‘lishini ta’kidlab o‘tdi. Tuman Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Bahodir Boltaboyev keksalik gashtini surayotgan otaxon va onaxonlarga “Keksalar haftaligi” doirasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida va bunday tadbirlar ko‘plab tashkil qilinishini, albatta, bunda nuroniylarning ishtiroki muhimligini  alohida qayd etdi. Turizm va sport bo‘limi boshlig‘i G‘ulomjon Qurbonboyev esa tadbir davomida bo‘lib o‘tadigan sport turlari va tartibi bilan tanishtirib, ishtirokchilarga bugungi musobaqalarda omad tiladi.

Musobaqalar Nukus Davlat Pedagogika Instituti huzuridagi iqtidorli bolalar maktabida bo‘lib o‘tdi, ishtirokchilar “Salomatlik sari 5000 qadam” shiori ostida musobaqalar o‘tkaziladigan inshootga olib boruvchi yo‘lni piyoda bosib o‘tdilar.

Tadbir yangicha uslubda, ya’ni, Street workout - turnikda tortilish va mashqlar bajarish bo‘yicha musobaqa bilan boshlandi. Musobaqada 3-o‘rinni Qizilcholi mahallasidan Jumaboy Matvafoyev, 2-o‘rinni Oybek mahallasidan Yalg‘ash Matmuratov, faxrli 1-o‘rinni Qizilcholi mahallasidan Ibragim Yusupovlar egallashdi.

Sport tadbirlari davomida ishtirokchilarning faolligini oshirish maqsadida mini-futbol maydonchasida chigalyozdi mashqlari ham bajarildi.

Shundan so‘ng, shaxmat-shashka, stol tennisi musobaqalariga start berildi. Stol tennisi musobaqalarida 3-o‘rinni Do‘stlik mahallasidan Ozod Shomurodov, 2-o‘rinni Olmazor mahallasidan Mambatsoliy Abdullayev, faxrli 1-o‘rinni Olmazor mahallasidan Baxodir Bozorboyevlar egallashdi.

Tadbir davomida, stol tennisi va Street workout musobaqalari g‘oliblariga tuman Nuroniylar jamoatchilik Kengashi raisi o‘rinbosari Bekman Allaberganov hamda tuman Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Bahodir Boltaboyev, tuman Turizm va sport bo‘limi boshlig‘i G‘ulomjon Qurbonboyevlar tomonidan Mahalla hayriya jamoat fondi homiyligida esdalik sovg‘alari taqdim qilindi.

“Keksalar zavqi” sport musobaqalari doirasidagi shaxmat-shashka musobaqalari murosasiz kechdi. Shashka bo‘yicha musobaqada 18 nafar ishtirokchi qatnashib, unda 3-o‘rinni Do‘stlik mahallasidan Qurbonboy Yusupov, 2-o‘rinni Bo‘ston mahallasidan Raximboy Jumaniyozov, faxrli 1-o‘rinni O‘zbekiston mahallasidan Shomurod Ibodullayevlar egallashdi. Musobaqa yakunida tuman Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Bahodir Boltaboyev g‘oliblarga esdalik sovg‘alari topshirdi.

Shaxmat musobaqalari yanada qiziqarli taassurotlarga boy bo‘ldi. Unda maxsus bellashuvlarda 1-o‘rinni Do‘stlik mahallasidan Bekchon Rahimov, Amir Temur nomli ovuldan Ibragim Sultonovlar egallashdi. Asosiy o‘yinlarda esa 3-o‘rinni O‘zbekiston mahallasidan Ayimbat Kamolov, 2-o‘rinni Qizilcholi mahallasidan Chorsham Matvafoyev, faxrli 1-o‘rinni Qizilcholi mahallasidan Mambatsoliy Matyakubovlar egallashdi. G‘oliblarga Mahalla hayriya jamoat fondi homiyligida esdalik sovg‘alari taqdim qilindi.

Tadbir davomida Nukus Davlat Pedagogika Instituti huzuridagi iqtidorli bolalar maktabi direktori Otabek Yo‘ldashev nuroniy onaxon va otaxonlarni “Keksalar haftaligi” munosabati bilan muborakbod qilib, ularning jamiyatda, ayniqsa, yoshlar tarbiyasida o‘rni beqiyosligi, o‘zlarining hayotiy tajribalari orqali yoshlarga o‘rnak bo‘lishi, bu borada yoshlar nuroniylarga suyanishini ta’kidlab o‘tdi va ishtirokchilarni iqtidorli bolalar maktabida yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishtirdi.

Tadbir qatnashchilari bo‘lgan nuroniylar davlatimiz tomonidan o‘zlariga ko‘rsatilayotgan hurmat va e’tibordan mamnunliklarini bildirdilar va albatta bunday tadbirlar yanada ko‘plab tashkil qilinishi lozimligini e’tirof etdilar. Shu bilan birga tadbir tashkilotchilariga chin dildan minnatdorchlik bildirdilar.

Bahodir BOLTABOYEV, tuman Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari.