Mamlakatimizda nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquq va manfaatlarini himoya qilish eng ustuvor masalalardan biri hisoblanadi. So‘nggi yillarda ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilib, bu masala davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi.
Aholining ushbu qatlamini manzilli ijtimoiy himoya qilish, keksalar, pensionerlar, nogironligi bo‘lgan bolalar va kattalarga tibbiy-ijtimoiy yordamning barqaror tizimini yaratish ishlari jadal davom etmoqda. O‘zbekiston Respublikasining «Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida»gi yangi Qonun nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirishda muhim huquqiy asos bo‘ldi.
2021 yil 8 oktabr kuni Amudaryo tumani muhandislik texnikumida O‘zbekiston Respublikasi Nogironlar jamiyati tuman bo‘linmasi tashabbusi bilan imkoniyati cheklangan, individual ta’lim olayotgan 12-17 yosh o‘quvchilar o‘rtasida ularning sport va jismoniy tarbiyaga qiziqishlarini yanada oshirish, hayotda o‘z o‘rnini topishlariga ko‘maklashish maqsadida tadbir hamda sportning shaxmat-shashka turlari bo‘yicha sport musobaqasi o‘tkazildi.
Tadbirda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi tuman kengashi raisi Maqsud Sa’dullayev, tuman hokimligining jamoat va diniy tashkilotlar bilan aloqalar bo‘yicha mutaxassisi Dilmurod Rahimov, O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi boshlig‘i Jasur Davletov, tuman Xalq ta’limi bo‘limi psixolog-metodisti Jasorat Atajonov, shaxmat-shashka sport o‘yinlarini kuzatib boruvchi sport murabbiysi Zafarbek Qurbonov, tuman Nogironlar jamiyati raisi Nilufar Xolboyevalar hamda jamiyat a’zolari ishtirok etdilar.
Tadbirda so‘zga chiqqan tuman Nogironlar jamiyati raisi Nilufar Xolboyeva mamlakatimizda imkoniyati cheklangan yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga, ularga jamiyatda o‘z o‘rinlarini topishlariga ko‘maklashishga alohida e’tibor qaratilayotgani hamda bu borada keng imkoniyatlar va shart-sharoitlar yaratilayotgani xususida so‘z yuritdi.
Shuningdek, tadbirda so‘zga chiqqanlar sportning inson salomatligi uchun, ayniqsa, shaxmat-shashka sport turi inson aqliy faoliyatini mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega ekanligini ta’kidlab, o‘quvchilarni sport va jismoniy tarbiya bilan muntazam shug‘ullanib borishlariga da’vat qildilar hamda oldindagi shaxmat-shashka musobaqasida o‘quvchilarga omad tiladilar.
Shaxmat-shashka sport o‘yinlari baxs-munozara boy hamda murosasiz tarzda o‘tdi. O‘quvchilar g‘oliblikni qo‘lga kiritish uchun astoydil intildilar. Musobaqalar yakunida ishtirokchilar hamda g‘oliblar mas’ullar tomonidan diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.
Ta’kidlash kerakki, bu kabi uchrashuvlar hamda sport o‘yinlarning tashkil etilishi, imkoniyati cheklangan yoshlarning individual qobiliyatlarini yuzaga chiqarishlariga, o‘ziga bo‘lgan ishonchlarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi, shubhasiz.
Tuman hokimligining Axborot xizmati.