XALQARO QIZLAR KUNI MUNOSABATI BILAN BIR QATOR TADBIRLAR O‘TKAZILDI

Туман янгиликлари

Xalqaro qizlar kuniga 2011 yil, 11 oktabrda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Assambleyasida asos solingan. Butun jahon bo‘yicha qizlarning kamsitilishi, ularning ijtimoiy muammolariga e’tibor qaratish maqsadida har yili 11 oktabrda keng nishonlanadi.

Qizlar hayotiga oid muammolarga asosan majburiy nikoh, ularning  ta’lim olish, ishlash huquqlarini cheklash, tibbiy xizmatlardan foydalanishlariga to‘sqinlik qilish, majburiy mehnat va zo‘rlash kiradi.

Dunyoda qizlarning ta’lim olishi uchun keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganiga qaramasdan, ularning aksariyati fuqarolik urushlari, kambag‘allik tufayli bunga qiyinchilik bilan erishmoqda. Bu kabi muammolar qo‘shni Afg‘oniston, shuningdek, Hindiston, Somali, Pokiston kabi davlatlarda uchraydi.

Ayni paytda dunyoda 15-19 yosh oralig‘idagi har to‘rt nafar qizdan biri ishlash, o‘qish va kasbiy tayyorgarlik imkoniyatiga ega emas.

Mamlakatimizda ham har yili 11 oktabr – Xalqaro qizlar kuni keng nishonlanadi. “Qizlar haftaligi” doirasida joylarda turli tadbirlar o‘tkazilib, faol va tashabbuskor qizlar taqdirlanadi.

Bu sanani amudaryolik qizlar ham munosib kutib oldilar. Tumanning turli hududlarida, ovul va mahallalari hamda o‘quv muassasalarida ko‘ngilochar tadbirlar, ijodiy-madaniy targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi.

Xususan, “Barkamol avlod” markazida iqtidorli qizlar ishtirokida markaz o‘qituvchilari tomonidan mahorat darslari o‘tkazildi. Mahorat darslarida markaz direktori Xonimjon Rajabova ishtirok etib, bichish-tikish va yumshoq o‘yinchoqlar yasash bo‘yicha iqtidorli qizlarning ko‘nikma va mahoratlarini  sinovdan o‘tkazdi.

Shuningdek, markazda qizlar  tomonidan qo‘l mehnati bilan yasalgan buyumlar ko‘rgazmasi tashkil etildi. Qizlarning noyob va innovatsion ixtirolari namoyish qilinib, mahorat darslari orqali markaz o‘qituvchilarining bilim va tajribalari amalda ko‘rsatib berildi. Iqtidorli, ixtirochi qizlar rag‘batlantirildi.

Xalq ta’limi bo‘lishi tasarrufidagi 76-sonli umumta’lim maktabining bir guruh a’lochi va intizomli o‘quvchi-qizlari esa “Taraqqiyot ko‘zgusi” gazetasi va Amudaryo televideniyesi birlashgan tahririyatida bo‘lishib, Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist Robiya Yo‘ldosheva bilan dildan, samimiy suhbatlashdilar.

Robiya Yo‘ldosheva ularga mamlakatimizda yaratilgan shart-sharoitlar, qizlarning ta’lim olishlari, o‘z iqtidorlarini namoyon  etishda, sportda hamda jamiyatimizning boshqa yo‘nalishlarida katta yutuqlarga erishayotgan qizlar haqida, shuningdek O‘zbekistonda gender tenglikni ta’minlash davlat siyosatida ustuvor masalalardan biri ekanligi xususida gapirib berdi.

O‘z navbatida qizlar o‘zlari yozgan she’rlarini o‘qib berishdi, shuningdek, hayotda o‘z o‘rinlarini topish maqsadida hozirdan xarakat qilib, bo‘sh vaqtlarida qo‘shimcha bilim olayotganliklari xususida to‘lqinlanib so‘zladilar. Oila tutumlari, qiz bolaning odob-axloqi xususida o‘z fikrlarini bildirdilar.

Xalqaro qizlar kuni munosabati bilan tuman hokimligining kichik majlislar zalida Senatorlar, mahalliy Kengash deputatlari va turli sohalarda faoliyat yuritayotgan rahbar ayollar uchrashuvi ham bo‘lib o‘tdi. Unda ishtirokchilar tomonidan mamlakatimizda ayol-qizlarga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor va rag‘bat alohida e’tirof etilib, qizlarning kasb-kor egallashlari, oliy ma’lumot olishlari, o‘z biznes-rejalarini mustaqil ravishda amalga oshirishlari uchun davlatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan amaliy yordam, qabul qilinayotgan qonunlar, qonunosti hujjatlari xususida to‘lqinlanib so‘z yuritdilar.

Shu bilan birga ular o‘zlari hayotda, siyosatda, oilada erishayotgan yutuqlari, tajriba va tashabbuslari yuzasidan o‘zaro fikr almashdilar. Ayniqsa, O‘zbekistonda gender tengligini ta’minlash, shuningdek, har qanday zo‘ravonlik holatlarining oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarni mamnuniyat bilan e’tirof etdilar.

Shu kuni Mang‘it shahridagi 1-sonli va 30-sonli umumta’lim maktablarining bir guruh o‘quvchi-qizlari ishtirokida eng ko‘p ish o‘rinlari yaratgan tadbirkor Tamara Yusupova rahbarligidagi “Tamara tekstil” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga sayohat tashkil etildi.

Sayohat davomida o‘quvchi-qizlar eng zamonaviy bichish-tikish va to‘qish texnologiyalari bilan yaqindan tanishdilar. Shu bilan birga jamiyat rahbari Tamara Yusupova erishayotgan yutuqlar, tadbirkorning umummanfaatini ko‘zlab amalga oshirayotgan va rejalashtirayotgan yangi loyihalarini qiziqish bilan kuzatdilar.

Xalqaro qizlar kuni munosabati bilan bo‘lib o‘tgan barcha tadbirlar, iqtidorli qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning qiziqishlari hamda qobiliyatlarini amalda namoyon etishga bo‘lgan intilishlarini rag‘batlantirishga qaratilgani bilan ishtirokchilarga zavq-shavq bag‘ishladi.

Muyassar XALILLAYEVA.