Mamlakatimizda bugungi kunda keksa avlod vakillarini ijtimoiy himoya qilish, ularga e’tibor va g‘amxo‘rlikni kuchaytirish, ularning turmush sharoitini yaxshilash, faol va mazmunli hayot kechirishlarini ta’minlash, boy hayotiy tajribasidan keng foydalanishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Nuroniy otaxon va onaxonlarimizga qaratilayotgan e’tiborni yanada kuchaytirish maqsadida joriy yildan boshlab oktabr oyining birinchi haftasi “Keksalar haftaligi” deya e’lon qilindi.
Amudaryo tumanida joriy yilda butun mamalkatimiz bo‘ylab 4-10 oktabr kunlari o‘tkazilishi belgilangan “Keksalar haftaligi”ga munosib tayyorgarlik ko‘rilib, haftalik doirasidagi tadbirlar yuqori saviyada o‘tkazildi. Bu borada O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Amudaryo tuman bo‘linmasining “Keksalarni e’zozlash, ularga hurmat-ehtirom ko‘rsatish – xalqimizga xos ezgu fazilat” degan g‘oyani o‘zida mujassam etgan “Keksalar haftaligi”ni o‘tkazish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilib, qator tadbirlar tashkil qilindi.
Xususan, “O‘zbekiston buylab sayohat qil!” dasturi doirasida keksalar, mehnat faxriylarining muqaddas qadamjolar, ziyoratgohlar, respublikamizning tarixiy shaharlariga hamda diqqatga sazovor joylariga sayohatlarini tashkil etish belgilanib, bu borada tegishli choralar amalga oshirildi.
Xususan, 8 oktabr sanasida Ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Amudaryo tuman bulinmasi tomonidan tumanimizda fan va ta’lim sohalarda uzoq yillar davomida samaralari mehnat faoliyatlarini yuritib kelgan, ayni paytda keksalik gashtini surayotgan bir guruh mehnat faxriylari muqaddas qadamjolardan biri bo‘lgan “Shayx Jalil bobo” ziyoratgohi hamda uzoq o‘tmish hamda tarixdan yodgorlik bo‘lgan “Chilpiq” qo‘rg‘oniga tashrif buyurdilar.
“Shayx Jalil bobo” ziyoratgohi qadimiy qadamjolardan biri bo‘lib, hozirda u yerga tashrif buyuruvchi ziyoratchilar soni tobora ortib bormoqda. Ziyoratgohga kelgan mehmonlar uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Mehnat faxriylarimiz Shayx Jalil bobo maqbarasini ziyorat qilishib, bugungi dorilomon kunlarga shukronalar aytib, ajdodlarimiz ruhiga duolar qildilar.
Ta’kidlash kerakki, tumanimizda sayyohlikni rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratilib, bu borada tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Shu o‘rinda qadimiy “Chilpiq” qal’asini obodonlashtirish maqsadida qator qurilish ishlari bajarilganini qayd etish joiz. “Mang‘it Invest Maksimum” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan mazkur obida tepasiga olib chiquvchi zina va boshqa inshootlar qurilib, ikkitadan shiypon va o‘tov tiklangan. Hozirda dunyoning turli burchagidan ushbu tarixiy qo‘rg‘onga sayohat qiluvchilar soni ortib bormoqda. Mehnat faxriylarimiz “Chilpiq” qal’asiga sayohat chog‘ida uni obod qilish borasidagi ishlar bilan tanishdilar hamda bundan g‘oyat xursand bo‘ldilar.
Shundan so‘ng mehnat faxriylari Nukus shahriga sayohat qildilar. Shahar markazida joylashgan “Mang‘it” choyxonasida mehnat faxriylari uchun bepul tushlik tashkil etilib, dasturxon yozildi. Tushlikdan keyin sayohatchilar marhum Musa Erniyazov qabrini ziyorat qildilar.
Musa Yerniyazov qariyb 50 yillik faoliyati davomida ulkan rahbarlik qobiliyati, insoniy fazilatlari bilan hurmat qozongan, Qoraqalpog‘istonning iqtisodiy salohiyatini oshirish, shahar va ovullarni obod qilish, aholi turmushini yaxshilash uchun o‘zini ayamay mehnat qilgan, xalqimizning haqiqiy qahramoni sifatida yurtdoshlarimiz qalbida mangu yashab kelmoqda. Sayohatchilar Musa Yerniyazov qabrini ziyorat qilish barobarida uning haqiga duo qilib, Qur’on tilovat qildilar.
Shundan so‘ng mehnat faxriylari jahonga mashhur Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat san’at muzeyiga tashrif buyurib, rassom, san’atshunos, ushbu san’at muzeyining yaratuvchisi va birinchi direktori Igor Savitskiyning asarlari hamda u yerdagi ko‘plab tarixiy eksponatlar va ko‘rgazmalar bilan tanishdilar.
Aytish joizki, Savitskiy nomidagi davlat san’at muzeyi Markaziy Osiyoning asosiy san’at muzeylaridan biridir. Muzey kolleksiyasi ahamiyati va hajmi bo‘yicha dunyoda ikkinchi o‘rinda turadi. Bundan tashqari, muzeyda Qoraqalpog‘iston xalq ijodiyoti buyumlari va qadimiy Xorazm san’atiga tegishli ashyolar mavjud bo‘lib, ushbu san’at muzeyiga sayohat mehnat faxriylarida katta taassurot qoldirdi.
Muzeyga sayohatdan so‘ng mehnat faxriylarimiz “Berdaq” nomidagi teatrga borib, adabiyotning yorqin namoyondalardan biri, qator ijodiy asarlari bilan adabiyotshunoslikda o‘chmas iz qoldirgan Chingiz Aytmatov ijodining cho‘qqisi bo‘lgan “Jamila” qissasi asosida tayyorlangan “Jamila” spektaklini tomosha qildilar hamda madaniy hordiq oldilar.
Ma’lumki, Chingiz Aytmatov qirg‘iz adabiyotining eng iste’dodli va jahonga tanilgan yirik namoyondalaridan biri bo‘lib, adib nomini ilk bor xalqaro miqyosda mashhur qilgan, 1958 yilda yozilgan hamda jahon xalqlarining 40 dan ortiq tillariga tarjima qilingan asar "Jamila" qissasi hisoblanadi. Adibning "Jamila " qissasini Lui Aragon "Muhabbat haqida yozilgan dunyodagi eng ajoyib qissa" deya ta’riflagan. Chingiz Aytmatov ijodidagi eng buyuk asar asosida sahnalashtirilgan teatr mehnat faxriylarimizda ajoyib taassurot qoldirdi.
Ushbu sayohat mehnat faxriylarida katta taassurotlar qoldirib, madaniy va ma’naviy dam olishlariga imkon yaratdi. Sayohat yakungandan so‘ng nuroniy faxriylar bu kabi e’tibor hamda tashkil etilgan sayohatdan g‘oyat xursand ekanliklarini bildirishib, tashkilotchilarga minnatdorchilik izhor etdilar.
Charos Arslonova.