So‘nggi yillarda butun dunyoda aholi sonining tobora ortib borayotgani tufayli insonlarning transport vositalaridan foydalanish ehtiyojlarining oshishiga olib kelmoqda. Avtotransport vositalariga bo‘lgan talab va ehtiyojning oshishi esa yo‘llarda haydovchi hamda piyodalarning harakatlanishlarida ko‘plab noqulayliklar hamda qiyinchiliklarni keltirib chiqarmoqda.
Achinarlisi shundaki, olib borilayotgan profilaktika tadbirlariga qaramasdan, avtoulov boshqaruvchilarining avtotransport vositalaridan noto‘g‘ri foydalanishlanishlari, haydovchi va piyodalarning e’tiborsizliklari oqibatida natijasi og‘ir bo‘lgan yo‘l-transport hodisalarining sodir etilishi holatlari tobora ortib bormoqda. Jabrlanganlarning asosiy toifasini bolalar tashkil qilishi esa kishi ko‘nglini xira qiladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, har yili mamlakat ko‘chalarida va yo‘llarida minglab voyaga yetmagan yo‘l harakati ishtirokchilari halok bo‘lishadi va jarohat olishadi.
Joriy yilning 9 oktabr sanasida Amudaryo tumani Choyko‘l ovulida ana shunday ayanchli oqibatga olib kelgan yo‘l-transport hodisasi muhokamasi bo‘lib o‘tdi. Muhokamada tuman hokimi o‘rinbosari, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘i Alisher Yo‘ldashev, tuman Yo‘l-harakati xavfsizligi guruhi boshlig‘i Dilshod Aminov, ovul fuqarolar yig‘ini mas’ul xodimlari, ovul faollari ishtirok etdilar.
Mazkur yig‘ilishda joriy yilning 8 oktabr kuni Toshyop ovulida yashovchi fuqarolardan biri turmush o‘rtog‘i nomida bo‘lgan “Spark” rusumli avtotransport vositasini spirtli ichimlik ichgan holda boshqarishi natijasida Choyko‘l ovuli hududidan o‘tgan yo‘lda boshqaruvni yo‘qotishi oqibatida o‘zi bilan bir yo‘nalishda harakatlanayotgan traktor tirkamasiga urilib, yo‘l transport hodisasi sodir etganligi holati muhokama qilindi.
Muhokamada qayd etilishicha, mazkur yo‘l-transport hodisasi oqibatida “Spark” rusumli transport vositasida yo‘lovchi sifatida harakatlanayotgan, yo‘l-transport hodisasi sodir etgan shaxsning 11 yoshli voyaga yetmagan farzandi avtohalokat qurboni bo‘lgan. Yig‘ilishda bu kabi ayanchli oqibatlarga olib keluvchi yo‘l-transport hodisalari sodir etilishining oldini olish borasida profilaktika tadbirlarini yanada kuchaytirish lozimligi, har bir fuqaro yo‘llarda kelib chiqayotgan halokatlarni kamaytirishda o‘z hissasini qo‘shishi lozimligi, ovul va mahallalarda bu borada tushuntirish va targ‘ibot tadbirlarini yanada kuchaytirish zarurligi alohida ta’kidlandi.
Qayd etilganidek, bu kabi yo‘l-transport hodisalari sodir etilishining asosiy omillaridan biri yo‘l harakati qoidalariga rioya qilmaslik hisoblanadi. Transport vositalari boshqaruvchilarining yo‘l harakati taqiqlangan signalga o‘tish, taqiqlangan joylarda quvib o‘tish, mast holatda avtoulovni boshqarish, belgilangan tezlikka amal qilmaslik kabi yo‘l harakati qoidalarini buzishlari oqibati ayanchli bo‘lgan avtohalokatlarni keltirib chiqarmoqda.
Shuningdek, piyodalar tomonidan ham yo‘l belgilariga va svetoforlarga e’tibor bermasliklari, piyodalar o‘tish yo‘laklarida harakatlanmasliklari kabi yo‘l harakati qoidalarini buzish holatlari natijasida ham ko‘plab yo‘l-transport hodisalari kelib chiqmoqda.
Muhokama mobaynida mas’ullar yo‘l transport hodisalarining barvaqt oldini olish bo‘yicha profilaktik tadbirlarning yanada oshirilishi zarurligi xususida to‘xtalib, sodir etilgan yo‘l-transport hodisasi, unga imkon bergan shart-sharoitlar va sabablarni atroflicha muhokama qildilar. Fuqarolarning bu boradagi fikr-mulohazalar hamda takliflari tinglandi.
Aziz yurtdoshlar, yo‘lga chiqqan har bir harakat ishtirokchisi sifatida o‘z zimmamizdagi mas’uliyatni chuqur his qilib, belgilangan qoidalarga qat’iy rioya etgan holda harakatlanaylik. Ana shundagina yo‘llarimizda sodir etilishi mumkin bo‘lgan noxush holatlarning oldini olishga o‘z hissamizni qo‘shgan bo‘lamiz.
Tuman hokimligining Axborot xizmati.