Bugungi kunda mamlakatimizda xorijiy tillarni o‘qitish orqali yosh avlodni ona Vatanga muhabbat va sadoqat, qadimiy va boy merosimizga iftixor tuyg‘usi, milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalashga alohida e’tibor qaratilib bu borada samarali ishlar qilinmoqda. Yoshlarning chet tillarni mukammal o‘rganishlari, barcha sohalarda chet tilini bilgan holda o‘zlarini namoyon eta olishlari uchun zarur shart-sharoitlar va imkoniyatlar yaratilib, ularning xorijiy tilda og‘zaki va yozma nutqlarini rivojlantirishga yo‘naltirilgan tizimli ishlar tashkil etilmoqda.
Ta’lim muassasalarida ta’lim oluvchilarning chet tilida fikr yuritishlari, erkin nutqni amalga oshira olish qobiliyatlarini rivojlantirish, intellektual faoliyatini shakllantirish, chet tilini tez va oson o‘rganishlariga alohida e’tibor qaratilib, dars jarayonlari o‘quvchilarning mustaqil izlanishlariga yo‘naltirilgan holda tashkil etilmoqda. Bu borada zamonaviy ta’lim metodlaridan samarali foydalangan holda o‘tkazilayotgan ochiq darslar muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Amudaryo tumani Xalq ta’limi bo‘limiga qarashli 30-sonli umumta’lim maktabida ingliz tili fani bo‘yicha o‘tkazilgan ochiq darsda o‘quvchilarning chet tili bo‘yicha bilimlari yanada boyitildi. Maktabning 6-sinf o‘quvchilari uchun tashkil etilgan dars mashg‘ulotida “What is in the fridge?” mavzusida o‘quvchilarda yangi bilimlar hosil qilindi.
Maktabning ingliz tili fani o‘qituvchisi Nargiza Qurbanboyeva ushbu ochiq darsga astoydil tayyorgarlik ko‘rgani dars jarayonida yaqqol namoyon bo‘ldi. Ochiq darsda tuman Xalq ta’limi bo‘limi inspektor metodisti Rayhon Yakubova, ingliz tili fani metodisti Farida Shamsiddinova hamda maktabning turli fan o‘qituvchilari ishtirok etdilar hamda ingliz tili fani o‘qituvchisi Nargiza Qurbanboyevaning pedogogik mahorati bilan tanishdilar.
Ochiq dars jarayonida dastlab o‘quvchilardan uyga berilgan vazifalari so‘raldi, so‘ngra elektron doska orqali yangi mavzu yuzasidan tushunchalar berildi. O‘qituvchi ochiq darsda ham an’anaviy ham zamonaviy ta’lim metodlaridan, innovatsion pedogogik texnologiyalardan, turli ko‘rgazmali qurollardan hamda tarqatma materiallardan foydalandi.
Ochiq darsning o‘quvchilarni kichik guruhlarga ajratgan holda, o‘yin texnologiyalaridan foydalanib tashkil etilgani o‘quvchilarning darsga bo‘lgan qiziqishlarini yanada oshirib, ularning mashg‘ulotda faol ishtirokini ta’minladi.
Aytish kerakki, bugungi kunda mamalakatimizda chet tillarni o‘qitishning sifatini oshirish va yanada samarali usullarini ta’lim jarayoniga tadbiq qilish, chet tillari bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlarini yanada rivojlantirish, ilmiy salohiyatli mutaxassislarni tayyorlash ta’lim sohasidagi dolzarb masalalaridan biri hisoblanadi. Mamlakatimiz ta’lim tizimida ilmiy-nazariy jihatdan asoslangan, chet tillarni o‘qitishda nutqiy muloqotga yo‘naltirilgan yangi pedagogik texnologiyalarni yorituvchi va informatsion texnologiyalar bilan jihozlangan darsliklar, o‘quv-qo‘llanmalarni yaratish va o‘quv jarayoniga joriy etib, xorijiy til ta’limini yanada takomillashtirish milliy ta’lim dasturining asosiy maqsadi hisoblanadi.
Yoshlarga chet tillarini mukammal tarzda o‘rgatishda o‘qituvchilarga katta mas’uliyat yuklatilgan bo‘lib, ulardan o‘z ustida muntazam ishlash, dars jarayonlariga ijodiy yondashish, doimo bilim, ko‘nikma va malakalarini oshirib borish talab etiladi.
Tumanimizdagi 30-sonli maktabda ingliz tili fani bo‘yicha tashkil etilgan ochiq darsda o‘qituvchi Nargiza Qurbanboyevaning o‘z kasbiga bo‘lgan mehri hamda ishiga bo‘lgan mas’uliyati bilan ochiq darsda ishtirok etganlarda iliq taassurot qoldirdi.
Charos Arslonova.