Mamlakatimizda Prezident tashabbusi bilan hududlarda mutasaddi rahbarlarning aholi qiynab kelayotgan muammolar bilan ishlar, murojaatlardagi masalalarni joylarga chiqib o‘rganish hamda ularni ijobiy hal etish tizimi yangi bosqichga ko‘tarildi.
Butun mamalakatimiz bo‘ylab joylarda turli darajadagi rahbarlarning aholi bilan ochiq muloqotlari, sayyor qabullar tashkil etilib, insonlarning muammolari o‘rganilmoqda hamda ularni bartaraf qilish choralari ko‘rilmoqda.
Joriy yilning 15 oktabr sanasida Amudaryo tumanidagi Daryo bo‘yi mahallasi 21-sonli Bolalar musiqa va san'at maktabida respublika mutasaddi rahbarlari ishtirokida aholi murojaatlarini o‘rganish hamda ularni ijobiy hal etishga amaliy yordam berish maqsadida sayyor qabul o‘tkazildi.
Sayyor qabulda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri Sag‘indiq Turmanov, vazirning birinchi o‘rinbosari Maryam Ahmedova, tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev, tumanimizdagi sektorlar rahbarlari, korxona-tashkilotlar mas’ullari hamda aholi vakillari ishtirok etdilar.
Qabul jarayonida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri Sag‘indiq Turmanov so‘zga chiqib, bugungi kunda mamalakatimizda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar tub negizida inson manfaatlari yotgani, aholini uzoq yillar mobaynida qiynab kelayotgan muammolarni joylarga chiqib o‘rganish hamda ularga barham berish borasida davlatimiz rahbari tomonidan yangi ustuvor vazifalar belgilab berilgani hamda ularning ijrosini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilayotgani xususida so‘z yuritdi.
Ta’kidlash kerakki, Prezident Shavkat Mirziyoyevning «Insonlarning dardu tashvishlarini o‘ylab yashash – odamiylikning eng oliy mezonidir», «Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak», «Xalqimiz o‘z hayotida ijobiy o‘zgarishlarni ertaga emas, uzoq kelajakda emas, aynan bugun ko‘rishi kerak» kabi el-yurtimiz qalbi va ongidan chuqur joy olgan so‘zlari bugun mamlakatimizda barcha soha va tarmoqlarda amalga oshirilayotgan tub o‘zgarish va islohotlarni harakatlantiruvchi qudratli kuchga aylandi.
Sayyor qabul jarayonida aholi vakillarining turli mazmundagi muammoli masalalari yuzasidan 25 ga yaqin murojaatlari qabul qilindi. Murojaatlardagi masalalar asosan, ijtimoiy va moddiy yordam olish, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish uchun kredit olishda amaliy yordam so‘rash, bandigini ta’minlash, elektr ta’minotidagi muammolarni hal etishda, obodonlashtirish va ichki yullarni ta’mirlash masalalarida, amaliy yordam so‘rash mazmunida bo‘ldi. Qator masalalar sayyor qabul jarayonining o‘zida ijobiy yechimini topdi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri Sag‘indiq Turmanov muddat talab etadigan murojaatlardagi masalalarni ijobiy hal etish yuzasidan tegishli mas’ullarga topshiriqlar berib, aholi muammolari bilan ishlashda samarali tizim hisoblangan “mahallabay” ishlash, ayniqsa, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan oilalar, fuqarolar bilan manzilli va, albatta, natijali ishlash bo‘yicha mas’ullarga tegishli topshiriqlar hamda tavsiyalar berdi.
Sayyor qabul yakunlanganidan so‘ng mutasaddi rahbarlar tumanimiz yoshlari yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdilar hamda ularning muammolarini o‘rgandilar. Uchrashuvda tumandagi faol yoshlar, uyushmagan yoshlar hamda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlar ishtirok etib, turli yo‘nalishlar bo‘yicha muammoli masalalar yuzasidan murojaat qildilar. Ochiq muloqot tarzida o‘tkazilgan uchrashuvda yoshlar tomonidan 9 ta murojaatlar kelib tushdi. Ularning aksariyati shu yerning o‘zida ijobiy hal etilib, muddat talab etadigan murojaatlar yuzasidan tegishli tashkilotlar mas’ullariga topshiriqlar berildi.
Tuman hokimligining Axborot xizmati.