So‘nggi yillarda mamlakatimizda aholi, shu jumladan, xotin-qizlar va yoshlarning ijtimoiy himoyaga muhtoj, turmush sharoiti og‘ir, ishsiz va kasb-hunarga ega bo‘lmagan, huquqiy va ma’naviy-psixologik qo‘llab-quvvatlashga zarurati bo‘lgan fuqarolarga davlat tomonidan manzilli ko‘maklashish bo‘yicha mutlaqo yangicha tizim joriy qilindi.
Bu yo‘nalishda manzilli, har bir shaxs bilan individual va tizimli ravishda muntazam ish olib borishni tashkil qilish maqsadida moddiy yordam va ko‘makka muhtoj oilalar bo‘yicha mutlaqo yangi – “Temir daftar”, ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy, psixologik qo‘llab-quvvatlashga, bilim va kasb-hunar o‘rganishga ehtiyoji va ishtiyoqi bo‘lgan xotin-qizlar va yoshlar bo‘yicha tegishlicha “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” tizimlari hayotga tatbiq etildi.
Amudaryo tumanida yordamga muhtoj xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida tuzilgan “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar bandligini ta’minlash, ularga ijtimoiy va moddiy yordam ko‘rsatish borasida samarali ishlar qilib kelinmoqda.
Aytish kerakki, tumanimizda bandligi ta’minlanib, “Ayollar daftari”dan chiqarilgan, ayni paytda oilasi uchun yetarli daromad manbayiga ega bo‘layotgan xotin-qizlarimiz talaygina. Xususan, Choyko‘l ovulida yashovchi Laylo Ahmedovaga tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi va o‘z-o‘zini band qilishi uchun amaliy yordam berilib, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlangan. Laylo Ahmedova 33 mln so‘m kredit mablag‘i olib, tadbirkorlik faoliyatini boshlagan hamda “Ayollar daftari”dan chiqarilgan. Ayni paytda u tikuvchilik faoliyati bilan shug‘ullanib, zaruriy moddiy mablag‘ga ega bo‘lmoqda. Turli mavsumga mo‘ljallab ayollar hamda bolalar kiyimlarini tikmoqda va oila iqtisodiga qo‘shimcha daromad kiritmoqda.
Shuningdek, Choyko‘l ovulida yashovchi Salomat Ortiqova hamda Gulzor mahallasida yashovchi Barno Kamolovalar ham ijtimoiy yordam berilib, bandligi ta’minlangan xotin-qizlardan hisoblanadi. Ularning har ikkalasiga Ayollar jamg‘armasi hisobidan subsidiya asosida tikuv mashinasi berilib, tadbirkorlik faoliyatlarini boshlashlariga amaliy yordam ko‘rsatilgan hamda “Ayollar daftari”dan chiqarilganlar. Hozirgi kunda ular tikuvchilik bilan shug‘ullanish orqali daromad manbayiga ega bo‘lmoqdalar.
Olmazor mahallasida yashovchi moddiy va ijtimoiy ko‘makka muhtojligi sababli “Ayollar daftari”ga kiritilib, har tomonlama qo‘llab-quvvatlangan Dilfuza Avezova bugun oilasiga iqtisodiy daromad keltirayotganidan mamnun. Dilfuza Avezovaga mutasaddilar tomonidan 15 mln so‘m kredit mablag‘i olishida hamda o‘z tadbirkorlik faoliyatini boshlashida amaliy yordam berilgan va bandligi ta’minlangan. Ayni paytda u tikuvchilik bilan shug‘ullanib, aholi ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda ko‘rpa, ko‘rpacha, to‘shak va yostiqlar tikmoqda hamda o‘z oilasiga yetarli darajada moddiy mablag‘ga ega bo‘lmoqda.
Hamyurtlarimizdan biri, 3-sektor hududidagi Jumurtov shaharchasida yashovchi Rayhon Do‘schanova ayni paytda ta’mirlanib, yangi holatga keltirilgan uy-joyda yashayotganidan davlatimizda xotin-qizlar va ayollarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga qatarilayotgan bu kabi e’tibordan g‘oyat xursand. 3-sektor rahbari hamda mas’ullari tomonidan Rayhon Do‘schanovaning uy-joyi ta’mirlab berilib, yangicha ko‘rinishga keltirildi hamda unga o‘z-o‘zini band qilishi uchun amaliy yordam berildi.
Aytish kerakki, tumanimizda salomatlik bilan bog‘liq muammolari bo‘lgan ayollarimizga har tomonlama ko‘mak berish borasida ham samarali ishlar qilinmoqda. Jumladan, “Ayollar daftari”ga kiritilgan Bo‘z yop ovulida yashovchi Zamira Xaytboyevaning nevarasi Sevinchoy Oybekovaning yurak xastaligiga chalingani sababli, uning Toshkent shahrida operatsiya qilinishiga amaliy yordam berildi. Hozirda Sevinchoyning salomatligi joyida bo‘lib, buvisi Zamira Xaytboyeva bundan g‘oyat mamnun.
Ovulda yashovchi Maysara Masharipova ham ayni paytda samarali tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ygan xotin-qizlardan biri hisoblanadi. Unga tikuvchilik bilan shug‘ullanishi uchun 12 mln so‘m kredit mablag‘i olishida amaliy yordam ko‘rsatilib, bandligi ta’minlangan hamda shu orqali Maysara Masharipova “Ayollar daftari”dan chiqarilgan. Ayni paytda u hamyurtlarimiz ehtiyojlariga ko‘ra ayollar va bolalar kiyimlarini tikib, oila iqtisodiga qo‘shimcha daromad kiritmoqda.
Ta’kidlash kerakki, tumanimizda har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotganliklari sababli hayotda va jamiyatda o‘z o‘rnini topayotgan xotin-qizlarimiz soni ortib bormoqda. Ular bilan suhbatlashar ekanmiz, o‘z so‘zlarida o‘z hayotidan va davlatdan rozi ekanliklarini bildirishib, mamlakatimizda inson manfaatlari yo‘lidagi islohotlar bardavom bo‘lishini tiladilar.
Tuman hokimligining Axborot xizmati.