PRЕZIDЕNT SAYLOVI KARANTIN QOIDALARIGA AMAL QILINGAN HOLDA O‘TKAZILADI

Туман янгиликлари

Joriy yilning 24 oktabr kuni mamlakatimizda muhim siyosiy jarayon – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo‘lib o‘tadi.

Saylov – bu fuqarolarning Konstitutsiyada belgilangan asosiy huquqi hisoblanadi. Saylovda o‘n sakkiz yoshga to‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari ishtirok etish huquqiga ega.

Saylovchilar bu boradagi huquqlarini amalga oshirish jarayonida Saylov Kodeksi va Markaziy saylov komissiyasining 2021 yil 25 avgust kungi Qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazishda koronavirus infeksiyasi (COVID-19) tarqalishining oldini olish bo‘yicha Yo‘riqnoma”da belgilangan qoidalarga amal qilishlari kerak.

Ovoz berish 24 oktabr kuni 8:00 dan 20:00 ga qadar o‘tkaziladi. Ovoz berish vaqti va o‘rni haqida uchastka saylov komissiyasi saylovchilarni saylovdan kamida o‘n kun oldin xabardor etadi. Saylovchilarni ovoz berish joyi va vaqti haqida xabardor qilish qo‘shimcha ravishda ommaviy axborot vositalari, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va targ‘ibot materiallari yordamida amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasining chet eldagi diplomatik hamda boshqa vakolatxonalarida tuzilgan saylov uchastkalarida ovoz berish saylov kuni ushbu saylov uchastkalari joylashgan yerdagi mahalliy vaqt bilan 8:00 dan 20:00 ga qadar amalga oshiriladi.

Saylovchi ovoz berish binosiga kelganida uning tana harorati o‘lchanadi va qo‘liga antiseptik suyuqligi sepiladi, himoya niqobi bo‘lmagan saylovchiga niqob beriladi va binoga kiritiladi. Saylovchi oraliq masofani saqlagan holda o‘zining shaxsini tasdiqlovchi hujjatining tegishli betini ochadi va uchastka saylov komissiyasini ushbu hujjat bilan kontaktsiz tanishishiga imkoniyat yaratib, saylovchilar ro‘yxatiga imzo qo‘yadi. Shundan so‘ng, unga saylov byulleteni beriladi.

Saylovchi tibbiy qo‘lqop kiygan holda ro‘yxatga imzo qo‘yishi, saylov byulletenini olishi, ovoz berish kabinasi (xonasi)da saylov byulletenini to‘ldirishi hamda kabinada bir daqiqadan ortiq bo‘lmasligi tavsiya etiladi. Qandaydir sababga ko‘ra tizimga familiyasi kirmay qolgan saylovchilarning familiyalari – shaxsi, fuqaroligi va yashash joyini tasdiqlovchi hujjat asosida saylovchilar ro‘yxati ilovasiga kiritiladi.

Saylovchi saylov byulletenini olgach, uni yashirin ovoz berish kabinasida to‘ldiradi. Oldingi saylovlardan farqli turda joriy yilgi saylovda yashirin ovoz berish kabinalariga parda osilmaydi. Saylov byulletenini to‘ldirish chog‘ida ovoz beruvchi shaxsdan boshqa shaxslarning hozir bo‘lishi ta’qiqlanadi.

Saylov byulletenini mustaqil ravishda to‘ldirish imkoniyatiga ega bo‘lmagan saylovchi o‘z xohishiga ko‘ra yashirin ovoz berish kabinasiga yoki xonasiga boshqa shaxsni taklif qilishga haqli, bundan saylov komissiyasi tarkibiga kiradigan shaxslar, kuzatuvchilar va ommaviy axborot vositalari vakillari mustasno.

Saylovchi o‘zi yoqlab ovoz berayotgan nomzodning fa-miliyasi ro‘parasida, o‘ng tomonda joylashgan bo‘sh kvadratga «+» yoki «P» yoxud «x» belgisini qo‘yadi. Ovoz beruvchi to‘ldirilgan saylov byulletenini saylov qutisiga tashlaydi. Buzib qo‘yilgan saylov byulleteni saylovchining iltimosiga ko‘ra yangisiga almashtirilishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, saylovchilar saylov byulletenidagi faqatgina bir nomzodga ovoz berishi kerak. Sababi ovoz berish vaqtida xato belgilangan saylov byulletenlari haqiqiy emas deb topiladi. Saylovchi saylovchilar ro‘yxatiga imzo qo‘yishda, saylov byulletenini olishda, yashirin ovoz berish kabinasida saylov byulletenini to‘ldirishda tibbiy qo‘lqopda bo‘lishi, yashirin ovoz berish kabinasida bir daqiqadan ortiq bo‘lmasligi tavsiya etiladi.

Saylovchilar va saylov jarayoni boshqa ishtirokchilarining tana harorati 37 daraja va undan yuqori bo‘lgan taqdirda ular ovoz berish xonasiga kiritilmaydi.

Bunda, tana harorati 37 daraja va undan yuqori bo‘lgan saylovchilar uchun alohida ajratilgan joylarda ikki nafar uchastka saylov komissiyasi a’zosi hozirligida ko‘chma saylov qutilari va kabinalaridan foydalangan holda yashirin ovoz berish huquqi ta’minlanadi.

Koronavirus infeksiyasidan uy sharoitida davolanayotgan saylovchining yashash joyida ovoz berishi tashkil etiladi.

Saylov Kodeksiga ko‘ra, agarda saylovchi 2021 yil 24 oktabr kuni o‘zi yashaydigan joyda bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lmagan holda muddatidan oldin ovoz berishi, agarda sog‘ligi holatiga yoki boshqa sabablarga ko‘ra ovoz berish binosiga kela olmasa, turgan joyida ovoz berish huquqiga ega.

Jamshid Bekimbetov, tuman Adliya bo‘limi bosh maslahatchisi.