Kuzning ilk kunlaridanoq yil bo‘yi qilgan fidokorona mehnatlari mahsulini ko‘rishga oshiqqan dehqon ahli borki, dala-yu bog‘iga ko‘chib chiqadi. Imkonlarini chamalab, hosil xirmonlarini bunyod etishga kirishadilar. Kuzning har bir daqiqasi, ayniqsa, paxtakorlar uchun yil sarhisobining zalvorli raqamlari qayd etiladigan palla. Chunki ana shu faslda yetishtirilgan paxta hosili yig‘ishtirib olinadi, ko‘zlangan rejalar, lafzlar yuksak hosil xirmonlarida namoyon bo‘ladi.
Mamlakatimiz mustaqilligining 30 yilligi tantana qilingan joriy yilda amudaryolik paxtakorlar o‘z oldilariga ulkan marralarni qo‘ydilar. MCHJ shaklidagi “Amdurayotex” xorijiy korxonasi klasteri bilan 350 ta paxtachilik fermer xo‘jaliklari o‘rtasida shartnomalar tuzilib, 15030 gektar yerga tumanimiz iqlim sharoitiga mos serhosil navli chigit ekildi.
Hosildorlikni har gektar hisobiga 27,2 sentnerga, yalpi hosil xirmonini 45750 tonnaga yetkazishni rejalashtirgan fermer xo‘jaliklari rahbarlari joriy qishloq xo‘jaligi yilining barcha mavsum yumushlarini agrotexnika qoidalariga muvofiq tashkil etdilar.
Yuksak Amudaryo paxta xirmonini bunyod etish uchun, sentabr oyining ilk kunlaridanoq uyushqoqlik bilan boshlangan terim sur’ati tufayli hosil xirmonlari qad rostlay boshladi.
Mavsum davomida 12430 gektar maydonda defoliatsiya ishlari sifatli olib borildi. Paxta yig‘im-terimini ko‘tarinki ruhda, uyushqoqlik va jipslik bilan amalga oshirish, terimchilar va ko‘ngilli hasharchilar uchun zarur shart-sharoitlar yaratish kabilariga alohida e’tibor qaratildi. Shuni alohida e’tirof etish kerakki, g‘o‘za vegetatsiyasi davrida bajariladigan ishlar uchun “Amdurayotex” xorijiy korxonasi klasteri tomonidan mehnatkashlarning ish haqlarini o‘z vaqtida hisob-kitob qilib borishlari uchun fermer xo‘jaliklariga 100 mlrd. 148 mln. 954 so‘m pul mablag‘lari imtiyozli kredit hisobidan amalga oshirilgani bugungi yig‘im-terim sur’atining yuqori bo‘lishini ta’minladi.
Bundan tashqari, yetishtirilgan paxta hosilini kuzning izg‘irinli kunlariga qoldirmasdan yig‘ishtirib olish uchun terimchilarning ish haqlari bosqichma-bosqich oshirib borish tartibida hisob-kitob qilinishi belgilangani, qolaversa, yig‘im-terim otryadlari rahbarlari ishni to‘g‘ri tashkil qilganligi, kunlik terim pullari kechiktirmasdan berib borilishi muvaffaqiyatli yutuqlarning garovi bo‘lmoqda.
Ayni paytda paxta yig‘im-terimining sifatli va samarali olib borilishida tumanda tashkil etilgan 290 ta terim otryadlari va ularning tajribali rahbarlari sa’y-harakatlari bilan fermer xo‘jaliklari dalalarida 23266 nafar terimchi yuksak unum bilan mehnat qilishmoqda.
Xususan, 1-sektor hududidagi fermer xo‘jaliklaridagi 78 ta otryad tarkibida 5442 nafar, 2-sektor hududidagi fermer xo‘jaliklarida 7826 nafar, 3-sektorda 7269, 4-sektorda esa 2729 nafar klaster va fermer xo‘jaliklari ishchilari hamda uyushmagan aholi vakillaridan iborat ko‘ngilli hasharchilar tumanning umumiy xirmoniga kuniga 200 tonnadan ortiq paxta terib topshirishmoqda.
Yuksak uyushqoqlik va jipslik asosida tashkil etilgan “Paxta – 2021” yig‘im-terim mavsumining samarasi esa zalvorli raqamlarda o‘z ifodasini topmoqda.
Dehqon va fermerlar uchun eng mas’uliyatli palla – kuzgi sarhisob onlari yaqin qoldi. Ana shunday mas’uliyatli davrda beliga etak bog‘lab, dalaga chiqqan har bir ko‘ngilli hasharchiga, dehqon va fermerlarga: “Hormang, lafzi halol, fidoyi va aziz paxtakorlar” – deymiz.
Robiya YO‘LDOSHЕVA.