Ma’lumki, mamlakatimizda 2021 yil 24 oktabrda bo‘lib o‘tadigan muhim siyosiy tadbir – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida fuqarolarning ishtiroki, avvalo, jamiyatning siyosiy-huquqiy saviyasi qay darajada ekanini belgilaydi.
Konstitutsiyamizning 7-moddasida xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbai ekanligi, 32-moddasida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda bevosita hamda o‘z vakillari orqali ishtirok etish huquqiga egaligi belgilab qo‘yilgan. Demak, fuqarolar Konstitutsiyamizda belgilab qo‘yilgan siyosiy huquqlaridan foydalangan holda saylovlarda ishtirok etadilar.
Saylovni o‘tkazishda saylovchilar bilan uchrashuvlar muhim ahamiyatga ega. Respublika maxsus komissiyasining 2021 yil 19 avgustdagi qarori bilan barcha siyosiy partiyalarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi kampaniyasi davrida nomzodlar va ishonchli vakillarning saylovchilar bilan uchrashuvlarini o‘tkazishga ruxsat berildi.
Bunda siyosiy partiyalarga saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazishda ishtirokchilar o‘rtasida ijtimoiy masofani saqlash, tibbiy niqobda bo‘lish, antiseptik vositalardan foydalanishga rioya etish kabi sanitariya-gigiyena va karantin talablariga rioya etishga hamda uchrashuvlarga taklif etilayotgan fuqarolarning koronavirus infeksiyasiga qarshi emlanganligiga e’tibor qaratish tavsiya etildi.
Saylov Kodeksiga muvofiq, har bir saylovchi bir ovozga ega. Boshqa saylovchilar uchun ovoz berish qonunda qat’iyan ma’n etilgan. Mamlakatimizda o‘z mustaqil fikri va hayotiy pozitsiyasiga tayangan holda munosib nomzodga ovoz berish qonun bilan kafolatlangan.
Men yurtdoshlarimizni Konstitutsiyaviy huquqlaridan foydalangan holda Prezident saylovida faol ishtirok etishga chaqiraman.
Oxunjon SABUROV,
Toshkent shahridagi Yuridik texnikum talabasi.