Yurtimizda yaqin kunlar ichida bo‘lib o‘tadigan Prezident sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish davomida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlar, ya’ni yong‘in va shu kabi boshqa hodisalarning oldini olish uchun hududiy yig‘ma komanda kuch va vositalarining doimiy shayligini, tayyorgarligini ta’minlash maqsadida o‘quv mashg‘uloti o‘tkazildi.
Shu yil 14 oktabr kuni bo‘lib o‘tgan ushbu tadbir Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi – Fuqaro muhofazasi boshlig‘ining tegishli buyrug‘iga asosan tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limi tomonidan tegishli davlat organlari va tashkilotlar bilan hamkorlikda tashkil etildi. Aholi xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha hududiy yig‘ma komandasiga tumandagi 16 ta tashkilotdan 19 ta turli rusumdagi maxsus va muhandislik texnikalari, 80 nafar shaxsiy tarkib jalb etildi. Tadbir boshlanishida “Yig‘in” signali berish orqali hududiy yig‘ma komandaning kuch va vositalari shayligi, ularni belgilangan joyga yetib kelishlari tayyorgarlikdan o‘tkazildi.
“Yig‘in” signali soat 09:30 da berilganidan so‘ng, tumandagi tegishli tashkilot va korxonalardan 9 ta yuk mashinasi va boshqa texnikalar, 46 nafar shaxsiy tarkib soat 10:40 da, ya’ni 1 soatu 10 daqiqada yetib kelib, tuman hokimligi oldidagi avtoturargohga saflandi.
Shundan so‘ng, “Saf ko‘rigi”ni o‘tkazish orqali yig‘ma komanda tarkibidagi kuch va vositalarning, shaxsiy tarkibning maxsus kiyim bosh, shaxsiy himoya vositalari va asbob-anjomlar bilan ta’minlanganligi, texnikalarning texnik holati, ularning favqulodda vaziyatlarda harakat qilishga tayyorlik darajasi tekshirib ko‘rildi. Shaxsiy tarkib va texnikalar nazoratdan o‘tkazilganida, yig‘ma komanda tarkibida ta’mirlash zvenosi tashkil etilmaganligi aniqlandi. Shuningdek, yig‘ma komanda tarkibida vodavoz, avtokran muhandislik texnikalari mavjud bo‘lsa ham saf ko‘rigiga qatnashmaganligi ma’lum bo‘ldi.
Tadbir davomida jamlangan texnikalarning sozligi, texnikalarning tegishliligi bo‘yicha hujjatlari, yo‘l varaqlari va o‘z vaqtida belgilangan manzilga yetib kelishi kabilar ham tekshiruvdan o‘tkazildi. Guruhlar va zvenolar shaxsiy tarkibining funksional vazifalarini bilish darajasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri og‘zaki savol-javoblar orqali o‘rganildi. O‘rganishlar davomida jamlangan shaxsiy tarkibning 65 foizi funksional vazifalarini bilishi aniqlandi.
Undan tashqari, saf ko‘rigi davomida tuman hokimligi rahbariyati, yig‘ma komanda komandiri hamda komanda tarkibiga kiritilgan korxona va tashkilotlar rahbarlariga shaxsiy tarkibni tegishli Nizom talablaridan kelib chiqqan holda maxsus kiyim bosh, shaxsiy himoya vositalari, asbob-anjomlar va uskunalar bilan yetarli darajada ta’minlash yuzasidan ko‘rsatmalar va tushunchalar berildi.
Shuningdek, yig‘ma komandaning fuqaro muhofazasi tuzilmalari va ular tuziladigan tashkilotlarni belgilash tartibi to‘g‘risidagi Nizomning 2-ilovasiga muvofiq kuch va vositalar bilan jamlanganligi holati ham o‘rganildi. O‘rganish davomida yig‘ma komandani tashkil etishda namunaviy tashkiliy-shtat strukturasiga rioya etilmaganligi aniqlandi.
O‘quv mashg‘ulot tadbiri yakunida tuman Fuqaro muhofazasi hududiy yig‘ma komandasi kuch va vositalari hududda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish va oqibatlarini bartaraf etishga cheklangan tayyor deb baholandi.
G‘.O‘ralov, tuman FVB boshlig‘i o‘rinbosari.