Ma’lumki, dunyodagi eng muhim demokratik jarayonlardan biri – bu saylovlardir. O‘tkaziladigan har bir saylov jamiyat hayotining ertasini belgilab berishda beqiyos o‘rin tutadi. Chunki erkin va adolatli fuqarolik jamiyatini demokratik saylovlarsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi.
Ushbu jarayonda har bir davlat va jamiyatda xilma-xil fikrlar, odamlarning xohish irodasi, orzu-umidlari, ijtimoiy kayfiyati yaqqol namoyon bo‘ladi. Shu sababli, mazkur siyosiy jarayonni qonun normalari va xalqaro standartlar asosida tashkil etishga alohida e’tibor qaratiladi.
Mamlakatimizda joriy yil o‘tkaziladigan muhim siyosiy jarayon O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida saylovchilarning faol ishtirokini ta’minlash maqsadida barcha shart-sharoitlar, keng qulayliklar hamda imkoniyatlar yaratilmoqda.
Ayni kunlarda Prezident saylovini o‘tkazish maqsadida tuzilgan barcha saylov uchaskalarida o‘tkazilayotgani kabi Amudaryo tumanidagi saylov uchastkalarida ham muddatidan oldin ovoz berish jarayonlari bo‘lib o‘tmoqda. Saylov qonunchiligiga ko‘ra saylov kuni o‘z yashash joyida bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lmagan saylovchi muddatidan oldin ovoz berish huquqiga ega ekanligi belgilangan bo‘lib, muddatidan oldin ovoz berish saylovga o‘n kun qolganida boshlanadi va saylovga uch kun qolganida tugallanadi. Shundan kelib chiqib, 2021-yil 14-20 oktabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida muddatidan oldin ovoz berish jarayonlari tashkil etilmoqda.
Aytish kerakki, qonunchilikda saylov kuni yashash hududida bo‘la olmaydigan saylovchilar uchun muddatidan oldin ovoz berish va axborot texnologiyalari orqali turgan joyda saylov uchastkasini boshqa hududdagi saylov uchastkasiga o‘zgartirish kabi qator imkomiyatlar mavjud bo‘lib, muddatdan oldin ovoz berish huquqi saylov kuni o‘z yashash joyida bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lmagan saylovchiga beriladi hamda saylovchi muddatdan oldin o‘zi munosib deb topgan nomzodiga ovoz beradi.
Ushbu jarayonning amalga oshirilishi O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 57-moddasida belgilab qo‘yilgan bolib, unga ko‘ra muddatidan oldin ovoz berishni amalga oshirish uchun saylovchi saylov kunida bo‘la olmasligining sabablari ko‘rsatilgan ariza asosida tegishli uchastka saylov komissiyasidan saylov byulletenini oladi. Saylovchi saylov byulletenini olganligi haqida tegishli uchastka komissiyasining kamida ikki nafar a’zosi hozirligida saylovchilar ro‘yxatiga imzo qo‘yadi.
Saylov byulleteni maxsus jihozlangan yashirin ovoz berish kabinasida yoki xonasida saylovchi tomonidan to‘ldiriladi. Saylovchi qaror qabul qiladi va to‘ldirilgan saylov byulletenini yopiq konvertda qoldiradi, konvert tegishli uchastka saylov komissiyasining seyfida saqlanadi. Konvertning yelimlangan joyiga uchastka komissiyasining ikki nafar a’zosining imzolari qo‘yilib, ular komissiyaning muhri bilan tasdiqlanadi.
Qonunchilikka ko‘ra tumanimizdagi saylov uchastkasilarida o‘tkazilayotgan muddatidan oldin ovoz berish jarayonlari soat 9:00 dan soat 19:00 ga qadar davom etmoqda. Shuningdek, muddatidan oldin ovoz berish jarayonlarini tashkil etishda saylovchilarning barcha karantin qoidalariga amal qilishlariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Saylovchilarning binoga kirishida tana harorati o‘lchanib, ularning himoya niqobi bilan ta’minlanganligi, ijtimoiy masofaga rioya qilishi nazorat qilinmoqda. Saylovchilarning qo‘llariga antiseptik vositalar sepilib, dezinfeksiya qilinmoqda.
Javohir O‘rozboyev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi “Kelajak liderlari” klubi a’zosi.