BAYRAM ARAFASIDA “TIL – DIL KALITI” DЕB NOMLANGAN TADBIR O‘TKAZILDI

Туман янгиликлари

O‘zbek tili jahondagi boy va qadimiy  tillardan biri hisoblanadi. Xalqimizning ko‘p asrlik  madaniy, ilmiy-ma’rifiy tafakkuri, intilluktual salohiyatining yorqin va bebaho mahsuli bo‘lgan ona tilimizni ayni paytda dunyo xalqlari sevib o‘rganishmoqda.

Mamlakatimizda 1989 yil 21 oktabrda xalqimiz asrlar davomida orzu qilib, intilib, ona tilimizning mustaqilligi uchun kurashib kelgan davlat tili haqidagi Qonunning qabul qilinishi O‘zbekistonning suvereniteti va mustaqilligi sari qo‘yilgan dastlabki dadil qadam bo‘ldi. Chunki aynan ana shu hujjat – Davlat tili haqidagi tarixiy Qonunga muvofiq O‘zbek tilimiz mustahkam huquqiy asos asosan va yuksak maqomga ega bo‘ldi.

Aynan ana shu tarixiy  hujjat tufayli Istiqlol yillarida tilimiz tom ma’noda davlat tiliga aylanib, xalqimizni yurtimizda erkin va ozod, farovon hayot qurishdek buyuk marralar sari ruhlantiruvchi beqiyos ma’naviy qudrat sifatida maydonga chiqdi.

Yangilanayotgan O‘zbekistonning bugungi bosqichi – milliy yuksalish davri talablaridan kelib chiqib, bugungi kunda ona tilimizning nufuzini yanada oshirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, 2019 yilda “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Prezident Farmoni qabul qilindi. Ushbu Farmonga muvofiq, 21 oktabr – “O‘zbek tili bayrami kuni” deb e’lon qilindi.

Mana 32 yildirki, 21 oktabr – O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan sana – 2019 yildan beri esa “O‘zbek tili bayrami kuni” sifatida mamlakatimizda keng nishonlanadi.

Amudaryo tumanidagi 42-sonli umumta’lim maktabida ham “O‘zbek tili bayrami kuni” arafasida “Til – dil kaliti” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbirni maktab direktori Qurol Mamutov ochdi va barchani O‘zbek tili bayrami munosabati bilan samimiy  tabrikladi. Shuningdek, Qurol Mamutov O‘zbek tilining Istiqlol yillarida tobora oshib borayotgan nufuzi, xalqimizni yangi marralar sari ruhlantiruvchi qudratli kuchi xususida to‘xtalib o‘tdi.

Ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Farhod Bekberganov O‘zbek tiliga Davlat tili maqomi berilishi munosabati bilan xalqimiz hayotida yuz bergan beqiyos o‘zgarishlar, tilimizning xalqaro miqyosdagi obro‘sini yanada mustahkamlash maqsadida qabul qilingan Prezident Farmon va Qarorlari, hukumat Qarorlari haqida o‘quvchi-yoshlarga, batafsil ma’lumotlar berdi.

Tadbir davomida O‘zYOI boshlang‘ich tashkiloti yetakchisi Nilufar Davlatmurodova so‘zga chiqib, tadbir ishtirokchilarini O‘zbek tili bayrami bilan tabrikladi va til – millat ko‘zgusi, ona Vatan ko‘rki ekanligini, har bir millat o‘z ona tilining qadr-qimmatini  baland tutishi kerakligini ta’kidladi. Shuningdek, u  O‘zbekistonda salkam 26 mln., Afg‘onistonda1,5 mln., Tojikistonda 1,1 mln., Qirg‘izistonda 800 mingga  yaqin, Qozog‘istonda 500 ming va Turkmaniston davlatida 455 ming, Rossiyada 300 ming nafardan ziyod o‘zbek tilida so‘zlashuvchi millatdoshlarimiz borligini, hatto Yaponiyada, Amerika Qo‘shma Shtatlarida, Janubiy Koreyada, Hindistonda, qo‘yingki, dunyoning ko‘plab davlatlarida O‘zbek tilini sevib o‘rganayotgan, o‘zbek tiliga hurmati beqiyos insonlar borligini  faxr bilan aytib o‘tdi.

Tadbirda maktabning 4-, 11-sinf o‘quvchilari tomonidan tayyorlangan adabiy-badiiy qism ham namoyish etildi. O‘quvchi-yoshlar o‘zbek tili haqida taniqli shoirlar ijod etgan she’rlarni aytishdi, kuy-qo‘shiqlar ijro etishdi. O‘zbek tilining beqiyos boyligi, go‘zal va jilvadorligini o‘z chiqishlari bilan ifoda qildilar. Tadbir o‘tkazilgan joyning o‘quvchilar tomonidan har xil ko‘rgazmali vositalar bilan bezatilgani “Til – dil kaliti” degan mavzuning jozibadorligini yanada oshirdi.

Bo‘lib o‘tgan bayramona tadbir o‘quvchi-yoshlar qalbida ona tilimizga cheksiz mehr-muhabbat tuyg‘ularini yanada mustahkamlagani bilan muhim ahamiyat kasb etdi.

Robiya YO‘LDOSHЕVA, 42-sonli umumta’lim maktabining ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchisi.