Mamlakatimizda joriy yil 24 oktabr sanasida o‘tkaziladigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga munosib tayyorgarlik ko‘rilib, uni demokratik tamoyillarga va xalqaro standartlarga mos tarzda o‘tkazish borasida samarali ishlar olib borilmoqda.
Joylarda ommaviy axborot vositalari vakillari, jurnalist va blogerlar ishtirokida saylov qonunchiligi, Prezident saylovi jarayoniga tayyorgarlik masalalriga bag‘ishlangan matbuot anjumanlari, davra suhbatlari, ochiq muloqotlar, turli uchrashuvlar tashkil etilib, bu borada ochiqlik va oshkoralik ta’minlanishiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
19 oktabr kuni Amudaryo tumani hokimligining maslislar zalida tumanda O‘zbekiston Respublikasi Preizdenti saylovini o‘tkazish borasida amalga oshirilgan ishlar hamda saylov qonunchiligi masalalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi. Tuman hokimligining Axborot xizmati tashabbusi bilan tashkil etilgan matbuot anjumanida tuman hokimining jamoatchilik bilan ishlash bo‘yicha maslahatchisi Hamro Yo‘ldashev tumanda Prezident saylovi jarayoniga tayyorgarlik borasida olib borilgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot berdi.
Ta’kidlanishicha, tumanda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini munosib o‘tkazish borasida samarali ishlar amalga oshirilib, ayni paytda tumandagi barcha 64 ta saylov uchastkalari saylov jarayoniga tayyor holatga keltirilgan.
Saylov uchastkalari joylashgan hududlardagi saylovchilar ro‘yxati shakllantirilib, bu borada uchastka saylov komissiyalari raisi, o‘rinbosari, kotiblari tomonidan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Uchastka saylov komissiyalari saylovchilar soniga qarab 11-15 nafar a’zodan iborat tarkibi shakllantirilgan.
1-sektor tarkibidagi 12 ta fuqarolar yig‘inlari hududida 16 ta, 2-sektor tarkibiga kiruvchi 17 ta fuqarolar yig‘inlari hududida 21 ta, 3-sektor hududidagi 12 ta fuqarolar yig‘inlari hududida 18 ta, 4-sektor tarkibidagi 8 ta fuqarolar yig‘ini hududida 9 ta saylov uchastkalarida uchastka saylov komissiyalari shakllantirilgan bo‘lib, ularning samarali faoliyat olib borishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan.
Shundan so‘ng tuman Adliya bo‘limi boshlig‘i Mo‘minjon Matyusupov Prezident saylovini o‘tkazish bo‘yicha qonunchilikda ko‘rsatilgan tartib-tamoyillar yuzasidan ma’lumotlar keltirdi.
Qayd etilganidek, tumanda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazish borasida tashkil etilgan uchastka saylov komissiyalari raisi, o‘rinbosari va kotiblarining saylov qonunchiligi yuzasidan bilim, ko‘nikma va malakalarini yanada oshirish maqsadida hududiy trenerlar tomonidan qator o‘quv-seminarlari tashkil etilgan.
O‘quv-seminarlar turli ko‘rinishda, ya’ni ma’ruza, taqdimot, ko‘rgazmali tarzda tashkil etilib, ularda yangi qabul qilingan Saylov kodeksi mazmun-mohiyati, Prezident saylovini o‘tkazish borasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar xususida keng turda tushuntirishlar berib borilgan.
Ochiq muloqot qizg‘in tarzda o‘tdi. Muloqot jarayonida mas’ullar ommaviy axborot vositalari vakillari tomonidan berilgan savollarga aniq javoblar berdilar.
Tuman hokimligining Axborot xizmati.