So‘nggi yillarda mamlakatimizda fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta’minlash, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni jadal sur’atlarda amalga oshirishga qaratilgan tadbirkorlik subektlarining mulkiy huquqlari himoyasini kuchaytirish, odil sudlov sifat va samaradorligini oshirish bo‘yicha muhim islohotlar amalga oshirilmoqda.
Joylarda bu boradagi izchil islohotlar ijrosini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni yangi bosqichga ko‘tarish, yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklarni bartaraf qilish bo‘yicha nazoratni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Joriy yilning 19 oktabr sanasida Amudaryo tuman hokimligining majlislar zalida o‘tkazilgan ochiq muloqot ham shu maqsadga qaratildi. Tuman Adliya bo‘limi tomonidan tashkil etilgan yig‘ilish mamlakatimizda tadbirkorlik sohasini yanada rivojlantirish borasida olib borilayotgan tizimli islohotlarning ijrosini ta’minlashda yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar atroflicha tahlil qilinib, ularni o‘z vaqtida va samarali bartaraf etish masalalari o‘rganildi.
Ochiq muloqotda tuman Adliya bo‘limi boshlig‘i Mo‘minjon Matyusupov so‘zga chiqib, yurtimizda tadbirkorlik subektlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilayotgani, ularning samarali faoliyat yuritishlari uchun keng imkoniyat hamda shart-sharoitlar yaratilayotgani xususida to‘xtaldi.
Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tadbirkorlik sohasi yanada rivojlantirilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatimiz tadbirkorlari bilan ochiq muloqot shaklidagi uchrashuvida tadbirkorlarni eng ko‘p qiynayotgan muammolardan biri yer masalasi ekanligini, ushbu yo‘nalishda katta islohotlar yo‘lga qo‘yilganini qayd etdi. Xususan, yerlar ikki toifaga, ya’ni qishloq xo‘jaligi yerlari hamda qishloq xo‘jaligiga kirmaydigan yerlarga ajratilgani, qishloq xo‘jaligiga kirmaydigan yer maydonlari faqat va faqat ochiq-oshkora auksion orqali xususiy mulk sifatida sotilishi yoki ijaraga berilishi tartibi joriy etilganini ta’kidladi.
Shuningdek, so‘nggi besh yilda tadbirkorlik sohasini rivojlantirishga qaratilgan 2 mingga yaqin qonun, farmon va qarorlar qabul qilingani davlatimiz rahbarining ushbu sohaga davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida e’tibor qaratayotganidan dalolat beradi.
Uchrashuv jarayonida so‘zga chiqqanlar sohadagi qonun hujjatlari ijrosini ta’minlash yangi bosqichga ko‘tarialayotgani, odil sudlov, inson qadr-qimmati va huquqlari oliy qadriyat sifatida sud-huquq sohasidagi islohotlar asosiy mazmuni bo‘lib qo‘lishi, bunda avvalo, mansabdor shaxslarning qarorlari ustidan berilgan shikoatlarini ko‘rib chiqish tizimi takomillashtirilayotganini alohida ta’kidladilar. Ochiq muloqotda ommaviy axborot vositalari vakillari tomonidan berilgan savollarga aniq javoblar keltirildi.
Tuman hokimligining Axborot xizmati.