So‘nggi oylarda butun mamlakatimiz bo‘ylab hududlarda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari amalga oshirildi. Mavsumni betalofat o‘tkazish maqsadida kommunal sohaga dahldor xizmatlarning ish sifati va samaradorligini oshirish bo‘yicha zarur choralar ko‘rildi. Xususan, aholini tabiiy gaz va elektr energiyasi bilan uzluksiz ta’minlash maqsadida kommunal soha tashkilotlari xodimlari mavsum oldidan belgilangan chora-tadbirlar rejasiga muvofiq qator ishlarni amalga oshirdilar.
Amudaryo tumanida ham 2021-2022 yillarda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha tizimli ishlar tashkil qilindi. Barcha ijtimoy soha obektlari, umumta’lim maktablari, maktabgacha ta’lim muassasalari, sog‘liqni saqlash sohasi ob’ektlari, ko‘p qavatli turar joy binolaridagi mavjud kamchiliklar aniqlanib, ularni o‘z vaqtida bartaraf qilish yuzasidan qurilish-ta’mirlash hamda obodonlashtirish ishlari tashkil etildi.
Kuz-qish mavsumida aholining issiqlik va elektr energiyalarga bo‘lgan talabi va ehtiyoji yanada ortadi. Mavsumga tayyorgarlik borasida olib borilgan tizimli ishlar natijasida aholini issiqlik energiyasi hamda elektr energiyasi bilan uzluksiz ta’minlashda mavjud muammolarni bartaraf qilishga hamda bu borada yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan salbiy holatlarning oldini olishga alohida e’tibor qaratildi.
Tumanda 2021-2022 yil kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida aholini hamda ijtimoiy soha ob’ektlarini ko‘mir bilan ta’minlash borasidagi ishlar ham rejali tarzda amalga oshirilmoqda. Xususan, tumanda aholiga 9963 tonna ko‘mir yetkazib berish bo‘yicha reja belgilangan bo‘lib, joriy yilning 20 oktabr holatiga jami 6465 tonna ko‘mir mahsuloti aholi xonadonlariga tarqatilgan. Ayni paytda reja asosida ko‘mir mahsulotlarini aholi xonadonlariga tarqatish ishlari davom ettirilmoqda.
Shuningdek, pandemiya sharoitida tumandagi kam ta’minlangan, ehtiyojmand oilalarni yanada qo‘llab-quvvatlash hamda ularning kuz-qish mavsumini betalofat o‘tkazishlariga amaliy yordam berish borasida ham qator ishlar qilinmoqda. Tuman hokimligi tashabbusi bilan tumandagi ovul va mahallalarda istiqomat qiluvchi ijtimoiy yordamga muhtoj, kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan, ehtiyojmand oilalar, yakka-yolg‘iz keksalar, moddiy ko‘makka muhtoj oilalar yanada qo‘llab-quvvatlanib, kuz-qish mavsumida issiqlik energiyasi bilan bog‘liq muammolarga duch kelishlarining oldini olish maqsadida ehtiyojmand oilalarga ko‘mir mahsulotlari tarqatildi.
Tumandagi barcha ijtimoiy soha ob’ektlariga kuz-qish mavsumi uchun ko‘mir yetkazib berish bo‘yicha ham amaliy ishlar olib borilmoqda. Xususan, ijtimoiy soha ob’ektlariga jami 3088 tonna ko‘mir yetkazib berish rejalashtirilgan bo‘lib, 20 oktabr holatiga reja 81,5 foizga bajarilgan, ya’ni 2516 tonna ko‘mir tarqatilgan.
Shundan tuman Xalq ta’limi bo‘limiga 1675 tonna, Tibbiyot birlashmasiga 260 tonna, Maktabgacha ta’lim bo‘limiga 525 tonna, kasb-hunar maktablariga 56 tonna, madaniyat ob’ektlariga 72 tonna ko‘mir tarqatilgan.
Tumandagi aholi xonadonlari hamda ijtimoiy soha ob’ektlariga tarqatilgan ko‘mir jami 8981 tonna bo‘lib, bu boradagi reja 68,8 foizga bajarilgan. Kuz-qish mavsumini betalofat o‘tkazish borasidagi bu kabi samarali ishlar davom ettirilmoqda.
Tuman hokimligining Axborot xizmati.