KO‘RGAZMALI SЕMINAR-KЕNGASH BO‘LIB O‘TDI

Туман янгиликлари

19 oktabr kuni Amudaryo tumanining Qipchoq ovulidagi “Haytimbetov Sulton” fermer xo‘jaligi dalasida ko‘rgazmali seminar kengash bo‘lib o‘tdi.

Qipchoq ovulidagi “Haytimbetov Sulton” fermer xo‘jaligi dalasida o‘tkazilgan ko‘rgazmali seminar-kengash qishloq xo‘jaligida bugungi kunning dolzarb masalalariga bag‘ishlandi.

Ko‘rgazmali seminar-kengashda tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldoshev, sektorlar rahbarlari, qishloq xo‘jaligi mutaxassislari va fermer xo‘jaliklari rahbarlari ishtirok etdilar.

Qishloq xo‘jaligi ekinlaridan 2022 yilda mo‘l hosil olishga erishish uchun ayni kunda soha mutaxassislari, dehqonlar oldida turgan kechiktirib bo‘lmaydigan vazifalarga bag‘ishlangan tadbirni tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev ochdi.

Kun tartibidagi 2022 yil hosili uchun ekilgan g‘alla parvarishi, oziqlantirilishi, 2022 yilda qishloq xo‘jalik ekinlari ekiladigan maydonlarni sifatli  tekislash, ekish mavsumiga texnikalarni sifatli  ta’mirlab, taxt qilib qo‘yish, ekin maydonlarining sho‘rlanib ketishining oldini olish uchun mavjud kollektor-drenajlarni sifatli tozalash va boshqada masalalar yuzasidan O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari Shuhrat Teshayev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining o‘rinbosari Fozil Nurmuhamedovlar ma’ruza qildilar.

Ona zaminimiz xalqmiz rizq-ro‘zi unadigan bebaho tabiiy xazinamizdir. Keyingi yillarda yerdan oqilona foydalanish, mo‘l-ko‘l hosil yetishtirilishiga erishish orqali dehqonlar hayoti farovonligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Buning uchun ilm-fan yutuqlaridan samarali foydalanilib, ekin maydonlari hosildorligini oshirish va kasalliklarga chidamli, tabiiy iqlim sharoitimizga mos hosildor navlar yaratilib, ekilmoqda. Natijada qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish hajmi yildan yilga oshib bormoqda.

Tumanimizda 2 ta g‘allachilik klasteri faoliyat yuritib, asosiy  qishloq xo‘jalik ekinlaridan hisoblanmish don yetishtirishni ko‘paytirish borasida samarali  ishlarni amalga oshirmoqda.

Ushbu klasterlarga qarashli fermer xo‘jaliklarida 2022 yil hosili uchun rejadagi 6000 gektar, qo‘shimcha 400 gektar, jami 6400 gektar maydonga g‘alla ekildi.

G‘alla ekilgan maydonlarda suv tanqisligining oldini olish va mo‘l hosil yetishtirilishiga erishish uchun 1000 gektar maydondagi g‘o‘zalarni yomg‘irlatib sug‘orish ko‘zda tutilmoqda.

G‘alla maydonlarining 1720 gektariga “Asr”, 1010 gektariga “zimnitsa”, 2568 gektariga “Antonina”, 654 gektariga “Vasa” navi, 48 gektariga ega boshqa sifat ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgan navlar ekildi.

Seminarda ushbu ekin maydonlaridan unib  chiqqan bug‘doy maysalarini o‘z vaqtida agrotexnika qoidalariga muvofiq parvarish qilish, qish mavsumidan talofatsiz olib chiqishni ta’minlash bugungi kunning asosiy vazifalaridan ekanligi ta’kidlanib, bu borada zarur tavsiyalar berildi.

Tadbir so‘nggida tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev so‘zga chiqib, qishloq xo‘jaligi xodimlari oldida turgan ayni kundagi dolzarb vazifalar xususida to‘xtalib o‘tdi.

O.RAJABOVA.