MASHHUR SPORTCHILAR AMUDARYODA SPORTCHI-YOSHLAR BILAN UCHRASHIB, MAHORAT DARSLARINI O‘TKAZISHDI

Туман янгиликлари

21 oktabr kuni dzyu-do bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi bosh treneri, “Tokio - 2020” olimpiya o‘yinlari ishtirokchilari va boshqa nufuzli mehmonlar Amudaryo tumani Bolalar-o‘smirlar sport maktabida sportchi yoshlar bilan uchrashib, mahorat darslarini o‘tkazdilar. Navbatdagi lavhamiz shu xususida.

Joriy yilning 21 oktabr sanasida uch karra jahon chempioni va sovrindori, dzyu-do bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi bosh treneri, mashhur sportchi Ilyas Iladis, jahon chempionati sovrindori, “Tokio - 2020” olimpiya o‘yinlari bronza medali sohibi Davlat Babanov, Xalqaro turnirlar g‘olibi, “Tokio - 2020” olimpiya o‘yinlari ishtirokchisi Bekmurat Oltiboyev, “Rio - 2016” olimpiya o‘yinlari bronza medali sohibi Diyorbek O‘rozboyev, O‘zbekiston terma jamoasi bosh treneri Ulug‘bek Azizov, O‘zbekiston terma jamoasi treneri Farhod To‘rayev, Jahon  chempionati kumush medali sohibi Sharofiddin Lutfullayev, Xalqaro turnirlar g‘olibi Muhammadkrim Xurramov, O‘zbekiston Dzyu-do Federatsiyasi raisi o‘rinbosari Eldor Qahhorov hamda hamyurtimiz, Xalqaro turnirlar g‘olibi, “Tokio - 2020” olimpiya o‘yinlari ishtirokchisi Sharofaddin Boltaboyevlar Amudaryo tumaniga tashrif buyurdilar.

Mashhur sportchilar guruhini tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev  va boshqa mas’ullar samimiy kutib oldilar.

Aytish kerakki, amudaryolik dzyu-do kurashi ustasi, dzyu-do bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi, Xalqaro turnirlar g‘olibi va “Tokio - 2020” olimpiya o‘yinlari ishtirokchisi Sharofaddin Boltaboyev jahonning turli hududlarida bo‘lib o‘tgan musobaqalarda g‘alabalarga erishgan sportchilardan biri. Uning g‘alabalari sharafiga jahonning eng nufuzli shaharlarida bo‘lib o‘tgan musobaqalarda O‘zbekiston bayrog‘i ko‘tarilganini nafaqat O‘zbekiston, balki jahon dzyu-do ishqibozlari juda yaxshi bilishadi.

Sharofaddin Boltaboyev sportdagi ilk qadamini tuman Bolalar-o‘smirlar sport maktabi to‘garaklaridan boshlagan. Uning uchun bu maskan hamisha qadrli. Ayni paytda O‘zbekiston terma jamoasi tarkibida faoliyat yuritayotgan Sharofaddin Boltaboyev har gal o‘zi tug‘lib o‘sgan ona shahri – Mang‘itga kelganida Bolalar-o‘smirlar sport maktabi to‘garaklarida shug‘ullanayotgan sportchi-yoshlar bilan uchrashib, mahorat darslarini tashkil etadi. Sharofaddinning bu galgi tashrifi nafaqat uning o‘zi, balki Bolalar-o‘smirlar sport maktabi murabbiylari va dzyu-do kurashi to‘garagi a’zolari uchun ham yorqin taassurotlarga boy bo‘ldi.

Sportchilarni kutib olish marosimida tuman Bolalar-o‘smirlar sport maktabi direktori Chorsham Tojimurodov, tumanimizning faxriy sportchilari va yoshlar ishtirok etishdi.

Tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev tumanimizga tashrif buyurgan mashhur sportchilarni “Tokio - 2020” olimpiya o‘yinlaridagi g‘alabalari, muvaffaqiyatli ishtirok etganlari hamda xalqaro turnirlarda erishgan yutuqlari bilan tabrikladi.

Shundan so‘ng, mehmonlar tuman Bolalar-o‘smirlar sport maktabi sportchilari erishayotgan yutuqlar aks etgan ko‘rgazma bilan yaqindan  tanishdilar va tumanimizdan yetishib chiqqan turli xalqaro turnirlar va jahon chemionatlari sovrindorlari bo‘lgan faxriy sportchilar hamda  sport maktabi tarbiyalanuvchilari  bilan samimiy suhbatda bo‘ldilar.