Mamlakatimizda iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotining barcha jabhalarida xotin-qizlarning faolligini oshirish, ularning ta’lim va kasbiy ko‘nikmalar olishi hamda bandligini ta’minlashga har tomonlama ko‘maklashish, tadbirkorlik tashabbuslarini yanada qo‘llab-quvvatlash, xotin-qizlar muammolari, ehtiyojlari va qiziqishlarini tizimli o‘rganish, tahlil qilish va hal etish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Davlatimiz rahbarining “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlar samaradorligini oshirishda muhim hujjat bo‘lmoqda.
Mazkur qaror asosida Amudaryo tumanidagi 49 ta mahalla va ovul fuqarolar yig‘inlarida Ayollar maslahat kengashlarini tashkil etish bo‘yicha barcha zaruriy chora-tadbirlar amalga oshirilib, har bir mahallada 9-15 nafar a’zodan iborat tarkibda kengashlar tuzildi. Tumandagi umumta’lim maktablari binolari hamda fuqarolar yig‘inlarida Ayollar maslahat kengashlari uchun zarur xonalar ajratildi. Ajratilgan xonalar belgilangan talablar asosida jihozlanib, kengashlarning samarali faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Tuman Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi tomonidan tasdiqlangan reja asosida Ayollar maslahat kengashlari faoliyati samaradorligini yanada oshirish maqsadida Qilichboy, Xitoy ovullari va Gulzor mahalla fuqarolar yig‘inlarida ko‘rgazmali seminarlar o‘tkazildi. Ushbu seminarlarga hududlardagi kengashlar azolari, mahalla fuqarolar yig‘inlari raislarining oila, xotin-qizlar va ijtimoiy-ma’naviy masalalar bo‘yicha o‘rinbosarlari ishtirok etdilar.
Seminarlarda tuman Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Muqaddas Beknazarova butun mamlakatimizda 24 oktabr kuni o‘tkaziladigan muhim siyosiy jarayon - O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida barcha xotin-qizlarni faol ishtirok etishga chorladi. U o‘z so‘zida ayollar uy bekasi, ona, opa-singil, turmush o‘rtog‘i bo‘lish bilan birgalikda jamiyatda o‘z o‘rni va mavqeyiga ega shaxs hisoblanishi, shu boisda, yurt taraqqiyotining yangi bosqichida hal qiluvchi ahamiyat kasb etadigan Prezident saylovida munosib ishtirok etib, Vatan ravnaqi, farzandlarimizning baxt-u kamoli hamda xalq faravon hayoti uchun munosib nomzodga ovoz berishlari, shuningdek, barcha oila a’zolari, mahalladoshlarini ushbu siyosiy jarayonda o‘z konstitutsiyaviy huquqlaridan foydalanishga chaqirishlari lozimligini ta’kidladi.
Seminarlarda Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish Qoraqalpog‘iston Respublikasi tumanlararo markazi direktori Gavhar Chimboychiyeva Ayollar maslahat kengashlarining asosiy maqsad va vazifalari, huquq va majburiyatlari, kengashning faoliyatini yanada jonlantirish haqida so‘z yuritdi.
U o‘z so‘zida kengash tarkibiga fuqarolar yig‘ini raisining oila, xotin-qizlar va ijtimoiy-ma’naviy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari, mahallada istiqomat qiladigan hamda katta hayotiy va amaliy tajribaga, aholi orasida obro‘-e’tiborga ega bo‘lgan ayollar, ziyoli onaxonlar, tadbirkor ayollar, hududdagi ta’lim va tibbiyot muassasalarining ayol xodimlari jalb qilinganligini alohida ta’kidlab o‘tdi. Ushbu kengash faoliyati namunali yo‘lga qo‘yilsa, oilaviy ajrimlar, oiladagi notinchliklar hamda xotin-qizlar o‘rtasidagi turli salbiy holatlarning oldi olinishi qayd etildi.
Shuningdek, tuman ichki ishlar bo‘limi huquqbuzarliklar profilaktikasi xotin-qizlar masalalari bo‘yicha katta inspektori, podpolkovnik Gauxar Utemuratova xotin-qizlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirib o‘tdi.
Seminarlarda Ayollar maslahat kengashlari a’zolari ishtirokida sog‘lom oilaviy munosabatlar tizimini mustahkamlash, qaynona va kelin o‘rtasida samimiy, o‘zaro hurmatga asoslangan munosabatlarni qaror toptirish maqsadida “Qaynona-kelin ma’suliyati” nomli davra suhbatlari o‘tkazish lorzimligi qayd etilib, shu orqali jamiyatda sog‘lom, axloqiy, psixologik munosabatlarga asoslangan qaynona-kelin munosabatlari tizimi qaror topgan namunali oilalar sonini oshirish rejasi belgilab olindi. Seminarlar savol-javoblar asosida juda qiziqarli yakuniga yetdi.
Gavxar Chimboychiyeva, Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish Qoraqalpog‘iston Respublikasi tumanlararo markazi direktori.