24 oktabr kuni ertalabki soat 8:00 dan Prezident saylovida ovoz berish boshlandi. Amudaryo tumanida ham Prezident saylovi bo‘yicha saylov uchastkalari 8:00 dan ochildi. Birinchi saylovchilar saylov uchastkalari ochilmasidanoq tashrif buyura boshlashdi.
An’anaga ko‘ra, saylov uchastkalari ishi O‘zbekiston davlat madhiyasi ijrosi bilan boshlandi.
Mang‘it shahrining Do‘stlik mahallasidagi 2-sonli kasb-hunar maktabida tashkil etilgan 91-sonli saylov uchastkasida ham karantin qoidalariga rioya etilgan holda saylov jarayonlari boshlab yuborildi.
Uchastka hududidagi Do‘stlik mahallasida 3653 nafar fuqaro yashaydi. Ro‘yxatga 2318 nafar saylovchi kiritilgan. Ulardan 54 nafari saylovda ilk marta ishtirok etayotganlar bo‘lsa, 5 nafari keksa yoshdagi va nogironligi bo‘lgan fuqarolardir.
Mazkur mahallada yashovchi Amudaryo tumani hokimi Sultonboy Yo‘ldashev ham ushbu saylov uchastkasiga o‘z konstitutsiyaviy huquqidan foydalanib, Prezident saylovida ishtirok etish va o‘zi tanlagan nomzodga ovoz berish maqsadida tashrif buyurdi va karantin qoidalariga amal qilgan holda ovoz berdi.