Tusi o‘zgartirilgan (qoraytirilgan) oynali avtotransport vositalaridan foydalanish tartibini takomillashtirish bo‘yicha qaror qabul qilindi

Туман янгиликлари

Yo‘l harakati xavfsizligi sohasida davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida 2021 yilning 28 iyul sanasida Vazirlar Mahkamasining “Tusi o‘zgartirilgan (qoraytirilgan) oynali avtotransport vositalaridan foydalanish tartibini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra 2021 yil 1 oktabrdan boshlab avtotransport vositalari oynalarining tusini o‘zgartirishga (qoraytirish)ga ruxsatnoma berish bo‘yicha davlat xizmati O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ko‘rsatilishi belgilandi.

Shuningdek, xizmat yengil avtotransport vositalari oynalarining tusini o‘zgartirishga (qoraytirishga) ruxsatnoma berish va o‘zgartirish bepul amalga oshiriladigan davlat organlariga ruxsatnoma O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati tomonidan Vazirlar Mahkamasining «Tusi o‘zgartirilgan (qoraytirilgan) oynali avtotransport vositalaridan foydalanishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida» belgilangan tartibda berilishi ko‘rstilgan. Xususan, M1, N1 va N2 toifaga oid avtotransport vositalari oynalarining tusini o‘zgartirishga (qoraytirishga) ruxsatnoma berish uchun quyidagi to‘lov stavkalari belgilangan: Orqa yon oynalar bo‘yicha jismoniy shaxslar uchun — bazaviy hisoblash miqdorining besh baravari miqdorini, yuridik shaxslar uchun — bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravari miqdorini va O‘zbekiston Respublikasida faoliyat ko‘rsatayotgan xorijiy davlatlar yuridik shaxslari uchun — bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravari miqdorini tashkil etadi.

Qolaversa, orqa va old yon oynalar bo‘yicha jismoniy shaxslar uchun — bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravari miqdorini, yuridik shaxslar uchun — bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravari miqdorini va O‘zbekiston Respublikasida faoliyat ko‘rsatayotgan xorijiy davlatlar yuridik shaxslari uchun — bazaviy hisoblash miqdorining sakson baravari miqdorini tashkil etishi belgilangan.

Sarvar Xaytboyev, Amudaryo tumani Davlat xizmatlari markazi bo‘lim boshlig‘i.