INSHOLAR TANLOVI YAKUNLANDI

Туман янгиликлари

“Jayxun ilhomlari” nodavlat notijorat  tashkiloti tomonidan shu yilning 22 sentabrida yoshlarning ma’naviyatini yuksaltirish, shu orqali ularni giyohvandlik, ahloqsizlik va boshqa zararli ta’sirlardan himoya qilish maqsadida maktab o‘quvchilar o‘rtasida “Men sevgan badiiy asar” mavzusida insholar tanlovi  e’lon qilingan edi. Shu munosabat bilan tashkilotimizga 120 dan ziyod insho namunalari kelib tushdi. Tanlov maktab o‘quvchilari orasida adabiyotsevar, teran fikrlovchi, chuqur mulohaza yuritishga qodir iqtidorli o‘quvchilarning ko‘p ekanligini yana bir bor isbotladi.

20 oktabr kuni “Men sevgan badiiy asar” mavzusidagi insholar tanlovining g‘oliblari aniqlandi. Insholar tanlovi natijalarini ko‘rib chiqqan badiiy kengash a’zolarining xulosasiga ko‘ra 42-sonli maktabning 11-sinf o‘quvchisi Muborak Soatboyeva Jek Londonning “Hayotga muhabbat” hikoyasi asosida yozgan inshosi “Jek London ilgari surgan g‘oyani yaxshi tushungani, tengdoshlarida ham hayotga muhabbat uyg‘otishga intilganligi uchun birinchi o‘ringa, 2-sonli maktabning 11-sinf o‘quvchisi Farida Sa’dullayeva Abdulla Qodiriyning  “O‘tgan kunlar” romani asosida yozgan inshosi “Eng yaxshi milliy – nazariy yondashuv uchun” ikkinchi o‘ringa, 16-sonli maktabning 8-sinf o‘quvchisi Gulruh Saparboyeva O‘tkir Hoshimovning “Dunyoning ishlari” asari haqida yozgan inshosi “Eng yaxshi ma’naviyat targ‘iboti uchun” uchinchi o‘ringa munosib deb topildi.

Bundan tashqari ko‘pgina maktab o‘quvchilari insho yozish barobarida o‘zlarining adabiyot yo‘nalishidagi a’lo jihatlarini namoyon qilganlar, jumladan, 62-sonli maktabning 10-sinf o‘quvchisi Shahlo  Qurolova “Eng samimiy fikrlari uchun” 45-sonli maktabning 11-sinf o‘quvchisi Lobar O‘rozmetova “Eng yaxshi tahliliy fikrlari uchun”, 36-maktabning 10-sinf o‘quvchisi Kumushoy Qo‘chqorova “Eng yaxshi badiiy obrazlar tahlili uchun”, “40-sonli maktabning 10-sinf o‘quvchisi Shahlo Yangiboyeva “Insonni to‘g‘ri yo‘lga yo‘naltiruvchi jo‘shqin fikrlari uchun”, 9-sonli maktabning 10-sinf o‘quvchisi Sevinch Maqsadboyeva “Vatanparvarlik tuyg‘usi ulug‘langan asarning eng sevimli tahilili uchun”, 50-sonli maktabning 8-sinf o‘quvchisi Sarvinoz Tojiboyev Tojiboyeva “Shaxsiy fikrini ravon bayon qilgani uchun”, 73-sonli maktabning 11-sinf o‘quvchisi Kumush Gulimmatova “Murakkab syujetli asarning eng yaxshi tahlili uchun”, 32-sonli maktabning 10-sinf o‘quvchisi Guldona To‘liboyeva “Eng oliyjanob, odil va oqil obraz tahlili uchun”, 30-sonli maktabning 10-sinf o‘quvchisi Sevinch Raximova “Eng yaxshi ezgulik targ‘ibotchiligi uchun”, 69-sonli maktabning 9-sinf o‘quvchisi Mashhura Jumiyazova, “badiiy asar haqida eng yoqimli fikrlari uchun” ana shunday e’tirofga sazovor bo‘ldilar.

Tanlov g‘oliblari va eng yaxshi insholar ijodkorlariga “Jayxun ilhomlari” nodavlat notijorat tashkiloti tomonidan sovg‘alar va maqtov yorliqlari topshirildi.

Shuningdek, 39-sonli maktabning 9-sinf o‘quvchisi Feruza Raximova, 13-sonli maktabning 10-sinf o‘quvchisi Feruza Haytboyeva, 83-sonli maktabning 9-sinf o‘quvchisi Ruxshona Sotimova, 33-sonli maktabning 10-sinf o‘quvchisi Marjona Rajabboyevlarning bizga jo‘natgan insholarini o‘qib ko‘rib, ularning nihoyatda ziyrak kitobxonlar ekanligiga amin bo‘ldik.

Ma’lumki, tumanimizda turli millat vakillari yashaydilar. Shu bois tumanimizda qozoq, qoraqalpoq, turkman tillariga ixtisoslashtirilgan maktablar mavjud. Quvonarli tomoni shundaki, tanlovga qiziqish bildirib qozoq qoraqalpoq, turkman tillarida ham yozib jo‘natilgan insholarni o‘qib ko‘rib, tahlil qilib tumanimizda turli tillarda ijod qilish qobiliyatiga ega yoshlarning yetishib chiqishiga katta umid bog‘ladik. 54-sonli maktabning 7-sinf o‘quvchisi Mohidil O‘rozimbetova, 9-sinf o‘quvchisi Sevinchoy O‘rozimbetova, 11-sinf o‘quvchilari Mo‘ldir Jetkerboyeva, Aygerim Saparboyevlarning qozoq tilida, 25-sonli maktabning 9-sinf o‘quvchisi S.Davenova, 11-sinf o‘quvchilari Dilshod Sapardurdiyev, Avazbek Haytboyevlar o‘zlari sevgan badiiy asar haqida turkman tilida yozilgan insholarini jo‘natganlar.

 Bu maktab o‘quvchilari orasida ham adabiyotsevar, o‘z qalamiga ega, ijodiy ishlarga yondashuvchi yoshlar ko‘payib borayotganiligi bizni quvontirdi.

Qolaversa, 25-sonli maktabda insholar avvalo maxsus komissiya ko‘rigidan o‘tkazilib keyin bizga jo‘natilganligining o‘zi ham mazkur maktab ma’muriyatining insholar tanloviga o‘ta mas’uliyat bilan yondoshganligidan dalolat berib turibdi.

Shu yilning aprel oyidan boshlab barcha umumta’lim maktablarida ijodiy madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchi lavozimi joriy qilindi. Targ‘ibotchilar qisqa muddat ichida maktablarda ijodiy-madaniy ishlarning yaxshi yo‘lga qo‘yilishiga munosib hissa qo‘sha boshladilar. Mazkur insholar tanlovida 2-sonli umumta’lim maktabining targ‘ibotchisi Ahmad Nafasov, 16-sonli umumta’lim maktabining targ‘ibotchisi  Yulduz Tursunboyeva, 32-sonli maktabning targ‘ibotchisi Nazokat Qodirova, 50-sonli maktabning targ‘ibotchisi Gulnoza Raximova, 73-sonli maktabning targ‘ibotchisi Shohida Tajiboyevlar jonkuyarlik bilan faol ishtirok etdilar. O‘zlari ishlayotgan maktab o‘quvchilarining  ijodiy ishlarida yaqin ko‘makchi bo‘ldilar.

Maktab o‘quvchilarining iqtidorlarini sinab ko‘rish maqsadida kelajakda yangidan yangi mavzularda insholar tanlovini e’lon qilib boramiz.

Maktab o‘quvchilaridan chiroyli husnixatda batafsil yozilgan tahliliy mulohazalarga boy holdagi insholarni kutib qolamiz.

O‘rozali RЕYIMOV, “Jayxun ilhomlari” NNT raisi.