27 oktabr kuni Amudaryo tumani hokimligining majlislar zalida Xalq deputatlari tuman kengashining navbatdagi 39-sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Sessiyada O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi Bahodir Tojiyev, tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev, Xalq deputatlari tuman kengashi deputatlari, sektorlar rahbarlari, hokim o‘rinbosarlari, hokimlik mas’ul xodimlari, korxona-tashkilotlar rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar. Sessiya majlisini tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev ochdi hamda olib bordi.
Sessiya majlisida senator Bahodir Tojiyev so‘zga chiqib, joriy yil butun mamlakatimiz tarixida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan siyosiy yil bo‘lib qolganligini, buning boisi butun dunyo hamjamiyati e’tibor markazida bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo‘lib o‘tganligini alohida ta’kidladi. Senator o‘z so‘zida ushbu tarixiy, siyosiy jarayonni munosib o‘tkazishda katta tayyorgarlik ko‘rilganini, mamlakatimizning har bir fuqarosi Prezident sayloviga mas’uliyat bilan yondashib, unda faol ishtirok etganini, saylovlar xalqaro standartlarga mos, demokratik tamoyillar asosida, uyushqoqlik bilan amalga oshirilganini qayd etdi. Shu bilan birga mamlakat yangi taraqqiyot yo‘liga qadam qo‘yayotganini ta’kidlab, bu yo‘lda barchani birdamlikka chorladi.
Sessiya majlisi kun tartibidagi qator masalalar yuzasidan mas’ullarning axborot hamda hisobotlari tinglandi, ular bo‘yicha sessiya ishtirokchilarining, deputatlarning fikr-mulohazalari eshitildi.
Dastlab kun tartibidagi dastlabki masala Amudaryo tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar hududlarida 2021 yilning ikkinchi yarim yilligida amalga oshiriladigan ishlar, “Yo‘l xaritalari”ning 3-chorakdagi ijrosi to‘g‘risida bo‘lib, ushbu masala yuzasidan tumandagi sektorlar rahbarlarining hisobotlari tinglandi.
Har bir sektor rahbari o‘zi rahbarlik qilayotgan hududlarda aholi yashash sharoitlarini yaxshilash, mavjud muammo va kamchiliklarni o‘z vaqtida aniqlab, ularni bartaraf qilish choralari ko‘rilgani, bu borada joylarda sektorlar rahbarlari hamda korxona-tashkilotlar mas’ullari ishtirokida aholi murojaatlarini qabul qilish bo‘yicha sayyor qabullar, ochiq muloqotlar tashkil etilgani, aniqlangan muammolar esa tegishlicha o‘rganilib, ijobiy yechimini topganligi xususida axborot berdi. Shuningdek, sektorlar rahbarlari o‘z hisobotlarida hududlarda aholining ijtimoiy ko‘makka muhtoj qatlami, ehtiyojmand oilalar bilan ishlash bo‘yicha tizimli ishlar olib borilgani, band bo‘lmagan ayollar va yoshlar bandligini ta’minlash bo‘yicha qator samarali ishlar amalga oshirilgani xususida to‘xtaldi.
Sektorlar rahbarlarining hisobotlari o‘qib eshittirilganidan so‘ng ular yuzasidan deputatlarning fikrlari tinglandi. So‘ngra, tumanidagi O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonasi mudiri Akbarjon Xo‘jamuratov tumanda tadbirkorlar muammolari bilan ishlash, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida axborot berdi.
Qayd etilishicha, qabulxona tomonidan 2021 yil 1 oktabrgacha tadbirkorlar murojaatlarini qabul qilish bo‘yicha hududlarda 36 ta sayyor qabullar tashkil etilgan bo‘lib, ularda, olib borilgan targ‘ibot-tashviqot ishlari hamda o‘tkazilgan suhbatlar davomida qabulxonada jami 210 ta masala bo‘yicha 208 ta murojaatlar ro‘yxatga olingan. Murojaatlardagi masalalardan 139 tasi, ya’ni 67 foizi qanoatlantirilgan, 71 tasiga, ya’ni 33 foiziga huquqiy tushuntirishlar berilgan.
Sessiya ishida tuman Adliya bo‘limi boshlig‘i Mo‘’minjon Matyusupov yagona davlat huquqiy siyosatini, jumladan, huquq ijodkorligi faoliyatini sifatli tashkil etish, bir xil huquqni qo‘llash amaliyotini shakllantirish, inson huquq va erkinliklarining samarali himoya qilinishini ta’minlash, shuningdek, aholining huquqiy madaniyatini oshirishning yaxlit tizimini joriy etish kabi vazifalar ijrosi yuzasidan tumanda amalga oshirilgan ishlar xususida axborot berdi.
Axborotda keltirilishicha, bo‘limga joriy yilning 9 oyi davomida jami 152 ta ariza va shikoyat kelib tushgan bo‘lib, murojaatlarning 139 tasi hal qilingan, shundan 73 ta ariza va shikoyatlar qanoatlantirilgan, 66 tasiga huquqiy tushuntirish berilgan. Bo‘lim xodimlari tomonidan bevosita shaxsiy qabulda 135 nafar, sayyor qabullarda 29 nafar fuqarolarning murojaatlari qabul qilingan hamda ular tegishlicha qanoatlantirilgan.
Sessiya kun tartibidagi navbatdagi masala Amudaryo tumani xalq ta’limi bo‘limiga qarashli 65-sonli maktabda bo‘sh (vakant) direktor lavozimiga o‘tkazilgan tanlov yakunlari bo‘yicha nomzodga kelishim berish to‘g‘risida bo‘lib, ushbu masala yuzasidan nomzod Shahnoza Xo‘jamuratovaning kelgusi 3 yilda amalga oshiradigan ishlari bo‘yicha dasturi tinglandi.
Nomzod Shahnoza Xo‘jamuratova o‘z dasturida maktabni malakali kadrlar bilan ta’minlash, ta’lim sifatini oshirish, o‘quvchilarning fanlar olimpiyadalaridagi faol ishtirokini ta’minlash, maktabdan tashqari ta’lim jarayonini tashkil etish, ijtimoiy tarmoqlarda ochiq darslarni yoritib borish, ma’naviy-ma’rifiy ishlarni rivojlantirish kabi yo‘nalishlar bo‘yicha samarali faoliyat olib borishi xususida ma’lumot berdi.
Dastur o‘qib eshittirilganidan so‘ng Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan tavsiya qilingan nomzodga kelishim berish bo‘yicha yashirin ovoz berish jarayoni tashkil etildi. Dastlab deputatlar orasidan sanoq komissiyasi tuzildi va yashirin ovoz berish byulletenlari tarqatildi. Ovoz berish yakunlariga ko‘ra Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligining Amudaryo tumani xalq ta’limi bo‘limiga qarashli 65-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori lavozimiga Shaxnoza Xudjamuratova tayinlash to‘g‘risidagi tavsiyasiga kelishim berish yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.
Sessiya kun tartibiga kiritilgan barcha masalalar atroflicha ko‘rib chiqildi, barcha masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi. Shuning bilan sessiya o‘z ishini yakunladi.
Tuman hokimligining Axborot xizmati.