Joriy yilning 27 oktabr kuni Amudaryo tumani hokimligining majlislar zalida tumanda qishloq xo‘jaligining asosiy tarmoqlaridan bo‘lgan bog‘dorchilik va uzumchilik sohalarini yanada rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi Bahodir Tojiyev, soha bo‘yicha olimlar, tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev, tumandagi qishloq xo‘jaligi sohasi mas’ullari, fermerlar, dehqonlari, tomorqa yer egalari hamda tadbirkorlar ishtirok etdilar.
Yig‘ilishda tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev so‘zga chiqib, so‘nggi yillarda mamlakatimizda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan qishloq xo‘jaligining barcha tarmoqlarini, ayniqsa, uzumchilik tarmog‘ini yanada rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotgani, bu borada yangicha tizim yaratilgani hamda qator ustuvor vazifalar belgilab berilgani xususida so‘z yuritdi.
Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda uzumchilikni yanada rivojlantirish, uzum yetishtirish, uni qayta ishlash, tayyor mahsulot ishlab chiqarish bo‘yicha klaster tizimini yo‘lga qo‘yish, alkogol bozorini tartibga solishning samarali mexanizmlarini keng joriy etgan holda respublikani sifatli mahsulotlar bilan ta’minlash, sohaning eksport salohiyatini kuchaytirish, investitsion jozibadorligini oshirish, shuningdek, vinochilik turizmini (enoturizm) rivojlantirishga katta e’tibor qaratilib, bu borada yangi imkoniyatlar yaratilmoqda.
Shu maqsadda joriy yilning 28 iyul kuni imzolangan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Uzumchilikni rivojlantirishda klaster tizimini joriy etish, sohaga ilg‘or texnologiyalarni jalb qilishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori muhim dasturulamal bo‘lmoqda.
Senator Bahodir Tojiyev Prezident uzumchilikni rivojlantirishning qator asosiy yo‘nalishlarini belgilab bergani xususida to‘xtaldi. Xususan, uzum yetishtirishga ixtisoslashtirish uchun qulay hududlarda eng maqbul maydonlarni belgilash, xalqimizning asrlar davomida shakllangan milliy dehqonchilik madaniyati, qadriyatlaridan kelib chiqib, uzum yetishtirishni milliy madaniyat sifatida rivojlantirish, uzumchilikni yirik maydonlarda, klaster va kooperatsiya usulida yetishtirish orqali sohada qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratish, uzumni saqlash, saralash va qayta ishlashni rag‘batlantirish, ilmiy asoslangan holda uzum yetishtirish, uning yangi hosildor, danaksiz navlarini yaratish maqsadida uzumchilik ilmiy maktabini rivojlantirish hamda ilm-fan va ishlab chiqarishning uzviy integratsiyasini yo‘lga qo‘yish kabi ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab berilganini qayd etib o‘tdi.
Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, 2021 yil 1 avgustdan boshlab qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalari (sug‘oriladigan va sug‘orilmaydigan (lalmi) yerlar) tokzorlar barpo etish va uzumchilikni rivojlantirish uchun ochiq tanlov asosida ijaraga berilishi boshlangan bo‘lib, yer uchastkalari ochiq tanlov natijalariga ko‘ra 30 yil muddatga ijaraga berilishi belgilangan.
Ochiq tanlov asosida ijaraga olingan yer uchastkalaridan faqat tokzorlar barpo etish va uzumchilikni rivojlantirish maqsadida foydalanilishi, ochiq tanlovga yer uchastkalari dehqon xo‘jaliklari tashkil etgan holda tokzorlar barpo etish uchun 6 sotixdan 1 gektargacha bo‘lgan o‘lchamlarda, yaxlit konturda yirik tokzorlar barpo etish uchun esa 1 gektardan 30 gektargacha bo‘lgan o‘lchamlarda ijara huquqi asosida berilishi qayd etilgan.
Yig‘ilish kun tartibidagi masala yuzasidan ishtirokchilarning qator savollariga javoblar berildi hamda ularning bu boradagi fikr-mulohazalari tinglandi. Shuningdek, yig‘ilishda ishtirok etayotgan qishloq xo‘jaligi sohasi mas’ullari, tadbirkorlar, fermerlar o‘z faoliyatlari mobaynida erishayotgan yutuqlari, muammo va kamchiliklari bilan o‘rtoqlashdilar.
Tuman hokimligining Axborot xizmati.