Yurtimizda jinoyat sodir etgan shaxslarga sodir etgan jinoyatining ijtimoiy xavfliligini tushunib yetishiga, tuzalish yo‘liga o‘tib, jamiyatga nafi tegadigan inson bo‘lib qaytishiga ko‘maklashilmoqda. Aynan shu maqsadda tashkil etilgan Probatsiya xizmatlari faoliyati bu borada muhim ahamiyat kasb etmoqda. Probatsiya xizmati tomonidan shartli hukm qilingan va jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan shaxslarning xulq-atvori ustidan ta’sirchan nazorat o‘rnatilishi natijasida ayrim jinoyat turlari kamayishiga erishilmoqda.
Jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudi tomonidan tuman Ichki ishlar bo‘limining ma’muriy binosida ochiq sayyor sud majlisi o‘tkazildi. Sayyor sudda Probatsiya guruhida jazo muddatini o‘tayotgan nazorat ostidagi 7 nafar mahkumga nisbatan qo‘llanilgan jazolaridan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilishga doir ish ko‘rib chiqildi.
Sud majlisida Jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudi mas’ullari, tuman prokurori yordamchisi Abboz Niyazimbetov, tuman Ichki ishlar organlari Probatsiya guruhi katta inspektori Ruslan Iskandarovlar ishtirok etishdi.
Probatsiya guruhining taqdimnomasi asosida O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 73-moddasi tartibida ko‘rib chiqilgan sud ishi davomida ularning hozirda tuzalish yo‘liga o‘tganligi hamda jazoni o‘tash davrida o‘rnatilgan tartib-qoida talablarini bajarganligi va mehnatga halol munosabatda bo‘lganligi e’tiborga olindi. Nazorat davomida mahkumlarning sudlar tomonidan o‘rnatilgan ta’qiq va cheklovlarga to‘liq rioya etgani, xulq-atvori yaxshi tomonga o‘zgargani alohida aytib o‘tildi.
Sud ishi davomida mahkumlarning belgilangan jazodan to‘g‘ri xulosa chiqargani inobatga olinib, tuman ichki ishlar organlari Probatsiya guruhi taqdimnomasi qanoatlantirildi. Mahkumlar o‘talmagan jazosidan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilindi.
Jazo muddatidan oldin ozod etilgan mahkumlar bilib-bilmay jinoyat ko‘chasiga kirib qolganidan pushaymon ekani va sodir etgan jinoyatining oqibatlarini to‘liq anglab yetganini alohida e’tirof etdilar.
Sud davomida jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilinib, jazoning o‘talmagan qismi mobaynida qasddan yangi jinoyat sodir etgan taqdirda Jinoyat Kodeksning 60-moddasida nazarda tutilgan qoidalarga muvofiq jazo tayinlashi ma’lum qilindi.
Sayyor sud majlisida jinoyatining oqibatlarini to‘la anglab, axloqan tuzalish yo‘liga o‘tgan va jazodan muddatidan ilgari shartli ozod etilgan mahkumlar qilmishlari kechirilgani uchun davlatimizga minnatdorlik bildirdilar. Jamiyatda o‘z o‘rnini topib, munosib xulq-atvorda bo‘lish va yurtimiz rivojiga o‘z hissasini qo‘shishga qatiy so‘z berdilar.
J.Urazboyev, Jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudi raisi.