Mamlakatimizda yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga doir ishlar samaradorligini oshirish va faollashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu boradagi ta’lim-tarbiyaviy ishlarga mamlakatimiz fuqarolarini, davlat va nodavlat notijorat tashkilotlarini hamda fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini yanada faol jalb etish va yoshlar ongiga vatanparvarlik, mardlik tuyg‘ularini singdirish maqsadida 2018 yil 23 fevralda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining "Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan edi.
Mazkur hujjatda yoshlarni milliy g‘oya va Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash, ularning qalbi va ongiga Vatan himoyasi sharafli va muqaddas burch ekanini chuqur singdirish, qadimiy tariximiz va madaniyatimiz, jonajon Vatanimizning mustaqilligi va ravnaqi yo‘lida fidokorona kurashgan milliy qahramonlarimiz bilan faxrlanish, ularga munosib bo‘lish tuyg‘usini shakllantirish kabilar asosiy vazifalar etib belgilangan.
26 oktabr kuni Amudaryo tumani Xalq ta’limi bo‘limiga qarashli 36-sonli maktabda o‘tkazilgan yoshlar va harbiylar uchrashuvi yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadiga yo‘naltirildi.
Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati chegara qo‘shinlari xodimi podpolkovnik Sanjar Toshmatov, Nukus harbiy prokurori yordamchisi, leytenant Dilshod Abdullayev, O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati chegara qo‘shinlari xodimi, I-darajali serjant Otabek Maxmudovlar qatnashdilar. Harbiylar maktab o‘quvchilari bilan dildan suhbat qurib, ularning maqsadlari, orzu-istaklari hamda qiziqishlari bilan tanishdilar.
Uchrashuvda harbiylar o‘quvchilarga vatanparvarlik tuyg‘isining asl mohiyati haqida, har kimning Vatan oldidagi farzandlik burchi nimalardan iborat ekanligi, harbiylikning butun mashaqqatlari hamda mas’uliyatlari, mamlakatimizda harbiy xizmat sohasida faoliyat olib borayotganlarga qaratilgan e’tibor, yaratilayotgan imkoniyatlar hamda shart-sharoitlar haqida keng turda ma’lumotlar berdilar.
Ta’kidlanganidek, vatanparvarlik insonning o‘z oilasiga, avlod-ajdodlarining or-nomusiga chuqur ehtiromi, vijdoniga, burchiga va o‘z so‘ziga sodiqligidir. Agar inson bolalik chog‘idan o‘z xalqiga, uning an’analariga, tili va madaniyatiga muhabbat hamda hurmat ruhida tarbiya qilinsa, unda vatanparvarlik hissi yuqori bo‘ladi. Vatan hissi insonga Vatanidan olisda bo‘lganida yaqqol seziladi.
Har bir yurtdoshimiz, qaysi sohada xizmat qilishidan qat’i nazar, Vatan oldidagi farzanlik burchini to‘liq anglagan holda, o‘zining ma’naviy kamoloti uchun mas’uliyatni his etishi, shaxsiy manfaatlarini shu yurt, shu xalq manfaatlari bilan uyg‘unlashtirib yashashi va Vatan ravnaqi uchun munosib hissa qo‘shishga harakat qilmog‘i lozim. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev “Vatanparvarlik har bir davlat hayotining ma’naviy asosi hisoblanadi va jamiyatni har tomonlama rivojlantirish borasida eng muhim safarbar etuvchi kuch sifatida namoyon bo‘ladi”, degan so‘zlari bugun o‘z isbotini topmoqda.
Uchrashuvda yoshlar harbiylarga soha yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildilar. Harbiylar har bir savolga hayotiy misollar bilan javob berdilar. Uchrashuv yakunida o‘quvchilarga turli badiiy va ilmiy kitoblar sovg‘a qilindi.
Vahobjon Davletov, 36-sonli maktabning Fizika fani o‘qituchisi.