Ma’lumki, ijtimoiy tarmoqlarda Amudaryo tumani qishloq xo‘jaligi yerlaridan unumli foydalanilmayotgani natijasida yerlar sho‘rlagani, qishloq xo‘jaligi ekinlariga suv yetishmayotganligi mazmunidagi videomurojaat tarqalgan bo‘lib, tegishli mas’ullar ushbu murojaat yuzasidan o‘rganish ishlarini olib bordilar.
O‘rganishlar natijasida aniqlanishicha, videotasvirdagi yer maydonlari “Allaniyazov Nurjan” fermer xo‘jaligi ijarasidagi yerlar bo‘lib, ushbu fermer xo‘jaligi paxtachilik-g‘allachilik yo‘nalishida faoliyat yuritib kelmoqda. Fermer xo‘jaligi shartnoma asosida ijaraga olgan yer uchastkalaridan qat’iy belgilangan maqsadda foydalangan holda qishloq xo‘jaligi mahsulotini yetishtirish bilan shug‘ullanib kelmoqda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi qarori asosida qabul qilingan tuman hokimining tegishli qarori bilan belgilangan maydonga paxta chigiti ekilib, paxtachilik klasteri bilan tuzilgan kontraktatsiya shartnomasiga asosan belgilangan majburiyatlarni fermer xo‘jaligi o‘z vaqtida amalga oshirib kelayotganini ma’lum qilamiz.
Videotasvirda shaxsning qadr-qimmati kamsitilishiga, obro‘sizlanishiga olib keluvchi qator asossiz fikr-mulohazalar keltirilgan bo‘lib, yolg'on axborotni Internet orqali tarqatish O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksiga asosan belgilangan tartibda javobgarlikka sabab bo‘lishini eslatib o‘tamiz.