28 oktabr kuni Amudaryo tumani muhandislik texnikumida yoshlarni qonunchilikdagi yangiliklar bilan tanishtirish, ularning huquqiy madaniyatini oshirish, yoshlar o‘rtasida jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish, yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolishlariga qarshi kurashish maqsadida tumandagi huquqni muhofaza qiluvchi organlar mas’ullari yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda Jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudi raisi Jasur O‘razboyev, Fuqarolik ishlari bo‘yicha tuman sudi raisi Qayrulla Atamuratov, tuman prokurori yordamchisi Abbos Niyozimbetov, Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi boshlig‘i Nilufar Jumaniyazova, «Madad» muassasa shaklidagi nodavlat notijorat tashkiloti Amudaryo tumanidagi huquqiy maslahat byurosi bosh mutaxassisi Davron Pirmanov, tuman IIB voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha inspektor psixolog O‘ktam Sitboyev, tuman Ichki ishlar bo‘limi profilaktika inspektori Miyirbek Uzaqbergenovlar ishtirok etdilar.
Muhandislik texnikumida ta’lim olayotgan bir guruh yoshlarni jalb qilgan holda tashkil etilgan uchrashuvda Jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudi raisi Jasur O‘razboyev yoshlar o‘rtasida sodir etilayotgan jinoyatlar, ularni keltirib chiqaruvchi sabablar va omillar, turli jinoyatlarning salbiy oqibatlari, jinoyatlar bo‘yicha qat’iy javobgarlik belgilanishi xususida atroflicha ma’lumot berdi.
Ta’kidlanganidek, yoshlar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish masalasi bugungi kunda yoshlarga oid davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Shu ma’noda mamlakatda huquqni muhofaza qiluvchi organlar, vazirlik va idoralar hamda nodavlat notijorat tashkilotlari bilan birga jamoatchilik vakillari tomonidan yoshlarning siyosiy faolligini oshirish, huquqiy ongi va madaniyatini rivojlantirish hamda yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikni oldini olish borasida tashkil etilayotgan targ‘ibot-tashviqot ishlari salmog‘i tobora ortib bormoqda.
Tumanimiz yoshlari bilan o‘tkazilgan targ‘ibot uchrashuvida Fuqarolik ishlari bo‘yicha tuman sudi raisi Qayrulla Otamuratov yoshlar o‘rtasida erta nikoh qurishning salbiy oqibatlari, oilaviy ajrimlar sonining ko‘payishiga olib kelayotgan omillar, farzandning ota-ona oldidagi burch va majburiyatlari xususida keng turda tushunchalar berib o‘tdi.
Uchrashuvda tuman yuridik xizmat ko‘rsatish markazi boshlig‘i Nilufar Jumaniyazova Davlatimiz rahbarining “Davlat organlari va tashkilotlariga yuridik xizmat ko‘rsatish faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori bilan shahar va tuman adliya bo‘limlari huzurida davlat tashkilotlariga yuridik xizmatlar ko‘rsatish markazlari tashkil etilganligi, shuningdek, shu yil 1 oktabrdan Amudaryo tumanida ham Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi o‘z faoliyatini boshlaganligi haqida ma’lumot berib, yoshlarga huquqiy maslahat va ko‘mak lozim bo‘lsa, markazga murojaat qilishlari lozimligi hamda markazdagi xodimlarning bu borada samarali faoliyati yo‘lga qo‘yilgani xususida so‘z yuritdi.
Shuningdek, uchrashuvda yoshlarga mehnat qonunchiligidagi qator yangiliklar, yoshlar bandligini ta’minlashda yaratilayotgan imkoniyatlar, kelajak egalari bo‘lgan yoshlarning sifatli ta’lim-tarbiya olishlari barkamol avlod bo‘lib voyaga yetishlariga qaratilgan e’tobor haqida so‘z yuritildi. Yoshlar turli masalalar bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan savollarga aniq javoblar oldilar hamda qiziqishlari, ozru-istak va maqsadlari bilan o‘rtoqlashdilar.
Tuman hokimligining Axborot xizmati.