Dunyoda ommaviyligi bo‘yicha futboldan so‘ng ikkinchi o‘rinda turadigan dzyudo – yakka kurash sport turining vatani Yaponiyadir. Ushbu sport turi bo‘yicha ilk maktab ochgan ushbu yakkakurash asoschisi Dzigoro Kano sharafiga bu o‘yin dzyudo deb nomlangan.
Yaponiyada ushbu milliy sport turi juda ommalashgan, hatto 1907 yildan boshlib u maktab dasturiga majburiy fan sifatida kiritilgan. 1964 yildan xalqaro olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritilgan dzyudoga mamlakatimizda ham ulkan e’tibor qaratilmoqda. Bu qator olimpiya va jahon chempionatlarida yurtdoshlarimiz, tumanimiz sportchilari qo‘lga kiritayotgan yutuqlarda ham namoyon bo‘lmoqda.
Dzyudo asoschisi Dzigoro Kano tavallud topgan kun sharafiga butun dunyoda 28 oktabrda Butunjahon dzyudo kunini keng nishonlash an’anaga aylanib qolgan. Shu munosabat bilan tumanimizda ham har yili sana ulkan tantana qilinadi. Bu bejiz emas. Chunki tumanimizdan ham dzyudo bo‘yicha taniqli sportchilar, Yevropa, Osiyo chempionati, xalqaro turnirlar g‘olib va sovrindorlari, “Tokio - 2020” olimpiya o‘yinlari ishtirokchisi yetishib chiqqan.
2020 yilda Butunjahon dzyudo kuni “Daraxt ek” shiori ostida o‘tkazilgan bo‘lsa, joriy yilda ushbu sana “Birdamlik” shiori ostida o‘tkazildi.
Shu munosabat bilan 28 oktabr kuni tuman Bolalar-o‘smirlar sport maktabida ham tantanali tadbir tashkil etildi.
Tadbirga sport maktab trenerlari, tarbiyalanuvchilari va ko‘pgina xalqaro musobaqalar g‘olibi, “Tokio - 2020” olimpiya o‘yinlari ishtirokchisi, ushbu maktabda ilk dzyudo saboqlarini olgan Sharofaddin Boltaboyev ishtirok etdi.
Butunjahon dzyudo kuniga bag‘ishlangan tadbirni sport maktabi direktori Chorsham Tojimurodov ochdi va yig‘ilganlarni bayram bilan qizg‘in qutladi, mahoratli dzyudochilarni tarbiyalab voyaga yetkazayotgan murabbiylarning mashaqqatli ishlarida muvaffqiyatlar tiladi.
Mamlakatimizda bugungi kunda sportning barcha turlarini rivojlantirish hamda uning ommaviyligini ta’minlash borasida salmoqli ishlar olib borilmoqda. Xususan, dzyudo bilan shug‘ullanuvchi yoshlar safi ham tobora kengaymoqda. Tumanimizda faoliyat yuritayotgan Bolalar-o‘smirlar sport maktabi ham umidli sportchilarni tarbiyalashga xizmat qilmoqda.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, ushbu sport maktabida 1360 nafar o‘smir o‘quvchilar sportning 17 turi bilan shug‘ullanishayotgan bo‘lsa, shuning 250 nafardan ziyodi aynan sportning dzyudo turini tanlashgan. Ularga 7 nafar tajribali murabbiylar mashg‘ulotlar olib borishayapti.
Shu boisdan ham Butunjahon dzyudo kuni har yili sport maktabda ulkan bayram qilinadi. Joriy yilgi tantanali tadbir ham yosh dzyudochilar va murabbiylarga juda yuqori kayfiyat bag‘ishladi.
Tadbir so‘ngida Sharofiddin Boltaboyev sport maktabning dzyudo bilan shug‘ullanayotgan yosh sportchilariga mahorat darsi o‘tdi va o‘zining ushbu dargohda tarbiyalangan davrlari bosib o‘tgan shonli sport yo‘li haqida gapirib berib, ularni yangi-yangi g‘alabalar sari ruhlantirdi.
Oygul RAJABOVA.